Huquq va imkoniyatlar
Xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini oshirishdagi ahamiyati
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ijtimoiy hayotda o‘z o‘rnini topishiga, barcha sohalarda erkaklar bilan teng huquqligini ta’minlashga istiqlolning dastlabki kunidanoq alohida e’tibor berildi. Zero, tenghuquqlilik adolatli va barqaror taraqqiyotning asosiy omillaridan biridir. Bu masalani hal etish bozor iqtisodiyoti islohotlariga bosqichma bosqich o‘tish yo‘lini tanlagan yosh mustaqil davlatlar uchun muhim sanaladi. Chunki, yurtimiz aholisining 51,2 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Yurtimizda ayollarning huquq va imkoniyatlari borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan poytaxtimizning Sergeli tuman 1-son notarial idorasi notariusi Toshmirza Ahmedov o‘z fikrini bildirdi.
– Istiqloldan keyin xotin-qizlarimizga juda katta imkoniyatlar yaratildi, ularning haq-huquqlari qonun muhofazasiga olindi. Ayollarning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy jarayonlarda faol ishtirok etishi jamiyatning huquqiy davlat sari barqaror rivojlanishida muhim omillardan biri sanaladi. Prezidentimiz istiqlolning ilk kunlaridanoq “Insoniyat tarixi shundan guvohlik beradiki, ming yillar davomida har qaysi jamiyatning madaniy darajasi va ma’naviy barkamolligi ayollarga bo‘lgan munosabat bilan belgilanadi. Ayniqsa, ayollarga Sharqona ehtirom va e’zoz biz uchun ibratli merosdir”, deya ta’kidlashi bejiz emas.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 18-moddasida fuqarolarning jinsi, millati, diniy e’tiqodidan qat’iy nazar teng huquqli ekanligi, 46-moddasida erkak va ayollarning teng huquqligi, 117-moddasida esa saylash va saylanish huquqlari kafolatlangan.
Shuningdek, Mehnat va Oila kodekslarida ayollarga imtiyozlar berilib, huquqiy himoyaga olingan. 1999 yil 14 aprelda esa “Xotin-qizlarga qo‘shimcha imtiyozlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinishi bu sohadagi ishlarning jadal rivojlanishiga turtki berdi. Qolaversa, yurtimizda ayollarning jamiyatda, oilada faolligini oshirish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash borasidagi siyosatni amalga oshiruvchi tizim ishlab turibdi. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining rahbari ayni paytda Bosh vazir o‘rinbosari hisoblanadi. Viloyat va tuman xotin-qizlar qo‘mitalarining raislari hokim o‘rinbosari maqomida faoliyat yuritishadi. Ular xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini qo‘llab-quvvatlab, salohiyatini ro‘yobga chiqarishda samarali ta’sir o‘tkazmoqda.
Bugungi kunda oila, onalik va bolalik ijtimoiy muhofazasini hamda ayollar huquq va erkinliklarini ta’minlovchi O‘zbekiston Respublikasining 80ga yaqin qonun va qonun osti hujjatlari amalda joriy etilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi ushbu yo‘nalishdagi xalqaro huquqiy normalarga ham qo‘shilgan. Masalan, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi tomonidan 1979 yil 18 dekabrda qabul qilingan va 1981 yili kuchga kirgan “Xotin – qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish to‘g‘risida”gi Konvetsiyasini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib, 1995 yili ratifikatsiya qilgan. Mazkur Konvensiya 30 ta moddadan iborat bo‘lib, unda xotin-qizlarning ijtimoiy muhofazasi, teng huquqliligi belgilangan.
Yurtimizda siyosatchi ayollarni yuzaga chiqaradigan huquqiy omillarga ham alohida e’tibor berilib, parlament saylovlarida ularga kvota belgilangan. Shuningdek, yaqinda e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma bir yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi qarorida ham ayollarga alohida e’tibor qaratilgan. Hujjatning 1-bandi “a” qismida ayollar, “b” qismida voyaga yetmagan bolalar uzoq muddatli yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilishga hukm qilingan, o‘ta xavfli retsidivist deb topilgan, jinoiy uyushma tarkibida jinoyat sodir etgan, jazoni o‘tash tartibini muntazam ravishda buzayotgan shaxs hisoblanmasa, ushbu qaror bilan ozod etiladi. Bu ham yo‘ldan adashganlarning to‘g‘ri yo‘lga tushib olishiga bir imkoniyatdir.
Javlon SA’DULLAYEV yozib oldi.