Virusli gepatit V qanday kasallik?
Bugungi kunda insonlar hayotida virusli gepatit V kasalligi (VGV) virusini yuqtirib olish dolzarb muammolardan biri hisoblanadi.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha 2 milliarddan ortiq inson VGV kasalligini o‘ziga yuqtirib olgan va har yili dunyo bo‘yicha 600 000 nafardan ziyod kishi virusli gepatit V dan olamdan o‘tadi.
Gepatit V kasalligi, virusining yuqishi, xastalikning oldini olish va davolash haqida soha mutaxassisi, oliy toifali shifokor, gepatolog
Jamshid Normurodov bilan suhbatlashdik:
– Avvalo inson hayoti uchun muhim bo‘lgan-jigar va uning vazifasi haqida ma’lumot bersangiz!
– Jigar – inson tanasidagi hazm bezi bo‘lib, murakkab va muhim a’zo hisoblanadi (vazni 1200-2200 g). U qorin bo‘shlig‘i diafragmaning tagida, o‘ng qovurg‘alar va qisman chap qovurg‘alar ostida joylashib, organizmning markaziy biokimyoviy laboratoriyasidir.
U bir sutkada 600-700 gramm o‘t (safro) ishlab chiqarib, ovqat hazm bo‘lishida va oziq moddalarning ichakdan qonga so‘rilishida muhim rol o‘ynaydi;
– oqsillar, yog‘lar va karbonsuvlar almashinuvida qatnashadi;
– moddalar almashinuvida hosil bo‘ladigan, tashqaridan kirgan zaharli moddalarni zararsizlantirib, himoya funksiyasini bajaradi;
– qonni zaxira sifatida yig‘ib tura oladi, embrional rivojlanishda qon elementlari va gemoglobin hosil qilishda ishtirok etadi;
– o‘tni uzluksiz ishlab, o‘t yo‘li orqali chiqaradi;
– pigmentlar almashinuvida qatnashadi;
– jigarda xolesterin, protrombin va geparin sintezlanadi;
– oqsillar parchalanishidan hosil bo‘lgan ammiak, qisman siydik kislotasi ham jigarda mochevinaga aylanib, organizmdan siydik bilan chiqib ketadi.
– Hozirgi kunda tez-tez uchrayotgan va inson hayotiga rahna solib kelayotgan jigar xastaliklaridan – virusli gepatit qanday yo‘llar bilan odamga yuqadi?
– VGV – virusli yuqumli jigar kasalliklaridan biri bo‘lib, u jigarning zararlanishi bilan o‘tkir va surunkali kechadi.
Kasallik asosan qon orqali, muloqotda bo‘lish va kasallangan odamning boshqa biologik suyuqliklari orqali yuqadi.
– Kasallik qanday klinik belgilar bilan kechadi!
– VGV kasalligining klinik belgilarini boshqa gepatit kasalligi viruslaridan farqlash qiyin. Shu bois kasallikka faqat laboratoriya tekshiruvi asosida tashxis qo‘yiladi.
Ya’ni laboratoriya tashxisi gepatit V antigeni HBsAgni aniqlashga yo‘naltiriladi.
Kasallik belgilari kasallik yuqqandan o‘rtacha 75 kundan keyin, ya’ni (30 kundan 180 kungacha) paydo bo‘ladi.
Kasallikning sariqlikdan oldingi davrida (1-2 hafta davom etadi) umumiy holsizlik, charchash, intoksikatsiya, ishtaha yo‘qolishi va bo‘g‘imlarda og‘riq kabi belgilar paydo bo‘ladi. Keyin sariqlik davri boshlanadi (3-4 hafta), haddan tashqari charchoq, ko‘ngil aynishi, qayt qilish, o‘zini og‘ir his qilish va qorin sohasida og‘riq belgilari bilan birga, sariqliq (teri qoplamasi va ko‘z sklerasida sariqlik, siydikning to‘q rangga kirishi) paydo bo‘ladi.
Kasallik davolanish natijasida sekinlik bilan tuzalib boradi (bir necha oyda jigar faoliyati tiklanadi, ammo kasallik qoldiq asoratlari bir umr saqlanib qolishi mumkin) yoki surunkali shaklga o‘tadi.
– Ushbu kasallikni yuqtirib olish yoshga ham bog‘liq bo‘ladimi?
– Surunkali VGV kasalligining kelib chiqishi bemorning kasallikni yuqtirib olgan yoshiga ham albatta bog‘liq bo‘ladi. Kasallikni 6 yoshgacha yuqtirib olgan bolalarda VGV kasalligining surunkali shaklining rivojlanish ehtimoli ko‘proq bo‘ladi va 30-50 foizida surunkali VGV rivojlanadi.
1 yoshgacha yuqtirib olgan bolalarning 80-90 foizida surunkali VGV rivojlanadi.
5 foizdan kamroq hollarda kattalarda VGV kasalligi surunkali shaklga o‘tadi. Aytish joizki, surunkali VGV vaqti-vaqti bilan qaytalanib turadi va to‘lqinsimon kechadi. Keyinchalik 20-30 foiz bemorlarda jigar serrozi yoki jigar raki rivojlanadi.
Bunday bemorlar belgilangan vaqtida muntazam ravishda davolanib turishlari shart!
– Kasallik belgisiz yoki yashirin tarzda kechishi ham mumkinmi?
– Ha. Shunday holatlar ham kuzatiladi. Taassufki, bunday holatda VGV virusini yuqtirib olish va belgilarsiz kechishi natijasida, gepatit V kasalligi, virusli o‘tkir gepatitning V turi, surunkali gepatit, jigar serrozi va gepatotsillar rak kasalliklari kelib chiqishiga olib keladi.
– Virusli gepatit V kasalligining oldini olish borasida qanday emlash choralari ko‘rilmoqda?
– Bu borada Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘krak yoshdagi barcha bolalarni tug‘ilishdan so‘ng imkon qadar tezroq, ya’ni 24 soat ichida VGVga qarshi emlashni tavsiya etadi.
O‘zbekistonda VGVga qarshi emlash 1998 yil epidemiyaga qarshi kurash chora-tadbirlari tizimiga kiritilgan. Ana shunday emlash natijasida davlatimizda VGV kasalligini 10 foizga kamaytirishga erishildi. Mamlakatimizda milliy emlash kalendarida VGV vaksinasi tug‘ilganidan 1-kunidan boshlanib yana uch marta (pentavalent vaksinasi tarkibida 2, 3 va 4 oyligida) emlanib yakunlanadi.
Emlashning to‘liq kursini olgan ko‘krak yoshdagi va undan katta yoshdagi bolalarning 95 foizida himoyalovchi antitela paydo bo‘ladi. Emlashning to‘liq kursini olganlarda kamida 20 yil davomida, hatto umrbod immunitet saqlanib qolishi mumkin.
– Vaksinaning sifati yoki samaradorligiga kafolat bormi va u qanday kasalligi bor insonlarga qilinmaydi?
– Vaksina yuqori darajadagi xavfsizligi va samaradorligi bilan ajralib turadi. Dunyo bo‘yicha 1982 yildan buyon VGV vaksinasining 1 milliyarddan ortiq dozasi qo‘llanilgan. Emlashning to‘liq kursini olgan odamlarning 95 foizida himoya antitelalar paydo bo‘lib, kamida 20 yil davomida saqlanib qolishi tasdiqlangan. VGV vaksinasi faqat vaksina komponentlariga allergiyasi bo‘lgan shaxslarga tayinlanmaydi.
– Ushbu kasallikni davolashda qanday choralar qo‘llaniladi?
– O‘tkir virusli gepatit V kasalligining hali maxsus davolash usuli ishlab chiqilmagan.
Kasallikni davolashda parvarishlash, kasallik belgilarini yengillashtirish kabi klinik davolash bilan birga, parhez asosida to‘g‘ri ovqatlanishni tashkil qilish juda muhim. Shuningdek, qusish va diariya tufayli yo‘qotilgan suyuqlikni to‘ldirish lozim bo‘ladi.
Ba’zi hollarda VGVning surunkali shakli bilan og‘rigan bemorlarni interferon va virusga qarshi preparatlar bilan birgalikda dori vostalari bilan ham davolash mumkin. Davolash serroz rivojlanishini kechiktirishi va uzoq muddat davomida bemorning hayot faoliyati yaxshilanishiga yordam beradi.
Sanitariya-epidemiologik profilaktik majmuaviy choralar bilan bir qatorda, kasallik yuqishining oldini olishning eng samarali usuli – bu VGV kasalligiga qarshi emlashdir.
– Kasallik bilan og‘rigan bemorlar ahvolining yaxshilanishiga qanday ovqat mahsulotlari iste’molini tavsiya qilasiz?
– Behi sharbatidan ichib turish, oshqovoq va uning sharbati kabilar jigar quvvatini oshirsa, o‘rik turshagi, jo‘xori po‘pagi qaynatmalarini iste’mol qilish peshob haydovchi sifatida, jigar faoliyatini yaxshilaydi. Shuningdek, bodring, sabzi va lavlagi suvini aralashtirib ichilsa, jigar xastaliklariga foyda beradi. Shirin anor suvi muntazam iste’mol qilinsa, jigar tozalanadi va quvvati ortadi.
Oshqovoqni dimlab yeyish, shuningdek 1-2 gramm qalampirmunchoqni yanchib, sut bilan nahorga ichilsa, jigarga quvvat beradi. Jigar og‘rig‘ida na’matakdan damlangan choy eng shifobaxsh malhamlardan sanaladi.
Albatta, qovurma, og‘ir hazm bo‘ladigan ovqatlardan tiyilib, tabiat in’om etgan meva, sabzovot va tabiiy giyohlardan foydalanish salomatliklarini asrashda katta foyda beradi.
Maryam AHMEDOVA
suhbatlashdi