Oziq-ovqat allergiyasidan ko‘proq kichkintoylar aziyat chekadi(mi?)
Sut, tuxum, baliq, parranda go‘shti, sitrus mevalar…. Bularning barchasi — ming dardga davo ne’matlar. Tarkibda hayot uchun zarur ko‘plab vitaminlar mavjud.
Shunga qaramay, ba’zi insonlar bu shifobaxsh mahsulotlarni iste’mol qilsa, hayoti va salomatligi xavf ostida qolishi mumkin. Xo‘sh, nega?
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikova bilan shu mavzu, ya’ni oziq-ovqat mahsulotlari allergiyasi xususida suhbatlashdik.
– Oziq-ovqat allergiyasi mahsulotlar tarkibidagi oqsillar, ba’zan oqsilsimon moddalar ta’sirida vujudga keladi, – deydi I.Razikova. – Uni ma’lum bir taom, yegulik yoki noz-ne’mat iste’molidan so‘ng darhol paydo bo‘ladigan immunitet tizimi reaksiyasi sifatida baholash mumkin.
Odatda allergiyaning ushbu turidan ko‘proq bolalar, xususan emizikli go‘daklar aziyat chekadi. Kattalarda esa xastalik nisbatan kam uchraydi. Allergiyaning asl sababi immunitetning genetik darajada buzilishi hisoblanib, u nasl suradi yoki favqulodda paydo bo‘ladi.
Bolalardagi kasallik rivojlanishiga ko‘pincha onaning homiladorlik yoki emizikli davrida noto‘g‘ri ovqatlanishi sabab bo‘ladi. Aytaylik, ayol homiladorlik paytida haddan ziyod ko‘p tuxum iste’mol qilsa, oradan ma’lum vaqt o‘tib bolada aynan shu mahsulotga nisbatan allergiya paydo bo‘lishi ehtimoli mavjud.
Bundan tashqari, chaqaloqning ko‘krak suti o‘rniga, sun’iy aralashmalar bilan oziqlantirilishi yoki chala tug‘ilishi, oshqozon-ichak tizimi, o‘t yo‘llari yoki jigar xastaliklari oziq-ovqat allergiyasini keltirib chiqaruvchi omillar sirasidan.
Qolaversa, sigir suti – allergen mahsulot. Tarkibida 40 dan ortiq oqsil guruhlari bo‘lib, asosiy qismi kazeinlar va zardob oqsillaridan iborat. Unda allergiyaga sababchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan f2, Bos d 4, Bos d 5, Bos d 6, Bos d 8, Bos d 9, Bos d 10, Bos d 11, Bos d 12 allergenlari mavjud.
Ularga 2-3 foiz emizikli bolalarda allergiya uchraydi. O‘g‘il-qizlar 5 yoshga kirgach, 80 foizida mazkur holat yo‘qoladi. Olti yoshga kelib esa 100 nafar boladan 1 nafaridagina sigir sutiga nisbatan allergiya kuzatilishi mumkin.
Kattalar ham ba’zan bu turdagi allergiyadan aziyat chekadi. Misol uchun, ayrim kishilarda taomlarga hid, rang va ta’m bag‘ishlash maqsadida solinadigan qo‘shimchalar, xususan, sariq-tillarang ko‘rinish beradigan tartrazin allergik reaksiya paydo qiladi. Natriy nitrat, natriy glyutamat va salitsilatlarni ham shular sirasiga kiritish mumkin.
Oziq-ovqat allergiyasining xatarli tomoni, allergenning oz miqdori ham inson hayotiga xavf tug‘dirishi, anafilaktik shok holatini keltirib chiqarishi mumkin.
– Qanday oziq-ovqat mahsulotlari kuchli allergik reaksiyaga sabab bo‘ladi?
– Ma’lumotlarga ko‘ra, oziq-ovqat mahsulotlari orasida faqat tuz va shakargina allergen hisoblanmaydi. Qolgan har qanday noz-ne’mat qaysidir o‘rinda yoki darajada allergiyaga sabab bo‘lishi mumkin.
Tovuq tuxumi keng tarqalgan allergenlar jumlasidan. U bolalarda uchraydigan oziq-ovqat allergiyasining sababchilaridan biri hisoblanadi. Tarkibida proteinlar, suv, yog‘ va oqsillar mavjud.
Oqsillar guruhlari ovalbumin, ovomuyeoid, ovotransferrin va ovomutsinlarni o‘z ichiga oladi. Ular molekulyar darajada o‘rganilganda, Gal d1, Gal d2, ovomukoid, Gal d3, Gal d4 allergenlari allergik reaksiyalarga sabab bo‘lishi o‘rganildi.
Ba’zilar tuxum oqini bemalol iste’mol qiladi-yu, sarig‘ini ko‘tara olmaydi yoki aksincha. Tuxum qaynatilgan yoki qovurilganda, oqining antigen xususiyati kamayadi.
Bunday kishilarda boshqa parranda tuxumlari ham bir xil reaksiya paydo qiladi. Tuxumga allergiyasi bor kishilarning aksariyatida tovuq katagi yoki parranda fermasi hidiga allergiya holati kuzatiladi.
Baliq – kuchli antigen. Bu mahsulotga allergiyasi bor kishilar hayotiga uni tayyorlash jarayonida taraladigan hid ham xavf tug‘dirishi ehtimoli bor.
Baliq go‘shtida parvaalbumin va tropomiozin oqsil guruhlari mavjud. Molekulyar darajadagi o‘rganishlar uning tarkibida allergiyaga sababchi bo‘lishi mumkin Cyp c1, Gad c 1, Gad m 1 allergenlari borligini tasdiqladi.
Bug‘doy va soya ham ba’zida allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi. Masalan, dukkakli o‘simliklardan olinadigan soya mahsulotiga allergiyasi bor bemorlarda ko‘pincha sigir sutiga ham allergik reaksiya kuzatiladi.
Soya tarkibini molekulyar darajada o‘rganish natijasida uning tarkibida allergiyaga sababchi bo‘lishi mumkin bo‘lgan Gly m 1, Gly m 5, Gly m 6 allergenlari mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Go‘sht mahsulotlari orasida esa parranda go‘shti boshqalariga nisbatan ko‘proq antigen xususiyatga ega.
Meva-sabzavotlar o‘rtasida sitrus mevalar, qulupnay va yertut ko‘proq allergiya qo‘zg‘aydi. Yong‘oqqa allergiyasi bo‘lganlarning aksariyati esa ushbu meva daraxti changiga ham ta’sirchan bo‘ladi.
Ayniqsa, yeryong‘oq kuchli allergen hisoblanadi. Bu mahsulot ko‘p hollarda anafilaktik reaksiyaga sabab bo‘ladi.
Shokolad, kakao, javdar, jo‘xori, guruch, arpa kabi mahsulotlar esa kuchsiz antigen xususiyatga ega bo‘lib, jiddiy asoratlarni keltirib chiqarmaydi.
– Oziq-ovqat allergiyasi qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?
– Oziq-ovqat allergiyasi belgilari odatda taomlangandan bir necha daqiqadan ikki soatgacha rivojlanadi. Simptomlar bemorning yoshi va immuniteti holatiga bog‘liq. Asosiy alomatlar esa terida toshma, qichishish, shish yoki achishish bilan namoyon bo‘ladi.
Og‘iz bo‘shlig‘ida esa shilliq pardaning shishishi, allergik rinit, ya’ni burun bitishi, aksirish va burundan suv kelishi, yo‘tal, nafas qisishi, ko‘zlarning yoshlanishi va qizarishi, ko‘ngil aynishi kuzatilishi mumkin. Ba’zan bu turdagi allergiya belgilariga ko‘ngil aynishi va qayt qilish, ich ketishi, qorin sohasidagi og‘riqlar ham xos.
Allergiya mahali odatda toshma – eshakemi ko‘rinishida paydo bo‘lib, qattiq o‘zakli qizil tusli toshma, shish va qichishish bilan kechadi.
Emizikli bolalarda ovqat allergiyasi atopik dermatit sabab qator qo‘shimcha alomatlarga ega. Masalan, teri qurishqoqligi, bolaning anal sohasida emizgandan keyin kuchayadigan qizarish shular sirasidan.
Ba’zi odamlarda oziq-ovqat allergiyasi jiddiy alomatlar – bronxial obstruksiya, ko‘krak qafasidagi siqilish, nafas olishning qiyinlashishi, qon bosimining keskin pasayishi, bosh aylanishi yoki xushni yo‘qotish kabi hayot uchun xavfli alomatlar bilan kechishi mumkin.
Shu sababli oziq-ovqat allergiyasidan aziyat chekadigan yoki bunga moyil kishilar mutaxassislar ko‘rigidan o‘tib, ularning tavsiya va ko‘rsatmalariga qat’iy amal qilishlari shart.
Umuman, allergiyaning tabiiy davo usuli, avvalo, to‘g‘ri ovqatlanishdir. Bemor allergen chaqiruvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan tiyilishi va voz kechishi lozim.
Parhez orqali sekin-asta, ammo ishonchli ravishda allergiyani yengish mumkin. Qolaversa, allergiya profilaktikasining yagona yo‘li – to‘g‘ri ovqatlanish. Bunga kattalar ham, bolalar ham amal qilishi zarur.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati