«Botulizm» qanday kasallik?
Mehnatsevar xalqimiz oilani yil davomida sarxil mahsulotlar bilan ta’minlash maqsadida uy sharoitida meva va sabzavotlardan turli konserva mahsulotlarini tayyorlaydi. Tayyorlash texnologiyasiga rioya etmagan holda uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini iste’mol qilish oqibatida esa ba’zan kutilmagan noxush holatlar yuz beradi. Oqibatda kelib chiqadigan botulizm kasalligi esa ko‘pchillikka ayon.
Botulizm – ovqatdan zaharlanish natijasida paydo bo‘ladigan og‘ir xastalik bo‘lib, asosan markaziy asab tizimining og‘ir shikastlanishi bilan kechadi, asab-mushak parezi va falajiga olib keladi. Ba’zi hollarda davolanish kechiktirilsa, insonning o‘limiga ham sabab bo‘lishi mumkin.
Botulizm tayoqchasining qayerda bo‘lishi haligacha noma’lum, biroq u juda zaharli toksin ajratadi. Uning sporalari oziq-ovqat mahsulotlari qaynatilganda, uzoq muddatgacha muzlatilganda ham rivojlanib, toksin hosil qilishi mumkin. Ularga 1800-1900 S darajali sovuq ham o‘z ta’sirini ko‘rsata olmaydi.
Botulizm tayoqchalari tashqi muhitda, xususan, suv, tuprok, meva va sabzavotlarda ko‘p tarqaladi. Konserva tayyorlash texnologiyasiga rioya qilmaslik oqibatida, go‘sht va baliq dudlanganda, kolbasa ishlab chiqarilganda, hatto havo kirmaydigan sharoitlarda rivojlanib, o‘zidan kuchli zaxar ajratadi. Meva va sabzavot konservalari qishki mavsum uchun tayyorlanayotganda, eskirgan mahsulotlar ishlatilgan hollarda, marinadga 10 foizdan kam osh tuzi qo‘shilganda va ularni havo almashmaydigan, issiq joylarda saqlangan holatlarda botulizm tayoqchalari rivojlanib, o‘zidan zaxarli toksin chiqara boshlaydi. Bunda shisha idishlarning qopqog‘i ko‘tarilib, marinad suvi loyqalanadi. Meva va sabzavotlar esa yumshab qoladi. Ayrim hollarda qopqog‘i ochilganda, mahsulotlarga xos bo‘lmagan sarimsoq yoki kuydirilgan yog‘ning hidi keladi.
Odatda kasallik to‘satdan boshlanadi. Bemorning ko‘ngli aynaydi, qusadi xamda oshqozonda og‘irlik sezadi, og‘iz quriydi, holsizlanadi. Ko‘pincha ko‘zning xiralashib qolayotganidan, ko‘z oldida tuman yoki «to‘r» paydo bo‘lib, narsalar qo‘shaloq bo‘lib ko‘rinadi. Kasallikning og‘ir kechuvchi shakllarida bemorga o‘z vaqtida tibbiy yordam ko‘rsatilib, maxsus zardoblar yuborilmasa, yurak faoliyati va nafas olish jarayonining keskin buzilishi oqibatida bemor hayotdan ko‘z yumishi mumkin. Botulizm tayoqchasidan ajralgan zaxarning markaziy asab tizimiga bevosita ta’siri o‘ta xavflidir.
Uy sharoitida tayyorlangan konservalarni iste’mol qilingandan keyin yuqorida kabi kasallik belgilari paydo bo‘lsa, zudlik bilan shifokorga murojat etishni tavsiya etamiz.
Mutaxassis sifatida, kasallikning oldini olish maqsadida fuqarolarimizga quyidagilarni:
– uy sharoitida konserva mahsulotlarini tayyorlashga texnologik jarayonlar yetarli bo‘lmagani bois ularni tayyorlamaslikni;
– mevalardan tayyorlangan murabbo, sabzavotlardan tayyorlangan tuzlamalarni qopqoqli, sirli idishlar hamda og‘zi zich berkitiladigan, oziq-ovqat mahsulotlari uchun mo‘ljallangan idishlarda saqlashni;
– bozor, savdo rastalaridan sifati va xavfsizligini kafolotlovchi hujjatlarsiz, tayyorlash jarayoni noma’lum bo‘lgan hamda uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlarini sotib olib, iste’mol qilmaslikni;
– savdo do‘konlaridan mahsulotlarni xarid qilayotgan vaqtda, ularning holatiga, idishlarning butligiga, yorliqlariga e’tibor berishni hamda yorliqlarda tayyorlovchi korxonaning nomi, manzili, ishlab chiqarilgan sanasi, yaroqlilik muddati ko‘rsatilgan xollardagina sotib olishni tavsiya qilamiz.
Zero, inson salomatligi bebaho ne’mat. Shunday ekan, har birimizning salomatligimiz o‘z qo‘limizda.
Zafar KARABAYEV,
Toshkent viloyati SEO va JSB OGB mudiri