Soch parvarishida qanday vitaminlar muhim?
Vaqti-vaqti bilan har bir qiz bola sochlari odatdagidan sekinroq o‘sayotganini sezadi. Bundan tashqari, sochlar to‘kilishi, quruqlashishi va mo‘rtlashishi mumkin. Ba’zida nafaqat sochlar, balki teri va tirnoqlar ham yomon holatga keladi. Bunday vaziyatda nima qilish kerak? Soch to‘kilishida birinchi o‘rinda, tanangiz yetarli miqdorda vitamin va minerallar olishiga ishonch hosil qiling. Soch o‘sishi uchun qanday vitaminlar kerak? Quyida sochlar o‘sishi uchun zarur bo‘lgan vitaminlarni keltirib o‘tamiz.
Farmatsevtika bozorida turli xil maqsadli multivitaminlar mavjud. Biroq, tayyor vitaminlar haqida emas, balki soch o‘sishi uchun eng arzon va samarali oziq-ovqat tarkibiga kiruvchi vitaminlarni ko‘rib chiqamiz. Ularni siz o‘z ratsioningizga qo‘shishingiz mumkin.
Soch o‘sishi va mustahkamlanishi uchun
B vitaminlari, ular soch o‘sishi uchun javobgardir. Shunga ko‘ra, agar tanangizda ushbu guruhning tarkibiy qismlari yetishmasa, sochlarning o‘sishi sekinlashadi. Ushbu vitaminlar guruhiga B1, B2, B6, B7, B8, B9 va B12 kiradi.
Oziq-ovqat mahsulotlaridan B vitaminlarini olish mumkin. Birinchidan, dukkakli ekinlardan, donlardan va yong‘oqlardan, sut mahsulotlaridan.
Ikkinchidan, sabzi, karam va yormalardan. Kepakli nonni iste’mol qilishingiz yoki masalan, bug‘doyning unib chiqqan donlarini iste’mol qilishingiz mumkin. Shu bilan birga, faqat yuz gramm unib chiqqan bug‘doy B12 vitaminidan tashqari, barcha turdagi B vitaminlarining kunlik icte’molini ta’minlaydi. Ratsionda B guruhi vitaminlarini to‘ldirish uchun taomnomaga baliq va dengiz mahsulotlarini qo‘shing.
Agar muntazam ravishda B vitaminlarini kerakli miqdorda iste’mol qilsangiz, sochingizning holatidan xavotir olmaysiz. Ular qalin va kuchli bo‘lib, tezda o‘sadi.
B vitaminlari: tashqi foydalanish
Shu bilan bir qatorda, siz B vitaminini sochlar uchun ishlatishingiz mumkin. Masalan, suyuq vitaminlar ampulalarini bosh terisiga surtsa bo‘ladi. Bu follikulalarni rag‘batlantiradi va shuning uchun soch o‘sishini tezlashtiradi. Ammo bu jarayonni bajarishdan oldin, dermatologga murojaat qilish tavsiya etiladi. Bundan tashqari, terini allergik reaksiya uchun oldindan tekshirish kerak. Buning uchun bir necha kun davomida vitaminni terining kichik joyiga surting. Agar bir necha kun ichida reaksiya paydo bo‘lmasa, vitamin ampulalarini soch ildizlariga surishingiz mumkin. Agar yonish hissi yoki qizarishni sezsangiz, soch o‘sishi uchun ushbu usuldan voz kechishingiz kerak.
Shuningdek, B guruhi vitaminlarini o‘z ichiga olgan shampunni asosiy parvarishingizga qo‘shishingiz mumkin.
Vitaminlar: A, E, C, D
Sochlarimiz sog‘lom va yorqin ko‘rinishi uchun yana qanday vitaminlar kerak? Ular:
– A (retinol, beta-karotin),
– E (tokoferol)
– C (askorbin kislotasi) vitaminlari. Agar tanada bu elementlar yetishmasa, sochlar kamroq elastik bo‘ladi. Bu ko‘proq mo‘rt va quruq sochlarni keltirib chiqaradi. Bundan tashqari, bo‘linib ketgan (gullagan) uchlar paydo bo‘ladi, ularni keyinchalik yo‘q qilish oson emas.
Ushbu soch o‘sishi uchun kerak bo‘ladigan vitaminlar yuqorida aytib o‘tilgan ba’zi oziq-ovqat mahsulotlarida mavjud. Masalan, sabzi tarkibida nafaqat B vitamini, balki A vitaminining kunlik dozasi ham bor, kuniga atigi ikkita sabzi ushbu vitaminning kunlik normasini qoplaydi. Ratsionga birinchi navbatda: ko‘katlar, sabzavotlar, rezavorlar va mevalarni qo‘shish zarur. Masalan, sitrus mevalar, qora smorodina va na’matak mevalari. Ikkinchidan, o‘simlik moylari, masalan, kungaboqar yoki zaytun va zig‘ir urug‘i yoki boshqa foydali yog‘lardan foydalanishingiz mumkin.
Sochni kuchli ushlab turish va buzilmasligi uchun javob beradigan yana bir vitamin – bu D vitamini bo‘lib, u tanada hosil bo‘lishi uchun quyosh nurlari dozasi zarur. Vitamin barqaror ishlab chiqarilsa, u soch va tirnoqlarning holati uchun nihoyatda muhim bo‘lgan kalsiyni o‘zlashtirishga yordam beradi. Agar quyosh nuri yetarli bo‘lmasa, bu elementni jigar, baliq va sut mahsulotlaridan olish mumkin.
Durdona QUVONDIQOVA tayyorladi