KO‘P VA KAM UXLASHNING ZARARI
Amerikalik olimlar uzoq yillik tajribalariga asoslanib ko‘p uxlash miyaga salbiy ta’sir etadi, degan xulosaga kelishdi. Bir kecha-kunduzdagi uyqu to‘qqiz soatdan oshmasligi kerak.
XX asrda qattiq uxlash salomatlik belgisi hisoblangan bo‘lsa, xorijlik mutaxassislar buning aksini aytishmoqda. Tadqiqotlarga ko‘ra kam uxlash ham insonda qandli diabet, yurak qon tomir kasalliklari va semizlikning yuzaga kelishiga sharoit yaratar ekan. Uch yil davomida bir guruh xalqaro tadqiqotchilar Madrid shahri kliniklarida hamda Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida 60-70 yoshli 2700 nafar bemorlarni tekshirishdi. Ulardan 49 foizi bir kecha-kunduzda 6-8 soat uxlashgan bo‘lsa, 40 foiz keksalar 9 soat va undan ko‘p dam olishni xush ko‘rishar ekan. 11 foiz qariyalar esa atigi 5 soat va undan kam uxlashgan. Demensiya va qariyalarda aqli zaiflikni aniqlashda qo‘llaniladigan maxsus testlardan o‘tgan bu kishilarning ko‘p uxlashni yaxshi ko‘radigan guruhida jiddiy muammolar yuzaga kelish ehtimoli yuqori ekan. Shuningdek, olimlar yosh, jins va hayot tarzining turlicha bo‘lishiga qaramasdan bir kecha-kunduzda 6-8 soat va 9 soatdan ko‘p uxlaydigan eksperiment ishtirokchilarining ko‘rsatkichlarida keskin farq borligini aniqlashdi. Ammo olimlar bu borada shoshilinch xulosa chiqarmaslikni tavsiya etishmoqda. Shuningdek, ko‘p uxlashning sabab va oqibatlarini to‘liq o‘rganmasdan turli chalkashlikka yo‘l qo‘ymaslikka chaqirishmoqda. Chunonchi, ko‘p uxlash alohida bir xastalikning belgisi ham bo‘lishi mumkin. Haddan tashqari ko‘p yoki kam uxlash nafaqat yurak qon tomiri tizimi faoliyatini izdan chiqaradi balki, asab tizimida ham parishonxotirlik, kayfiyatning o‘zgarib turishi, chuqur ruhiy zo‘riqish va surunkali charchoq kabi salbiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi.
Mutaxassis-olimlar tomonidan o‘tkazilgan barcha tadqiqotlardan ko‘rinib turibdiki, organizmning o‘ziga xos talablaridan kelib chiqqan holda me’yorda bir kecha-kunduzda 6-8 soat uxlagan foydali ekan.
GULSHIRIN