Follikulit: sababi va davolash
Follikulit – zamburug‘, mikrob, virus sababli kelib chiqadigan soch follikulasi joyidagi yuqumli yallig‘lanish jarayoni hisoblanadi.
Kasallik rivojlanishining boshida follikula sohasida qizarish va shish paydo bo‘ladi. Uning markaziy qismida soch joylashadi, uning atrofida asta-sekin sariq-yashil yoki oq rangli yiringli massani o‘z ichiga olgan konus paydo bo‘ladi. Ushbu shakllanish ochilib, yiring paydo bo‘lganda, qobiq yarasi paydo bo‘ladi. Toshma, zararlangan hududning og‘rig‘i va qichishi bilan birga keladi va taxminan bir hafta davom etadi. Chuqur zararlanishlarda qobiq tushgandan keyin chandiqlar paydo bo‘lishi yoki pigmentatsiya kuchayishi mumkin. Follikulit odatda yuz, bosh terisi, son va qo‘ltiq osti qismida, oyoq va sonlarda paydo bo‘ladi.
Eslatma:
Follikulitning asosiy belgisi – tanadagi qichishadigan yiringli pufakchali toshmalar yaraga aylanishi va soch follikulalarining qizarishidir.
Diagnostika
Diagnostikaning asosiy vazifasi yuqumli tabiatli follikulitini soch follikulalarida (yuqumsiz) boshqa yallig‘lanish jarayonidan farqlashdan iborat. Tashxis qo‘yish paytida umumiy klinik ko‘rinish hisobga olinadi, anamnez yig‘iladi (predispozitsiya qiluvchi omillar mavjudligi, kasallikning boshlanishi haqida ma’lumot), laboratoriya tekshiruvlari o‘tkaziladi. Teri mikroskop ostida tekshiriladi, ayrim hollarda teri biopsiya qilinadi, qonda glyukoza miqdorini aniqlash va aniqlanmagan qandli diabetni istisno qilish uchun qon tekshiruvi o‘tkaziladi.Tashxis uchun toshmalarning xarakteri muhim – papulalar soch follikulalarining og‘zida joylashgan bo‘lib, atrofida qizil aylanalar ko‘rinadi. Odatda yallig‘langan follikulalar tartibsiz, bir-biridan qisqa masofada joylashadi.
Asoratlari
Odatda follikulit asoratlarsiz davom etadi, ammo ba’zi hollarda ba’zi muammolar paydo bo‘lishi mumkin. Agar gigiyena qoidalariga rioya qilinmasa yoki davolanish noto‘g‘ri bo‘lsa, furunkul, xo‘ppoz, karbunkul, dermatofitoz va follikulyar chandiqlar, gohida follikulit fonida, nefrit, pnevmoniyaning murakkab shakllari, meningit paydo bo‘lishi mumkin.
Davolash
Kasallik sababiga qarab, follikulit patogenlariga ta’sir qiluvchi tashqi foydalanish uchun preparatlar qo‘llaniladi. Shuni esda tutish kerakki, yiringni kir qo‘llar bilan olib tashlash mumkin emas, chunki bu jarayonning kuchayishiga olib keladi. Infeksiya tarqalishining oldini olish uchun yara atrofidagi zararlanmagan teriga antiseptik eritmalar bilan ishlov beriladi. Kasallikning tez-tez takrorlanishida ultrabinafsha nurlanish terapiyasi qo‘llaniladi (odatda har bir kunning oralig‘ida 6 dan 10 gacha seans o‘tkaziladi), agar follikulit og‘ir bo‘lsa, antibakterial yoki zamburug‘larga qarshi dorilar og‘iz orqali yuborish buyuriladi va parallel ravishda terini mahalliy davolash amalga oshiriladi.
Xavf guruhi
Follikulit ko‘pincha aholining noqulay qatlamlarida, antisanitariya sharoitida yashovchilarda, iqlimi yallig‘lanishli teri kasalliklarini rivojlanishiga hissa qo‘shadigan iliq mamlakatlarda uchraydi. Xavf guruhga benzin, kerosin, smola, yog‘lash moylari bilan doimiy aloqada bo‘lgan odamlar, qandli diabet va immunitet tanqisligi holatlari bilan kasallanganlar kiradi.
Kasallikning oldini olish
Profilaktika choralari yaxshi gigiyena, o‘z vaqtida va to‘g‘ri terini va sochni parvarish qilishni o‘z ichiga oladi. Terining shikastlanishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak, qattiq kiyim va ichki kiyim kiymaslikka harakat qiling, chunki soch follikulalari osonlikcha shikastlanadi.
Parhez va turmush tarzi
Ushbu kasallik biron bir aniq ovqatlanish qoidalariga rioya qilishni talab qilmaydi. Qandli diabet bilan birga kechadigan follikulit bundan istisno. Qandli diabetda kam uglevodli diyetaga rioya qilish, yog‘ itse’mol qilishni cheklash, kasallik namoyon bo‘lishining og‘irligini kamaytirish uchun tana vaznini me’yorda saqlashga harakat qilish kerak. Vitamin muvozanatini saqlash va immunitetni mustahkamlash uchun sabzavot va mevalarni iste’mol qilish ham muhimdir.
Yoqub NAMATOV,
shifokor