Emlash muolajalari sifati kafolatlanganmi?
Har bir davlatning o‘z milliy emlash jadvali mavjud. Yurtimizda ham shunday milliy emlash jadvali bor.
Unga ko‘ra, har bir bolaning tug‘ilganidan to 16 yoshgacha emlanishi majburiydir.
Fuqarolarimiz uchun jadval asosidagi barcha emlash turlari sifati davlat tomonidan kafolatlangan hamda bepul amalga oshiriladi. Agar ota-ona davlat davolash profilaktika muassasalarida emlashni istamasa, uni pullik vaksinatsiya markazlarida olish mumkin.
Emlash ishlarini amalga oshirishda foydalaniladigan, jahon tibbiyoti amaliyotida keng qo‘llanilayotgan samarali emlash vositalari mamlakatimizga olib kelinib, tegishli tartibda tibbiy-laborator sinovlardan o‘tkaziladi.
Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan sertifikat bilan kafolatlanadi va sovuqlik zanjiri tizimiga rioya etilgan holda joylardagi emlash punktlariga yetkaziladi. Emlash muolajalari shahar va tumanlarda aholiga biriktirilgan oilaviy poliklinika, chekka joylarda esa qishloq vrachlik punktlarida malakali shifokor ko‘rigidan o‘tilgach, maxsus o‘qitilgan hamshiralar tomonidan bepul amalga oshiriladi.
E’tirof
Milliy emlash kalendari bo‘yicha mamlakatimizda bolalar 12 ta boshqariladigan infeksiyaga qarshi davlat hisobidan profilaktik emlanadi. Yuqumli kasalliklarga qarshi emlash uchun sarflanadigan mablag‘lar to‘liq davlat byudjeti hisobidan qoplanib, emlash qamrovi 99,5 foizga yetkazildi. Natijada, 2017 yil Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tomonidan O‘zbekiston qizamiq va qizilcha kasalliklaridan xoli hudud deb e’tirof etildi.
Vaksinalar qaysi kasalliklarning
oldini oladi?
Vaksinalar ma’lum bir xastaliklarning oldini olishga qaratilgan. Masalan:
O‘pka sili – havo-tomchi yo‘li orqali tarqaladigan, o‘tkir yuqumli dard. U og‘ir kechishi, davolanish muddatining uzoqligi va tez yuqishi bilan xavflidir. Sil, ayniqsa, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda og‘ir kechadi.
Ko‘kyo‘tal – oddiy yo‘taldan tubdan farq qiladi. Ammo uning asosiy belgisi ham yo‘tal hisoblanadi. Faqat yo‘tal kuchli xuruj bilan kechib, bemorni ko‘kartirish darajasigacha olib boradi. Ko‘kyo‘tal bolalar orasida uchraydi va yuqumli hisoblanadi.
Qizamiq – badanga turli qizil toshmalarning toshishi, umumiy holsizlik bilan kechadi. U o‘ta yuqumli kasallik hisoblanadi. U og‘ir kechgan hollarda o‘zidan turli asoratlar qoldirishi mumkin.
Difteriya – tomoq shilliq qavatining shikastlanishi bilan o‘tadi. Agar dard og‘ir kechsa, shish paydo bo‘lishi mumkin. Buning natijasida bo‘g‘ilish yuzaga keladi, nafas olish qiyinlashadi.
Qoqshol – kasallikka jarohat orqali organizmga kirgan mikroblar sabab bo‘ladi. Bu mikroblar hayvonlar yoki odamlar tanasida yashaydi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda qoqshol yuzaga kelishiga kindik tizimchasi orqali mikroblarning tushishi sabab bo‘ladi.
Tepki – o‘tkir virusli infeksion kasallik. Bunda quloq oldi so‘lak bezlari yallig‘lanib shishadi. Shuningdek, o‘g‘il bolalarda jinsiy bezlar yallig‘lanishi va kelajakda bepushtlikdek og‘ir oqibatni keltirib chiqarishi mumkin.
Poliomiyelit – kishi organizmida harakatlanayotgan turli mushaklarning zararlanishi va harakatsizlanishi (falajlanishi) bilan kechadi.
Gepatit V (sariq kasalligi) – ko‘pincha jigarni shikastlovchi virus sabab rivojlanadi. Bunda jigar faoliyati buziladi. Xastalik og‘ir kechgan hollarda asorati sifatida jigar saratoni yoki jigar sirrozi kelib chiqishi mumkin.
Rotavirus – Rotavirus infeksiyasi odam va jonivorlarda uchraydigan o‘tkir yuqumli kasallik bo‘lib, uni viruslar qo‘zg‘atadi va oshqozon-ichak yo‘liga zarar yetkazadi, oqibatda oshqozon faoliyati keskin buziladi. Rotaviruslar bolalarda og‘ir diareyalarni keltirib chiqaradi. Mazkur infeksiyaga, ayniqsa, 1 – 6 yoshdagi bolalar to‘qnash kelishadi.
Emlashda xavfsizlikni ta’minlovchi talablar:
Har bir emlashdan oldin qo‘l sovunlab yuviladi.
Har bir emlash uchun bir martalik, o‘zi parchalanadigan shpritsdan foydalaniladi.
Vaksinali flakonning butunligi, uning etiketkasi va vaksinaning bolani emlash uchun to‘g‘ri kelishi tekshiriladi. Agar flakonning butunligi buzilgan yoki yorilgan, uning tarkibida o‘zgarish (cho‘kma) bo‘lsa, etiketkasi bo‘lmasa, flakon tezda yo‘q qilinadi, uni ishlatish mumkin emas.
Vaksinali flakonning indikatoriga e’tibor berish kerak. Agar indikator rangi o‘zgarib, atrofdagi rang bilan bir xil yoki unga qaraganda to‘qroq bo‘lsa bu flakonni ishlatish ta’qiqlanadi.
Qizamiq-parotit-qizilcha (KPK) va sil (BSJ) vaksinalarini faqat vaksina ishlab chiqaruvchi zavod yoki korxonaning ushbu vaksinaga ishlangan erituvchisi bilan eritish kerak.
BSJ vaksinani eritish uchun 2.0 ml. shprits, KPK vaksinani eritish uchun 5.0 ml. hajmli shpritsdan foydalanish kerak.
KPK va BSJ vaksinalarni eritilgandan keyin 6 soat davomida ishlating, keyin qoldiqdagi vaksinani yo‘qotish lozim. Esdan chiqarmaslik kerakki, 6 soatdan keyin ishlatilgan KPK, BSJ vaksina bilan emlangan bolada noxush holatlar kuzatilishi mumkin.
Yuborilayotgan vaksina miqdori va uni tananing qaysi joyiga yuborish qoidasiga albatta amal qiling:
Gepatit V-0.5 ml. dozada boli soni oldi qismi mushak orasiga;
AKDS – 0.5 ml. dozada bola soni oldi qismi mushak orasiga;
Pentavlent – 0.5 ml. dozada bola soni oldi qismi mushak orasiga;
Pnevmokokk – 0.5 ml. dozada bola soni oldi qismi mushak orasiga;
IPV – 0.5 ml. dozada bola soni oldi qismi mushak orasiga;
ADS-M-0.5 ml. dozada bola soni oldi qismi mushak orasiga;
KPK-0.5 ml. dozada qo‘lning yelka qismi teri ostiga;
BSJ-0.05 ml. dozada qo‘lning yelka qismi teri orasiga;
OPV – bolaning og‘ziga 2 tomchi doza tomiziladi;
Rotariks – bolaning og‘ziga 1.5 ml. dozada yuboriladi.
Emlangan bola emlashdan so‘ng 3 kun davomida tibbiyot xodimi nazorati ostida bo‘ladi. Buning uchun patronaj tibbiyot xodimi 3 kun davomida bolaning uyiga borib tibbiyot ko‘rigidan o‘tkazishi lozim. Bolaning ahvolida o‘zgarish paydo bo‘lsa, onasiga darhol shifokorga murojaat qilishni tayinlashi lozim.
Emlangan bolada emlashdan so‘ng 2-3 soat ichida infeksion-toksik shok belgilari: ich ketish, qusish, tana haroratining ko‘tarilishi kuzatilsa, tezda shifoxonaga yotqizish choralarini ko‘ring.
Emlash o‘tkazilgan bir martalik shpritslarni maxsus xavfsiz qutiga tashlash lozim. Ishlatilgan shpritsga qalpog‘ini kiygizish mumkin emas. Ishlatilgan shpritslarni xavfsiz yig‘ish qutilar to‘lganida maxsus insenerator yoki pechlarda yoqib yo‘qotiladi.
Vaksinalar sovutgichlarda plyus ikkidan plyus sakkizgacha haroratda (+2…+8) saqlash qoidalariga so‘zsiz amal qiling:
- Polimiyelit va KPK vaksina sovutgichning yuqori polkasida (tokchasida);
- AKSD, Pentavalent, pnevmokokk, ADS-M, rotariks, IPV, gepatit V vaksinalari sovutgichning o‘rta polkasida saqlanadi;
- vaksinalarni sovutgichning eshigida saqlash ta’qiqlanadi.
Dilbandlarimiz uchun…
Hozirda ko‘pchilik Milliy emlash taqvimiga kiritilganidan tashqari vaksinalar bilan ham o‘z farzandlarini emlashyapti. Buning ajablanarli joyi yo‘q. Axir biz davolanish uchun dori, kasal bo‘lmaslik uchun vitamin sotib olgandek, zurriyodimizni himoya qilish uchun vaksina qildirsak nima bo‘libdi?!
Xo‘sh, o‘zimiz vaksinoprofilaktika markazlariga murojaat etganimizda qanday kasalliklarga qarshi emlanish kerak?
Gemofil infeksiyasiga qarshi. U meningit – miya qobig‘i yallig‘lanishiga olib keladi.
Odam papilloma virusiga qarshi. Bunday emdorini hech bo‘lmasa 12 – 14 yoshlardagi qizlarga qildirish kerak, shunda u kelgusida bachadon bo‘yni saratonidan himoya qiladi.
Rotavirus infeksiyasiga qarshi. U kuchli ich ketishiga sabab bo‘ladi. Milliy emlash jadvalimizga ham bu emlash turining kiritilgani yurtimiz bolalarining ich ketish xastaligidan aziyatlanish foizini anchaga kamaytirdi.
Suvchechakka qarshi. Yengil dardga o‘xshaydi, ammo u tufayli odamlarning yostig‘i qurimoqda. Infeksiya go‘daklar (negaki ilk oylarda, emlash taqvimiga ko‘ra, bunday emdori qo‘llanilmayapti), homilador ayollar, onkobemorlar uchun xavfli. Bolalarni suvchechakka qarshi emlash orqali siz nafaqat bolani, balki yaqinlaringizni ham ushbu darddan himoyalagan bo‘lasiz.
Vaksinatsiyadan emas, kasalliklardan cho‘chish kerak. Emdori allaqachon o‘lat, chechakni yengdi, difteriya va poliomiyelitni qariyb yo‘qotdi, gripp tufayli o‘lim darajasini ancha kamaytirdi. Ular umrimizni ancha uzaytirish imkonini berdi.
Dilorom TURSUNOVA,
shifokor