Donor: o‘zgalarga salomatlik ulashing va o‘zingiz ham sog‘lom bo‘ling!
Qon donori bo‘lish savobga bel bog‘lash bilan barobardir. Chunki atrofimizda minglab bemor insonlarning sog‘ayishlari uchun qon judayam zarur. Ularning shifo topishiga g‘oyibona yordam berish esa haqiqiy insonparvarlikdir.
Ta’kidlash joizki, donor yuzlab odamlarga umid va sog‘liq olib keladi. Shu bilan birga donorlikning mas’uliyatli tomonlari bor. Avvalo, donorning sog‘lom turmush tarziga rioya etishi, jumladan, to‘g‘ri ovqatlanish, spirtli ichimliklar ortiqcha iste’mol qilmaslik, chekishdan o‘zini tiyishi lozim. Qon topshirish orasidagi vaqtga qat’iya amal qilishi talab etiladi.
Ushbu jarayon ham donorga, ham bemorga zarar bermasligi juda muhimdir. Agar biron bir sababga ko‘ra shifokor sizga qon berishga ruxsat bermasa, uning tavsiyalariga amal qilishingiz shart. Agar biron narsa haqida tashvishlanayotgan bo‘lsangiz, qon markazlarida shifokor bilan maslahatlashishni unutmang. Agar siz ushbu oddiy qoidalarga rioya qilsangiz, siz topshirayotgan qon nafaqat sog‘ligingiz uchun foydali bo‘ladi, balki ko‘p yillar davomida turmush tarzingizga aylanadi. Eng muhimi, agar siz donor bo‘lsangiz, unda siz sog‘lom ekansiz.
Shu o‘rinda shifokorlarning ta’kidlashlaricha, har bir donor quyidagi oddiy qoidalarni bilishi kerak.
- Donor qon orqali yuqadigan infeksiyalardan saqlanishi lozim. Birinchi navbatda, bu virusli gepatit «V» va «C» va OIV infeksiyasidir. Ushbu xavfli kasalliklarni yuqtirishdan ehtiyot bo‘lish talab etiladi. Tish shifokoriga yoki boshqa shifokorga kelganingizda, tibbiy xodimlarga siz donor ekanligingizni eslatib qo‘ying va ulardan faqat bir marta ishlatiladigan yoki steril mahsulotlardan foydalanishni so‘rang. Sartaroshxona yoki go‘zallik salonida asboblar sterillanganini tekshiring.
- Donorlar uchun qon yoki plazma topshirish orasidagi vaqt oralig‘i bo‘yicha maxsus tavsiyalar ishlab chiqilgan. Ularning maqsadi donorning sog‘lig‘ini saqlash va qonni unga zarar yetkazishining oldini olishdir. Jumladan:
– donor yiliga 4 martadan ko‘p bo‘lmagan qon topshirishi mumkin;
– qon topshirgandan so‘ng, donor plazma topshirish uchun kamida 30 kun o‘tishi kerak;
– plazma hadya qilganingizdan so‘ng, donor yana plazma yoki qon topshirishidan oldin kamida 14 kun o‘tishi kerak. - Qon yoki qon tarkibiy qismlarini topshirgan kuni quyidagi ko‘rsatmalarga amal qiling:
– qon topshirish kunida nonushta qilish kerak, qon berishdan oldin chekmaslik kerak. Tabiiyki, oldin bir necha kun spirtli ichimlikdan voz kechishingiz kerak;
– imtihonlar, musobaqalar, biron bir loyihani bajarishdan oldin, ayniqsa, og‘ir ish paytida qon topshirishni rejalashtirmang. - To‘g‘ri ovqatlaning. Donorning ratsionida doimo qondagi gemoglobin darajasiga ta’sir qiluvchi protein bo‘lishi kerak. Proteinli oziq-ovqat mahsulotlari: go‘sht, lavlagi, yasmiq, loviya va barcha dukkakli ekinlar, baliq va boshqalar.
Agar siz yuqoridagi qoidalarga va shifokorning tavsiyalariga amal qilsangiz, donorlik sizga zarar qilmaydi va ko‘plab bemorlar uchun najot bo‘ladi.
Donor hurmatga sazovor shaxs va shuning uchun uning fuqaro va donor sifatidagi huquqlari himoya qilinishi kerak. Shu nuqtai nazardan donorlar huquqlariga to‘xtaladigan bo‘lsak:
– tibbiy xodimlar uning donor sog‘ligini saqlash uchun kafolatlar berish;
– sog‘lig‘iga yetkazilgan zararni qoplash;
– bepul ovqatlanish bilan ta’minlash.
Shu bilan birga, donor bo‘lishga rozilik bergan shaxsning majburiyatlari ham bor. Jumladan, tibbiy ko‘rik paytida donor bo‘lishga rozilik bildirgan shaxs ilgari boshidan o‘tkazgan va mavjud kasalliklar to‘g‘risida ma’lum bo‘lgan ma’lumotlarni taqdim etishi shart.
Donorga berilgan kafolat va kompensatsiyalarga to‘xtaladigan bo‘lsak. Birinchi navbatda, qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish kuni, shuningdek, tibbiy ko‘rik kunida donor shu kunlarda o‘rtacha ish haqini saqlab qolgan holda ishdan ozod etiladi.
Qon va uning tarkibiy qismlarini topshirgandan so‘ng darhol donorga o‘rtacha daromadini saqlab qolgan holda qo‘shimcha dam olish kuni beriladi. Belgilangan dam olish kuni donorning iltimosiga binoan yillik mehnat ta’tiliga qo‘shilishi mumkin.
E’tiborli jihati, tizimli va beg‘araz ravishda qon va uning tarkibiy qismlarini topshirish bilan shug‘ullanadigan donor «O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori» ko‘krak nishoni bilan mukofotlanadi va eng kam ish haqining besh baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti oladi.
Xullas, agar siz sog‘lom bo‘lsangiz, lekin hali donor bo‘lmasangiz, hech ikkilanmasdan qon topshirishga shoshiling. O‘zgalarga salomatlik ulashing va o‘zingiz ham sog‘lom bo‘ling!
Durdona MUROTALIYEVA,
Toshkent tibbiyot akademiyasi talabasi