Ustozlar ibrati
Poytaxtimizning Chilonzor tumanida joylashgan Respublika dizayn kollejida O‘zbekiston Badiiy Akademiyasi a’zolari bilan talabalar o‘rtasida ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuv ma’naviyat kunlari doirasida tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, rassom Temur Sa’dullayev va zamonaviy badiiy jarayonda samarali ijod qilayotgan musavvir Zebuniso Sharipova yig‘ilganlar bilan tasviriy san’atning sir-sinoatlari haqida o‘zaro fikr almashdi. Tabiiyki, bunday tadbirlar kollej o‘quvchilarining ijodga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilib, tajriba almashish imkonini beradi.
– Bugungi kunda kollejimizda 900 nafardan ortiq o‘quvchilar libos, kompyuter grafikasi, naqqoshlik, o‘ymakorlik, loyihalovchi dizayner, rassomlik, kulolchilik kabi yo‘nalishlarda tahsil olmoqda, – deydi “Tasviriy san’at” kafedrasi katta o‘qituvchisi Adolat Imomova. – Ma’naviyat kunlari doirasida tashkillashtirib kelinayotgan mazkur tadbirga talabalarimizning qiziqishi yuqori, bunga ularning faolligi misoldir. Bunday muloqotlar orqali o‘quvchilar malakali rassomlar ijodi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Tadbirda taniqli rassomlar ijodi aks etgan slaydlar namoyishi o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Jonli muloqotdan so‘ng o‘quvchilar uchun maxsus mahorat darslari o‘tkazildi.
D. MALIKOVA