Leyshmanioz qanday kasallik?

Leyshmaniozlar – odam va hayvonlar orasida uchraydigan bir guruh protozoy transmissiv kasalligi bo‘lib, asosan ichki a’zolarni (visseral leyshmaniozda) yoki teri va shilliq pardani (teri leyshmaniozida) zararlaydi. Kasallik odamga Phelebotomus turiga mansub leyshmanioz bilan zararlangan moskitning chaqishi oqibatida yuqadi. O‘z navbatida moskit infeksiyani kasallangan odamni, it, yovvoyi hayvonlar (chiyabo‘ri, tulki)ni, har xil kemiruvchilar (katta qum sichqoni, qizil dumli qum sichqoni, yapaloq tishli kalamush va ingichka panjali yumronqoziq va boshqalar)ni chaqishi natijasida zararlanadi. Zararlanish mavsumi – yoz, kasallanish mavsumi esa – shu yilning kuzi yoki kelasi yilning bahoriga to‘g‘ri keladi.

Kasallik tashuvchilari – ochiq sariq va ochiq kulrangli yoki jigar rangdagi, ikki qanotli hasharot, qon so‘ruvchi mayda moskitlardir. Qanotlari tinch turgan holda 45 gradus burchak ostida yuqoriga ko‘tarilgan bo‘ladi. Uchishi ovozsiz va keskin moskitlar qisqa masofaga uchish xususiyatiga ega.


Visseral leyshmanioz – «o‘ziga xos tusda» turadigan leyshmanioz shakli hisoblanadi. Xavfli tarafi shundaki, davolanmasa bu infeksiyadan o‘lish 100 foizga yetadi. O‘zbekistonda visseral leyshmaniozning O‘rta Yer dengiz-O‘rta Osiyo turi uchraydi. Kasallik asosan kichkina yoshdagi bolalarni zararlaydi, lekin katta yoshdagilar ham kasallanadilar. Visseral leyshmanioz inkubatsion (yashirin) davri 3 haftadan 3 yilgacha ko‘pincha bir necha oylar davom etishi mumkin. Kasallik asta-sekin boshlanadi, uning birinchi belgilarini sezmay ham qolish mumkin. Umumiy holsizlik kuchayadi, to‘lqinsimon (ko‘pincha bir kun davomida ikki karrali tana haroratining ko‘tarilishi) isitma aralash bezgak paydo bo‘ladi. Kamqonlik hisobiga terining rangi oqaradi, ba’zida gemorragik toshma paydo bo‘lishi kuzatiladi. Og‘iz bo‘shlig‘ida yarali nek­rotik o‘zgarishlar paydo bo‘lishi mumkin. Bemorning umumiy holati keskin yomonlashadi, ular oriqlashadi, kamqonlik va leykopeniya kuchayadi, jigar (kindik chizig‘igacha) va taloqning (kichkina toz bo‘shlig‘igacha) kattalashishi kuzatiladi. Bemorlarning deyarli 10 foizida jigar sirrozi va portalli gipertenziya kuzatiladi. Kasallikning so‘nggi bosqichlarida buyrak bezining zararlangani hisobiga shishlar paydo bo‘ladi, keskin oriqlab ketish – kaxeksiya rivojlanadi.

Teri leyshmaniozi – terining polimorf kasalligining yashirin davri bir haftadan bir necha oygacha bo‘lishi mumkin. Kasallik har xil ko‘rinishda bo‘ladi. Ya’ni: teri qoplamida yallig‘langan yoki yarasiz yakka-yakka yoki ko‘p tugunchali zararlangan joylari bo‘lishi mumkin. Teri leyshmanioz kasalligiga eng xos bo‘lgan belgisi – bu uzoq bitmaydigan yaralarning mavjudligi. Teri leyshmaniozi antroponoz va zoonoz turi ko‘rinishida kechadi. O‘zbekistonda zoonoz teri leyshmaniozi uchrab turadi (sinonimlar: qishloq turi, pendin yarasi, o‘tkir nekrozli teri leyshmaniozi, Borovskiy kasalligi) va u kalta yashirin davriga ega (3 haftagacha), chaqilgan joydagi do‘ng tezlik bilan kattalashadi, yallig‘lanadi va shu joyda atrofi shishgan keng infiltratli yara paydo bo‘ladi. Yara diametri 5 sm.gacha yetishi mumkin. Keyinchalik yaraning o‘rni bitadi. Kasallik boshlanganidan 4-5 oydan so‘ng «muhrlangan» tirtiq paydo bo‘ladi. Ko‘pincha leyshmaniomalar yuz, ko‘l va oyoqning ochiq joylarida joylashadi, kam uchraydigan holatlarda badanda ham bo‘lishi mumkin.

Yana o‘qing:  UZOQ UMR KO‘RISH SIRI TOPILDI

Quyidagi chora-tadbirlarni o‘tkazish lozim

– leyshmanioz bilan zararlangan bemorlarni erta aniqlash va davolash;


– dezinseksiya o‘tkazish – xonadonlarga moskitlarga qarshi ishlov berish;

– deratizatsiya o‘tkazish – qishloq aholi punktlari va dala ishlari o‘tkaziladigan uchastkalariga yaqin joylardagi yovvoyi kemiruvchilarni yo‘q qilish;


– moskitlarning ko‘payish joylaridan uchib chiqayotgan sonini kamaytirish maqsadida aholi punktlarida doimiy ravishda sanitariya tozalikni ushlab turish, uy va molxonadan chiqadigan chiqindilarni zich yopiladigan qopqoqli yashiklarda ushlash hamda yig‘ilishiga qarab muntazam ravishda alohida ajratilgan maxsus maydonga chiqarib, ularni u yerda yoqish yoki zararsizlantirish zarur;

– doimiy ravishda uylarning yerto‘lalari, sabzavot saqlanadigan binolar, molxona va uy parrandalari turadigan binolarning ozodaligini nazoratda ushlash kerak;


– shahar va boshqa aholi punktlarida daydi itlarni yo‘q qilish muhim. Xizmat va xonadon itlari doimo veterinariya nazorati ostida bo‘lishi shart;


– moskitlardan himoyalanish uchun albatta shaxsiy himoya vositalarini qo‘llash – pashshaxonalar, oyna va eshiklarga setka tutish maqsadga muvofiqdir;


– kechki vaqtda hasharotlarning chaqishidan himoyalanish uchun uzun yengli ko‘ylak va shim kiyish zarur;

– ochiq havoda ishlaganda tananing ochiq qolgan joylarini moskitlar chaqishidan himoyalash uchun repelentlardan foydalanish kerak;


– qishloq xo‘jalik mavsumiy ishlarga jalb qilingan ishchilarning yotog‘i epidemik mavsumda zoonoz teri leyshmaniozining tabiiy o‘chog‘idan 2 km. masofa uzoqligida joylashtirilishi tavsiya etiladi;


– qisqa vaqtga tropik joylarga boradiganlarga kimyoviy profilaktika sifatida xloridin yoki tindurin preparatlaridan haftada bir marotaba yoshiga qarab foydalanish tavsiya etiladi.

Manba: sanepidxizmat

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: