Kuz va qishda qanday xastaliklar avj oladi?
Quyida kuz va qish oylarida tez-tez uchrab turadigan ayrim kasalliklarga to‘xtalib o‘tsak.
Lablar nega yoriladi?
Sovuq kunlarda organizmda turli vitaminlar tanqisligi kuzatiladi. Lablardagi yoriqlar organizmda A va Ye vitamini yetishmasligini bildiradi. Yoriqlarning yaralanishi esa infeksiya tushganligini bildiradi. Yaralarning bitish jarayonini kuchaytirish uchun A vitaminining moyli eritmasini lablarga surting. Muolaja davomiyligi ikki hafta. So‘ngra, farzandingizga tarkibida A vitamin mavjud komplekslardan birini shifokor maslahati bilan ichiring. Agar yoriqlar yiringlagan bo‘lsa, qurituvchi malhamlardan surting (masalan: levomekol).
Sovuq havoda ko‘zlar yoshlanadi…
Ko‘zlar ta’sirlanganda, ularni yuvish lozim. Buning uchun shifobaxsh giyohlar damlamasi sizga qo‘l keladi. Moychechak damlamasi bilan ko‘z yuviladi yoki ushbu damlamaga namlangan doka ko‘zga bosib turiladi. Yangi damlangan qora choy ham bu borada yordam beradi. Shuningdek, petrushka damlamasi bilan ko‘zlarni yuvish ham foydalidir.
Yo‘talni uy sharoitida davolasa bo‘ladimi?
Ayrim shifobaxsh giyohlarni ingalyasiya, damlama, qaynatma, choy tariqasida qabul qilish juda foydalidir. Qish oylarida kasallik o‘tib ketsa-da, iztirobli yo‘tal uzoq vaqt saqlanib qoladi. Yalpiz barglaridan tayyorlangan damlama yallig‘lanishga qarshi ta’sir ko‘rsatadi. Bu damlama bronxit, angina, tumov, faringit kasalliklarida juda foydalidir. Yalpizning quritilgan barglari kukun holiga keltirilib, undan bir osh qoshiq olinadi va ustiga 250 ml. qaynoq suv solinadi. Timyan o‘simligidan damlangan choy tomoqni yumshatadi. Balg‘am ko‘chishini osonlashtiradi. Shuningdek, kasallikni chaqirgan mikroblarga halokatli ta’sir qiladi. Timyanning quritilgan barglaridan bir choy qoshiq olinadi va 250 ml. qaynoq suv solinadi. 15 daqiqa davomida damlanadi va ustiga bir choy qoshiq asal qo‘shiladi. Kuniga 5 chashkadan qabul qilinadi.
Isituvchi kompresslar o‘zida issiqlikni ushlab turganligi bois, qon tomirlarni kengaytirish xususiyatiga ega. Ko‘krak sohasiga qo‘yilgan kompress yo‘taldan forig‘ qiladi.
Yuqori nafas yo‘llari kasalliklarida bug‘li ingalyasiyalar eng samarali usul hisoblanadi. Shu maqsadda suvga turli shifobaxsh giyohlar qo‘shiladi. Masalan: sarimsoqpiyoz va piyoz sharbati 1:10 nisbatda olinadi va ingalyasiya qilinadi. Toshcho‘p, tuyatovon, mavrak va moychechak giyohlaridan tayyorlangan damlama ham yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanishlarida samara beradi. Mineral suv yoki soda qo‘shib tayyorlangan suv balg‘amning ko‘chishiga yordamlashadi. Muolaja ovqatlangandan so‘ng 1,5 soat o‘tgach o‘tkaziladi. Bug‘ iliq bo‘lishi, yuzni kuydirmasligi lozim. Muolaja davomiyligi 10 daqiqa.
Ma’lumot o‘rnida…
Yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanish kasalliklari bilan kasallanish, ayniqsa, dekabr va yanvar oylarida eng avjiga chiqadi.
O‘g‘il bolalar qiz bolalarga nisbatan yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanish kasalliklarini og‘ir o‘tkazishadi. Chunki ularning qonidagi leykotsitlar miqdori qiz bolalarnikiga nisbatan 2 baravar kamdir.
O‘RVI kasalligini og‘ir o‘tkazish, tana haroratining ko‘tarilib, bemorning yotib qolishi immun tizim yaxshi ishlayotganligidan darak beradi. Chunki immunitet kasallik bilan faol kurashadi.
O‘RVI kasalligining davom etishi bir haftani tashkil qiladi. Bemor bolalar kasallikning birinchi uch kuni atrofdagilar uchun xavfli hisoblanadi. Yopiq va tor xonalarda gripp va O‘RVI kasalligini chaqiruvchi viruslar bemor oldidan 7 metr masofada ham yuqadi.
Bola bo‘g‘ilib qolsa…
Bolalardagi bo‘g‘ilib qolish kasalligi krup deb ataladi. Krup so‘zi «qo‘pol» degan ma’noni anglatadi. Krup – bu bir nechta belgilardan iborat bo‘lib, yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanish kasalliklari jumlasiga kirib, odatda tunda kelib chiqadi. Krup sindromi ovoz bo‘g‘ilishi va qiynalib nafas olish belgilari bilan namoyon bo‘ladi. Krup asosan 4 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Ushbu kasallikda bola ham, ota-onasi ham qo‘rqib, birdaniga vahimaga tushib qolishadi. Aslini olganda, bu kasallikda tez yordam o‘z vaqtida ko‘rsatilsa, kasallik asoratsiz o‘tib ketadi.
Kasallik sabablari:
- yuqori nafas yo‘llari yallig‘lanish kasalliklari;
- gripp;
- allergiya;
- qonda kalsiy yetishmovchiligi;
- nafas olish yo‘llariga yot jism tushishi.
Bu kasalliklarda ovoz bog‘lamlari yallig‘lanishi natijasida nafas olish a’zolarida shish paydo bo‘ladi. Shish tufayli torayish yuzaga keladi. Natijada bolada bo‘g‘ilish sindromi kuzatiladi.
Kasallik belgilari
Bola kechasi to‘satdan yo‘taldan bezovtalanib, uyg‘onib ketadi. Ovozi hushtaksimon chiqadi. Ayrim hollarda bolaning ovozi xo‘roz tovushiga o‘xshab chiqadi. Bola ko‘p yo‘talganligi bois, qizarib ketadi. Ba’zi hollarda ko‘karib qoladi. Tana harorati baland raqamlargacha ko‘tarilmaydi. Bola lablari atrofining biroz ko‘karishi va teri rangining oqarishi bolada nafas yetishmayotganligini bildiradi. Ushbu belgilar paydo bo‘lishi bilan darhol shifokorga murojaat eting. Agar krup sindromida tana harorati 39 darajagacha ko‘tarilsa, bu holat bola ahvolining jiddiyligini anglatadi. Odatda bolalar toza havoga chiqarilsa yoki og‘ziga bug‘i ko‘tarilib turgan issiq choy tutilsa, ahvoli biroz yaxshilanadi. Krup sindromi o‘z vaqtida davolanilmasa, uzoq davom etadi.
Siz qanday yordam berishingiz mumkin:
- birinchi navbatda bolaning nafas olishiga yordam bering. Buning uchun bug‘i ko‘tarilib turgan choydan biroz ichiring va choy bug‘ini nafas yo‘llariga tutib turing. Bug‘ bola nafas yo‘llarining ochilishiga yordam beradi;
- xona oynasini ochib, xonaga toza havo kirishiga imkoniyat yarating;
- agar bolada sizni bezovta qiladigan belgilar paydo bo‘lsa, zudlik bilan «Tez yordam»ga murojaat eting;
Xavfli belgilar: - holsizlik;
- lablarning ko‘karishi;
- tana haroratining 39 darajagacha ko‘tarilishi;
- bola so‘lagini yuta olmasligi;
- bolaning bezovtalanib, uxlay olmasligi;
Kasallikning oldini olish:
- xonalarni doimiy ravishda nam latta bilan artib tozalash;
- bog‘chalarda va maktabda kasallangan bolalarni muassasalarga kiritmaslik, ularni sog‘lom bolalardan ajratish;
- mavsumiy kasalliklar boshlangan vaqtda (kuz va qish oylarida) bolalarga polivitaminlar berish tavsiya etiladi.
Hamida RAJABOVA,
shifokor