Bolamga qanday sovg‘a olsam ekan?..
Qor yog‘ayapti. Osmon bor saxovatini zaminga nisor etmoqda. Yerning farzandlari azim daraxtlar bu hayajonni ko‘tarolmay boshini eggan. Atrofda bolalarning sho‘x qiyqirig‘i, shodon kulgusi jaranglaydi. Ular boboni chaqirishadi. Ammo afsonaviy Qorbobo “ha” deganda kelavermaydi. Jajji qalb egalari qayerdan bilsin?! Qorboboning manzili ham olis-da. U tog‘u toshlardan oshib, O‘zbekiston farzandlariga arzirli sovg‘a olib kelishi kerak. Bu bolalar Temuriy qudrat, Alisheriy zakovat, Boburiy matonatga ega. Ular erkin fikrlovchi avlod. Xuddi katta odamlardek mushohada yuritadi. Keksalar nabiralari aytgan gapdan hayratlanib, “Istiqlol bolasida, burroligini qarang”, degancha maqtanadi.
Darhaqiqat, Yangi yil bayrami jajji qalblarga bir olam quvonch ulashadi. Ularning mo‘jizaga bo‘lgan ishonchini mustahkamlaydi. Har bir kishi borki, bolaligida Qorbobo kelishini, undan bir-biridan chiroyli va betakror sovg‘alar olishni orziqib kutgan. Eshikka termulib-termulib uxlab qolganida erta tongdanoq uy to‘rida bezatilgan archa ostidan bejirim sovg‘alarni olib quvongan, Qorbobodan cheksiz minnatdor bo‘lgan.
Ha, Yangi yil yaqinlashgan sari ota-onalar farzandiga qanday sovg‘a olish haqida bosh qotiradi. Bolasining qiziqishlarini o‘rgana boshlaydi.
– Qorbobo koptok sovg‘a qilishini juda istaganman, – deydi oilasi bilan bayram oldi sayrga chiqqan Sarvar Murodov. – Azbaroyi bu istak futbol o‘ynashga qiziqishim tufayli paydo bo‘lgan. Go‘yo Qorbobo menga to‘p sovg‘a qilsa mohir futbolchi bo‘lib yetishaman, deb o‘ylaganman. Ota-onamga har safar koptok olib berishlarini so‘rasam, ular buni o‘yinqaroqlikka yo‘yishgan. Bugun o‘zim farzandimga nima sovg‘a qilish haqida bosh qotirayapman. Axir, Yangi yil sovg‘asi unutilmas bo‘lishi bilan birga bolaning kelajagiga ham ijobiy ta’sir qilishi zarur.
Xalqimiz urf-odatlarni qadrlaydi. Milliy mentalitetga xos xislatlarni bolasida ham ko‘rishni istaydi. Qolaversa, bu an’analar “suyak surishi” ham bor gap. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi”, deydi dono xalqimiz. Qizaloqlar qo‘g‘irchog‘ini bag‘riga bosib erkalashi, unga chuchuk tili bilan allalar aytishi ehtimol shundandir.
– Qorbobo menga chiroyli qo‘g‘irchoq sovg‘a qilishini xohlayman, – deydi maktab yoshiga yetayotgan Muxlisaxon. – Sochi jingalak, ko‘zlari moviy bo‘lsa, yana yaxshi. Men xuddi oyijonimdek uni erkalab uxlataman. Unga shirin-shirin ovqatlar pishirib beraman. Ertaklar aytaman. Keyin dori solinadigan quticha sotib olaman. U shamollab qolsa, o‘zim davolayman. Shunday qilsam, qo‘g‘irchog‘im yana og‘rimaydi. O‘zim ham katta bo‘lsam shifokor bo‘laman. Kasal bo‘lgan qo‘g‘irchoqlarni davolayman.
Har bir ota-ona borki, bolasining kamolini ko‘rishni istaydi. U erkin ulg‘ayishi uchun zarur shart-sharoitni muhayyo qilishga harakat qiladi. Bu borada o‘yinchoqlar masalasiga ham alohida e’tibor berish maqsadga muvofiqdir. Zero, psixologlarning fikricha bolaning kelajakdagi taqdiriga ko‘proq ilk sovg‘a sabab bo‘lar ekan.
– Ayrim ota-onalar farzandiga to‘pponcha, plastmassa qilich va shunga o‘xshash o‘yinchoqlarni olib berishadi, – deydi psixolog Zebuniso Ahmedova. – Bu esa bolaning shafqatsiz bo‘lib ulg‘ayishiga olib kelishi mumkin. Ayniqsa, “ommaviy madaniyat” jahon afkor ommasini tashvishlantirayotgan bugungi davrda bu kabi omillardan saqlanish zarur. Zero, bugungi bola ertangi kunimizning poydevoridir. Uning dunyoqarashi keng bo‘lishi, zamon bilan hamnafas yurishi, chuqur bilim egallashiga nafaqat ota-ona, balki hammamiz birdek mas’ulmiz. Shunday ekan, bolaga ko‘proq yaxshi xislatlarni shakllantiradigan sovg‘alar ulashish maqsadga muvofiqdir. Jajji qalb egalarining qiziqishi kattalarnikidan ko‘ra kuchliroq bo‘ladi. Chunki, u hali ko‘p narsalardan hayratlanadigan, tashvishsiz davrda yashaydi. Har bir bola orzusini katta voqeadek tasavvur qiladi. Shu bois uning mayllarini inobatga olish, istagan sovg‘alarini imkon qadar olib berish kerak. Aks holda qiziqishlari so‘na boshlaydi. Unda har bir hodisaga sovuqqon munosabat shakllanadi. Farzandlarimizni ma’nan va jismonan sog‘lom qilib tarbiyalash bosh maqsadimiz. Zero, kelayotgan 2014 yilning Prezidentimiz tomonidan Sog‘lom bola yili, deb e’lon qilinishi zamirida ham ana shunday ezgu g‘oya mujassam.
Bahodir HALIMOV