Terimizga e’tiborlimizmi?

Turli fasllarda yuz beradigan ob-havo, olaylik, issiq, shabada, shamol va yomg‘irlar teriga, albatta, o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shu bois barcha fasllarda yuz terisidan tortib, sochlar va qo‘llar alohida parvarishni talab etadi.

Nimalarga e’tibor qaratiladi?


Teri organizmning himoyasini ta’minlovchi asosiy organlardan biri. Teri himoya mexanizmining to‘liq faoliyati bakterial qatlam faoliyati o‘rtasidagi to‘siq vazifasini o‘tovchi bezlarning to‘g‘ri ishlashiga bog‘liq. Organizm himoyachisi vazifasini teridagi ramziy patogen va foydali bakteriyalar bajarishini ko‘pchilik bilmasligi mumkin. Ularning to‘g‘ri balansi va o‘zaro munosabati terining kuz-qish mavsumidagi himoya samaradorligini ta’minlaydi. Shu sabab inson ushbu mavsumda o‘z salomatligiga boshqa fasllarga qaraganda yanada jiddiy e’tibor qaratishi lozim.

Buning uchun avvalo, sog‘lom turmush tarziga rioya etishi va to‘g‘ri ovqatlanish (taomnomaga vitamin va minerallarga boy mahsulotlar kiritilish kerak) taomiliga amal qilishi maqsadga muvofiq. Shuningdek, zararli odatlardan voz kechish, ya’ni chekish, alkogol mahsulotlari iste’molini kamaytirish darkor. Boisi yomon odatlar natijasida teri holati o‘z tabiiyligini yo‘qotadi va organizmning erta qarishiga olib keladi.

Qanday parvarishlash lozim?


Bundan tashqari, terini himoyalashda quyoshdan saqlanish eng birinchi davo choralaridan biri hisob­lanadi. Pigmentli dog‘lardan aziyat chekadigan ayollarga quyoshda iloji boricha kamroq yurish va tarkibida SPF ko‘rsatkichi 15 dan past bo‘lmagan kremlardan foydalanishi tavsiya etiladi. Bu kremlar yuz terisini yangi dog‘lar tushishidan himoyalaydi. Qolaversa, yuzlarimiz uchun maxsus niqoblardan foydalanish ham teri salomatligini muhofazalashda yaxshi natija beradi. Xususan, yoz mavsumi bo‘lganligi uchun ham bu faslda niqob tayyorlashda turli xil meva-sabzavotlardan foydalaning. Bodring, uzum va rezavor mevalardan tayyorlangan niqoblar tarkibidagi vitaminlar teriga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, uni namlantiradi.

Ichki organizmni tozalaymiz…


Teri chiroyli bo‘lishi uchun organizmni ichkaridan sog‘lomlashtirish kerak. Yil davomida kuniga ikki litrdan ziyod suv iching. Chunki suv tezlik bilan oshqozonga va ichaklarga tushadi, zaharli moddalarning chiqarilishiga yordam beradi. Ichaklarni tozalab, ovqatdan keladigan foydali moddalarning yaxshi o‘zlashtirilishiga hissa qo‘shadi. Gap shundaki, suv terini namlantiradi va organizmdan ortiqcha toksinlarni haydaydi. Bu esa teri taranglashishiga, husnbuzar va dog‘lar kabi muammolarning hal bo‘lishiga yordam beradi. Kundalik taomnomaga A, S, Ye vitaminlariga boy mahsulotlarni kiriting. Bular sabzi, pomidor, tuxum, jigar, yong‘oq, baliq hamda turli ho‘l mevalar bo‘lishi mumkin. Ushbu mahsulotlar terining elastikligini saqlab qolib, immunitetni mustahkamlaydi.

Yana o‘qing:  FIDOYILAR HUZURIDA

Kundalik pardoz ham foyda beradi


Kosmetologlarning ta’kidlashicha, pardozni yaratishda chegara bo‘lmasligi kerak. Sababi, aynan pardoz yuz terisini turli fasllarga xos ob-havo o‘zgarishi, ya’ni shamol, yomg‘ir, quyosh va shunga o‘xshash tabiat hodisalaridan asraydi. Shuningdek, quruq ob-havo sharoitida qo‘l parvarishiga ko‘proq e’tibor qarating. Sovundan ko‘p foydalanmang va har gal qo‘lingizni yuvib bo‘lgach, ular uchun mo‘ljallangan krem surtishga odatlaning va tez-tez uqalash mashqini bajarib turing.

Bilsangiz, lablar ham alohida parvarishga muhtoj bo‘ladi. Lablaringiz yorilmasligi yoxud qurib qolmasligi uchun lab bo‘yog‘i surtishdan oldin maxsus malhamdan foydalaning. Lablar uchun mo‘ljallangan maxsus malhamni kosmetika do‘konlari bilan birgalikda barcha dorixonalardan ham topish mumkin.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, sochlar haqida ham alohida qayg‘urish foydadan holi bo‘lmaydi. Chunki bugungi kunda ko‘pchilikda soch to‘kilishi va gullashi kabi muammolar ko‘payadi. Buning oldini olish uchun haftada bir marotaba boshingizga maxsus tayyorlangan turli niqoblardan foydalanishingiz mumkin.

Nargiza IKROMOVA,

shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: