Organizm uchun foydali bo‘lgan kletchatkalar haqida bilasizmi?
Kletchatkasiz ovqatlar hazm qilish yo‘lidan chiqib ketguniga qadar 3-5 kun ichida so‘riladi, kletchatkaga boy ovqat esa bu yo‘lni «tezroq» bosib o‘tadi va ayni paytda ichaklarni tozalaydi. O‘simlik oziqlari kletchatkaga boy, hayvon mahsulotlarida (shuningdek, konservalangan va qadoqlangan yeguliklarda) esa ular deyarli bo‘lmaydi. Shuning uchun meva-sabzavotlarni yangiligida muntazam iste’mol qilish yoki ularning sharbatlarini har kuni ovqatlanishdan 30-60 daqiqa oldin ichib turganingiz ma’qul.
Ovqat bilan birga dag‘al, ya’ni erimaydigan kletchatka muntazam tushib turadigan bo‘lsa, organizmda quvvat ortadi. Shundan so‘ng me’yordagi ichak florasi fermentlari yordamida kasallik qo‘zg‘atuvchi mikroblar va viruslar nobud bo‘ladi.
Erimaydigan kletchatkalar don, bug‘doy kepagi, jo‘xori, guruch va boshqa donlarda, kungaboqar doni va sabzavotlar po‘stida mavjud. Ular ichaklarni me’yorida tozalab turish uchun kerak. Oziq tolalari suvni shimib olib, ichakdagi narsalar hajmini 4-6 marta kattalashtiradi, ayni vaqtda ularni mayinlashtiradi. Bu esa peristaltikani kuchaytiradi, ovqat so‘rilishini tezlashtiradi.
Eriydigan kletchatka manbai pektinlardir. Ular ham ichaklar ishini yaxshilaydi, chirish jarayonini va gazlar hosil bo‘lishini sekinlashtiradi, qonda xolesterin darajasining kamayishiga imkon beradi. U olmada, qizil smorodinada, sabzi va sulida, asosan dukkaklilarda ko‘p bo‘ladi.
Maslahat shuki, meva-sabzavotlarni po‘sti bilan iste’mol qiling. Olxo‘ri, olcha va uzum yeyilsa qabziyatning oldini oladi. Ma’danli suvlarni faqat shifokor maslahati bilan iching. Yong‘oqda oqsil ko‘p bo‘ladi, har kuni 100 grammdan yeb turing.
Dukkaklilar (masalan, loviya va no‘xat)da to‘la sifatli oqsillar juda ko‘p. Bularning 100 grammi shuncha miqdordagi go‘sht va baliq orqali tushadigan oqsilga qaraganda foydali.
Kepakning 1 oshqoshig‘ini tayyor ovqatga solish mumkin. Unda suvni so‘radigan, axlat hajmini ko‘paytiradigan, peristaltikani rag‘batlantiradigan kletchatka ko‘p. Kepakni iste’mol qilganda ko‘proq suyuqlik ichishni unutmang.
Suli kepagi xolesterin darajasini pasaytiradi: uning sintezini to‘xtatadi va jigarning qondan xolesterinni ko‘plab miqdorda tutib qolishini rag‘batlantiradi, shuningdek, o‘t kislotalarining ko‘plab ishlab chiqilishiga imkon beradi. Biroq ovqat hazm qilish yo‘llarida yallig‘lanish jarayoni bo‘lganda uni iste’mol qilish mumkin emas. Chunki me’da shilliq qavatini ta’sirlab, yallig‘lanishni kuchaytirishi mumkin.
Grechixa, suli, perlovka, bug‘doyga sut va shakar qo‘shmasdan bo‘tqa pishirib yeb turish kerak. Grechixa va suli bo‘tqasida ham oqsillar ko‘p. Qatiqni ko‘proq ichish lozim. Sabzi sharbati ham ichaklar uchun koni foyda.
Zilola MIRSHARIPOVA,
shifokor