Agar ko‘zingizda katarakta boshlansa…
Inson ko‘z kasalliklariga uchramasligi uchun nima qilishi lozim? Unga ko‘zni asrab-avaylash bilan bog‘liq qanday ma’lumotlar kerak bo‘ladi? Biz shu haqida gazetxonlarni tibbiy ma’lumotga ega qilish maqsadida tibbiyot fanlari nomzodi, oftolmolog Ravshan MIRXALIKOV bilan suhbatlashdik:
– Ma’lumotlarga ko‘ra, ko‘z ojizligiga olib keluvchi asosiy sabablarning 50 foizini aynan katarakta kasalligi tashkil etar ekan. Shu to‘g‘rimi?
– Ha. Katarakta kasalligi ko‘z kasalliklaridan biri bo‘lib, bu xastalikda ko‘z gavharining xiralashishi va ko‘rish qobiliyatining pasayishi kuzatiladi. Dunyoda katarakta kasalligiga aholining 3 foizi, asosan, yoshi qirq-ellik yoshdan o‘tganlar uchraydi.
Mamlakatimizda tibbiyotning zamon talablari darajasida rivojlanayotgani, tibbiyot muassasalarining ilg‘or zamonaviy-tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlanayotgani tufayli katarakta lazer jarrohligi yo‘li bilan osongina olib tashlanmoqda. Kataraktaning boshlang‘ich davrida ultratovush bilan davolash usuli qo‘llanilmoqda. Katarakta olib tashlangandan so‘ng ko‘z nurini tiklash maqsadida suniy gavhar-introokulyar linzasi qo‘yiladi. Bu yumshoq linzalar ko‘zga butun umrga o‘rnatiladi va linzalar hech qanday zararsiz bo‘lib, ular insonga tabiiy gavhar kabi yaqin va uzoq masofani ko‘zoynaksiz ko‘ra olish imkoniyatini beradi.
– Katarakta xastaligini qanday aniqlash mumkin?
– Agar biz ko‘zni fatoapparat deb tasavvur qiladigan bo‘lsak, ko‘z gavhari ob’yektivlik vazifasini o‘taydi. Qachonki, ko‘z gavhari sog‘lom bo‘lib, yaxshi ishlasa, atrofdagi narsalarni yaqqol, aniq-tiniq ko‘ra olamiz. Agar ko‘z gavhari xiralashib qolsa, ko‘rish qobiliyati yomonlashadi. Bu holat katarakta deyiladi.
Katarakta qarilik belgisi va u oddiy jarayon hisoblanadi. Bu kasallik ko‘z kasalliklari orasida eng ko‘p uchraydigan tur bo‘lib, qirq va undan ortiq yoshga kirgan kishilarda tabiiiy ravishdagi ko‘rish qobiliyatining pasayishi bilan kechadi. Bundan tashqari, yoshga bog‘liq kataraktadan tashqari, gavharga biror shikast yetganlik natijasida ham ko‘z xiralashishi mumkin. Masalan, ma’lum turdagi nurlanishlar, ba’zi dorilarni qabul qilish, diabet, miotoniya, glaukoma va uzoqni ko‘ra olmaslik kabi ko‘z kasalliklari tufayli ham ko‘z xiralashishi mumkin.
– Kataraktada ko‘zda qanday xastalik holatlari kuzatiladi?
– Katarakta xastaligida bemorning ko‘z gavhari o‘z shaffofligini yo‘qotib, yorug‘lik nurlarining bir qismi to‘rpardaga yetib kelmaydi. Natijada, ko‘z xiralasha boshlaydi. Kataraktada ko‘rish qobiliyatining pasayishi yoki umuman yo‘qolishi, ko‘z o‘ngida oq parda yoki to‘q dog‘lar paydo bo‘lishi, ko‘rish shaklining buzilishi, bitta narsaning ko‘p bo‘lib ko‘rinishi, yorug‘likka o‘ta sezuvchanlikning (miopiya) paydo bo‘lishi yoki kuchayishi, ko‘z bosimining ortishi, og‘riqlar paydo bo‘lishi holatlari kuzatiladi. Xastalikka chalinish xavfini oshiruvchi omillarga genetik moyillik, modda almashinuvining buzilishi, qandli diabet, avitaminoz, ultabinafsha nurlardan ta’sirlanish, noqulay ekologik muhit ham sababchi bo‘lishi mumkin.
– Katarakta xastaligini davolashning konservativ usullari ham bormi?
– Bu xastalikning oldini oluvchi va uni davolovchi samarali dori vositalari hali mavjud emas. Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti mutaxassislari katarakta xastaligini davolashning yagona va samarali usuli – bu jarrohlik amali ekanligini tasdiqlaydilar. Shu bois xastalik jarrohlik amaliyoti orqali to‘liq tuzalib ketishiga erishilmoqda.
– Katarakta xastaligi qaysi davrda operatsiya qilinadi?
– Ba’zi ko‘z mutaxassislarida «ko‘z butunlay ko‘rmay qolganda, ya’ni katarakta yetilganida operatsiya qilish kerak», degan yanglish fikrlar uchraydi. Biz esa tajribalarga asoslanib, qo‘llaniladigan ilg‘or usul, ya’ni uni yetilgunicha ortiqcha kutmasdan, kataraktaning dastlabki bosqichidayoq ko‘rish qobiliyatini qayta tiklash imkoniyatini qo‘llaymiz. Shuningdek, ikkilamchi glaukoma (ko‘z bosimi) bilan murakkablashgan katarakta holatlarida ham tezkor operatsiya qo‘llanilishi kasallikni bartaraf etishda yaxshi natijalarni bermoqda.
– Xastalikni davolashni qanday usullari mavjud?
– Kataraktani davolashning turli usullari mavjud. Ular ko‘z tomchilari bilan davolash va jarrohlik yo‘li bilan davolash usulidir. Jarrohlik amaliyotining maqsadi bitta – xiralashgan ko‘z gavharini olib tashlash va o‘rniga sun’iy gavhar qo‘yishdir.
Konservativ davolash usuli odatda kasallik rivojlanishini vaqtincha to‘xtatib turishi mumkin, ammo butunlay davolay olmaydi. Shu bois konservativ davolash kataraktaning boshlang‘ich davrida qo‘llanilinadi. Shunday holatlar ham bo‘ladiki, ba’zan jarrohlik amaliyotini ham qo‘llab bo‘lmaydi. Bunda lazer davolashning asosiy usuliga aylanadi. Katarakta uzoq davom etuvchi kasallik hisoblanganligi bois tomchilar bilan davolash davomiy qo‘llanilishi kerak. Kataraktadagi ko‘z tomchilari faqat oftamolog tomonidan tavsiya etiladi.
– Qanday omillar kataraktaning yetilishiga sabab bo‘ladi?
– Davolash jarayonidagi tanaffuslar katarakta yetilishiga sabab bo‘ladi. Bunday hollarda zamonaviy usullaridan biri hisoblangan – ultratovush fakoemulsifakatsiyasidan foydalaniladi. Unda sun’iy gavhar hech qanday choralarsiz kichik kesish orqali qo‘yiladi.
Katarakta xastaligining rivojlanishi gavharning suvsizlanishi bilan bog‘liq. Suvsizlanish natijasida gavhar kerakli ozuqani ololmaydi. Boshqa xastaliklar kabi kataraktaning kelib chiqishi ham ovqatlanish tartibi va mahsulotlar sifatiga bog‘liq ekanligini unutmaslik lozim. Ko‘z nuri uchun vitamin S juda foydali. U erkin radikallar shikastlanishining oldini oladi.
– Fakoemussifikatsiya va intraokulyar linza kiritish usulining afzalliklari nimada?
– Fakoemussifikatsiya va intraokulyar linza kiritish usuli quyidagi afzalliklarga ega. Bu usul boshqa kasalliklarni qo‘zg‘atmagan holda ko‘rish qobiliyatining keskin yaxshilanishi, operatsiyadan keyingi tiklanish davrining qisqarishi, ijobiy va barqaror natija berishi, katarakta yetilishini kutmasdan tiklash imkoniyatlarini beradi.
– Kontakt linza taqishning afzalliklari nimada?
– Ayrim yigit-qizlar ko‘zlaridagi nuqson, uzoq va yaqinni yaxshi ko‘ra olmaslik, shoh parda kasalliklarini bartaraf etish, ko‘zoynak taqib yurishdagi noqulayliklardan xalos bo‘lish va ko‘zni pardozlab ko‘rsatish maqsadida linzalardan foydalanishmoqda. Kontakt linzalar ko‘z refraksioanomaliyalari holatida, kosmetologik maqsadlarda, ba’zan davolanish uchun tavsiya etiladi. Shifokor bemordagi ko‘z holati va ish sharoitini baholab, linza taqish yoki taqmaslikka maslahat beradi. Linzadan foydalanishda gigiyenaga rioya etish lozim.
– Ko‘z xiralashishidan noliydigan katta yoshdagi kishilar necha yoshdan boshlab ko‘zoynak taqishlari mumkin?
– Inson qirq yoshdan so‘ng yaqindan ko‘rish uchun ko‘zoynak taqishi tabiiy hol. Chunki bu gavharda yuzaga keladigan yoshga xos o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘ladi. Shu bois bu yoshdagilar ko‘z shifokori ko‘rigidan o‘tib turishlari, ko‘zni asrash va zo‘riqtirmaslik uchun shifokor tavsiya etgan ko‘zoynaklarni taqishlari lozim.
– Kompyuterning ko‘zga ko‘rsatadigan salbiy tomoni haqida ma’lumot bersangiz.
– Texnika taraqqiyoti tufayli hayotimizga mobel telefonlari, kompyuter kabilar kirib keldi. Haddan ziyod kompyuterga bog‘lanib qolish, soatlab uning oldida o‘tirish ko‘zga salbiy ta’sir etmasdan qolmaydi. Bolalar kompyuter qarshisida 7-8 soatlab o‘tirsa, albatta, ko‘z refraksiyasi buziladi. Shu bois 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni kompyuter yoki televizor ekrani oldida uzoq vaqt o‘tirishdan asrashimiz lozim. 13-16 yoshdagi bolalar esa har 2 soatda kompyuterdan tanaffus e’lon qilib, ko‘zlarni yon-atrofdagi boshqa narsalarga chalg‘itish, ko‘zni har tomonga o‘ynatishga odatlanish lozim.
– Ko‘zni ravshanlashtirish uchun qanday mashqlarni tavsiya etasiz?
– Bunda ko‘z soqqasini o‘ynatuvchi mashqlar tavsiya etiladi. Masalan, stol tennisi o‘ynashga odatlanish yoki sharikchani kuzatish ko‘z uchun yaxshi gimnastika hisoblanadi. Deraza oynasiga biror narsani qo‘yib, unga yaqindan va uzoqdan qarash, yashil maysazorga tikilish ham ko‘zga dam beradi. Shuningdek, har kuni o‘rtadagi uchta barmoqlar bilan qovoqni sekin bosib, ko‘zlarni yumish ko‘zdagi sirkulyasiyani yaxshilaydi.
Maryam AHMEDOVA suhbatlashdi