Bolalar va o‘smirlar salomatligi yo‘lida
Respublika ixtisoslashtirilgan Akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bolalar va o‘smirlar salomatligini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar xodimlari, tibbiyot yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tadqiqot muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi F.Rajabov, Respublika ixtisoslashtirilgan Akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori S.Sultonov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning prinsipial yangicha yondashuvlari ishlab chiqilgani, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, jismoniy va ma’naviy barkamol avlodni voyaga yetkazishga xizmat qilayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda tibbiy-ijtimoiy sohalarda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlar aholi, jumladan, onalar va bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirishda dasturilamal bo‘layotir. Birlamchi tibbiy-profilaktika muassasalari, ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya, pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, perinatal, reproduktiv salomatlik markazlari, hududlarda bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari tomonidan bu yo‘nalishda aholiga keng ko‘lamli tibbiy xizmat ko‘rsatilayotir.
Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmovchiligi tufayli kelib chiqadigan kasalliklarning oldini olish, oziq-ovqat mahsulotlarini foydali moddalar bilan boyitish, homilador ayollarni polivitaminlar bilan ta’minlash, oilalarda ratsional ovqatlanish madaniyatini yuksaltirish borasida olib borilayotgan targ‘ibot ishlari tobora takomillashmoqda.
Bunday chora-tadbirlar natijasida aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash, onalar va bolalar o‘limi, kasalliklarni kamaytirish, sog‘lom bolalar ko‘rsatkichini oshirishga erishilmoqda.
Davra suhbatida bolalar va o‘smirlar salomatligini yaxshilashga oid huquqiy asoslarni takomillashtirish, tibbiyot muassasalari moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, yuqori texnologiyali tashxis qo‘yish hamda davolash usullarini amaliyotga tatbiq etish, profilaktika chora-tadbirlari ko‘lamini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, erishilayotgan yutuqlar va istiqboldagi vazifalar xususida fikr almashildi.
Z.MAMATQULOVA