Sut bezi sili qanday kasallik? Kelib chiqishi va belgilarining o‘ziga xosligi
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, sut bezlari sili dunyo mamlakatlarida silga chalingan bemorlarning 0,1 – 4 foizini tashkil etadi, ya’ni G‘arbiy Yevropa davlatlarida sil kasalligiga chalingan bemorlarning har 1000 tasidan 1 tasida sut bezi sili kuzatilsa, Hindiston va Sharqiy Osiyo davlatlarida bu ko‘rsatkich 100 tadan 4 taga to‘g‘ri keladi.
Hozirgi vaqtda kelib, sut bezining sil (tuberkulyoz) kasalligi dolzarb muammoga aylanmoqda. Uning dolzarbligi shundaki, bu kasallik o‘zining ko‘rinishlari va kechishi bo‘yicha ko‘p jihatdan sut bezi saratonini eslatadi. Shu sababdan ko‘pchilik bemorlar onkologga murojaat qilishadi. Ba’zi bemorlar esa o‘zlaridagi kanserofobiya (saratondan qo‘rqish) holati tufayli, hatto onkologga ham o‘z vaqtida murojaat qilishmaydi. Oqibatda kasallik asoratlangan shakllarga o‘tadi, ko‘plab jiddiy nuqsonlar paydo bo‘ladi, bemorda o‘ta tushkun ruhiy holatlar ro‘y beradi. Xo‘sh, qanday qilib bunday holatlarning oldini olish mumkin?
Umuman, sut bezi sili qanday kasallik? Aslida bu kasallikning paydo bo‘lishi, kechishi, belgilari, tashxislash, davolash va oldini olish chora-tadbirlari haqida har bir kishi bilib qo‘yishi lozim.
Sut bezi sili – sil mikobakteriyalari (Kox tayoqchalari) qo‘zg‘atadigan sut bezining o‘ziga xos yallig‘lanishli kasalligi bo‘lib, kelib chiqishi bo‘yicha birlamchi va ikkilamchi turlarga ajratiladi. Birlamchi sil ko‘pincha laktatsiya (ko‘krakdan sut kelish) davrida yuzaga keladi, bunda kasallik qo‘zg‘atuvchilari sut yo‘llari orqali kirib boradi va o‘ziga xos yallig‘lanishni yuzaga keltiradi. Ikkilamchi turda esa, qo‘zg‘atuvchi avval sil bilan kasallangan a’zolardan (o‘pkalar, ko‘ks oralig‘i a’zolari va boshqalardan) qon va limfa yo‘llari orqali bez to‘qimasiga kirib boradi, hamda yallig‘lanish o‘choqlarini hosil qiladi.
Bundan tashqari, sut bezi silining sklerozlanuvchi turi ko‘pincha yoshi katta ayollarda kuzatiladi, bu turida yallig‘lanish va yiringlash belgilari deyarli bo‘lmaydi. Abssesslangan turi ikkiga ajratiladi. Birinchi turida faol yallig‘lanish belgilari kuzatilib, jarayon terida oqma yara xosil bo‘lishi bilan namoyon bo‘ladi, bunda yaradan yiringli ajralmalar kelib turadi. Ikkinchi turi «sovuq abssess» deyiladi, bunga sabab, u uzoq vaqt bemorni bezovta qilmaydi va faqatgina tugunli hosila ko‘rinishida bo‘ladi.
Sut bezi kasalliklari orasida sil tez-tez uchrab turmasada, uni hech qachon e’tibordan qoldirmaslik lozim, ayniqsa immun holati sust bemorlarning bu kasallikka chalinish ehtimoli yuqoridir.
Harakatchan tugunlar, yiringli yaralar
Sut bezida og‘riqsiz, notekis hosila yoki qattiqlik paydo bo‘lishi, teri o‘zgarishlari (ajinsimon chiziqlar paydo bo‘lishi, so‘rg‘ichning tortilishi), mahalliy limfa tugunlarining kattalashishi sut bezi silining belgilari hisoblanadi. Ba’zan ko‘krakda og‘riqli shish, qizarish paydo bo‘ladi, bu tibbiy tilda «sil mastiti» deb yuritiladi. Bemorlar vaqti-vaqti bilan tana haroratlari ko‘tarilib turishi, ko‘p terlash, madorsizlikdan shikoyat qiladilar.
Ko‘krakda zararlanish o‘choqlari turlicha – kichik o‘lchamli harakatchan tugundan, katta, og‘riqli, ko‘krak qafasiga bitishib ketgan o‘sma ko‘rinishigacha bo‘lishi mumkin. Sut bezi silining tarqalgan turida bez to‘qimasida ko‘plab yallig‘lanish o‘choqlari aniqlanadi. Bunda bez to‘qimasi va terisi sezilarli qattiqlashgan holatda bo‘ladi. Ba’zan ko‘krak terisida yaralar paydo bo‘lib, yaradan yiringli ajralma chiqib turishi kuzatiladi. Bemorlarning qo‘ltiq osti, o‘mrov osti va ustki sohalari, bo‘yin sohasi limfa tugunlari kattalashishi, ba’zi hollarda tugunlar birlashib katta toshsimon hosilaga aylanishi mumkin.
Tashxislash murakkabliklari
Sut bezi silining turli ko‘rinishda kechishini hisobga olib aytganda, tashxislash bir muncha murakkabliklarni o‘z ichiga oladi. Ko‘rinishi jihatidan ko‘pincha sut bezi saratonini eslatganligi sababli, onkologik muassasalarda sut bezi saratoniga shubha qilinib, amalga oshiriladigan jarrohlik amaliyotlari vaqtida yoki biopsiyadan so‘ng aniq tashxislanadi.
Sut bezi zararlanishini tashxislashda asosiy usul, zararlangan sohadan biopsiya olishdir. Bunda olingan to‘qima mikrobiologik va gistologik usullarda tekshiriladi. Mikrobiologik tekshiruv zararlangan materialda sil tayoqchasini aniqlash va uni silga qarshi dori vositalariga nisbatan sezgirligini baholashga asoslanadi. Shuni yodda tutmoq lozimki, olingan to‘qimada sil tayoqchalarining topilmasligi sil jarayoni to‘liq inkor qilindi degani emas. Tekshirilayotgan to‘qimada maxsus sil granulyomasi yoki Pirogov – Langxansning gigant hujayralarining aniqlanishi sil jarayoni kechayotganini tasdiqlaydi.
Hozirgi vaqtda sut bezi kasalliklarini (shu jumladan sut bezi silini ham) tashxislashda rentgen mammografiya tekshiruvi keng qo‘llanilmoqda.
Mammografik tekshiruvda quyidagilarni aniqlash mumkin:
– sut bezi silining tugunli turida chegaralari noaniq bo‘lgan, zichligi yuqori, xajmi katta hosila namoyon bo‘ladi (buni sut bezi saratonidan farqlash mushkul);
– sut bezi silining tarqalgan turida rentgenologik tasvir sut bezi saratonining shish-infiltrlangan shaklini eslatadi;
– sut bezi silining sklerozlangan turida bezda tarqalgan fibroz o‘zgarishlarni kuzatish mumkin.
Ultratovush tekshiruvi zararlangan to‘qima xususiyati (tugunli, bo‘shliqli va boshqalar)ni, oqma yarali turlarida yaraning yo‘lini, punksiya orqali biopsiya olish joyini aniqlashda ko‘maklashadi.
Yakuniy tashxisni faqatgina morfologik va mikrobiologik tekshiruv orqali qo‘yish mumkin.
Sut bezi silini tashxislashning bir muncha murakkabligini inobatga olib, shubhali holatlarda, boshqa usullar yordam bermaganda, jarayonning sil yoki saratonligini aniqlash maqsadida zararlangan sohadan qisman rezeksiya qilib olinadi va olingan to‘qima tezkor gistologik tekshiruvdan o‘tkaziladi.
Sut bezi silining oqma yarali turlarida yaradan chiqadigan ajralma mikrobiologik tekshiruvdan o‘tkaziladi, bunda tuberkulyoz qo‘zg‘atuvchilari aniqlansa, uning dorilarga sezgirlik turiga qarab dori muolajalari tayinlanadi. Bunday holatlarda jarrohlik muolajalari faqatgina dori-darmonlar to‘liq samara bermagandagina qo‘shimcha muolaja sifatida bajariladi.
Davolash naf beradi
Sut bezi silini davolashda silga qarshi dori vositalari keng qo‘llaniladi. Kasallikning ilk bosqichlarida dori vositalarini qabul qilishning o‘zigina to‘liq, asoratlarsiz tuzalishga kifoya qilishi mumkin.
Kasallik avj olganda va sut bezi to‘qimasida qaytmas o‘zgarishlar yuzaga kelganda jarrohlik amaliyoti qo‘llaniladi. Jarrohlik amaliyotida sut bezi zararlangan to‘qimalardan xalos qilinadi.
Davolashning asosiy kurslaridan so‘ng barcha bemorlar, o‘zlarining turar joylaridagi silga qarshi kurashish dispanseri nazoratida turishadi. Ular kasallik qaytalanishining oldini olish maqsadida davolashning qo‘llovchi kurslarini qabul qilishlari shart.
Alohida tavsiyalarimiz shuki, ayollar vaqti-vaqti bilan sut bezlarini qo‘l uchida paypaslab ko‘rishlari va biror o‘zgarish sezsalar albatta shifokorga murojaat etishlari kerak. Agar emizikli ayol sut bezi siliga chalingan bo‘lsa, kasallik bolaga yuqishining oldini olish maqsadida zararlangan ko‘krak bilan go‘dakni emizishlari man etiladi.
Sut bezi sili o‘z vaqtida aniqlanib zarur davo vositalari qunt bilan amalga oshirilsa, bemorlar sog‘ayib oilasi davrasiga – to‘laqonli sog‘lom hayotga qaytadilar.
Zarifa MO‘MINOVA,
mammolog shifokor