Tibbiyot xodimi nega oq xalat kiyadi?

Azaldan tibbiyot xodimlarining ish kiyimi oq xalat hisoblangan. Ushbu uniforma 1860 yillarda rasman tan olingan. Oq rang poklik, tozalik ramzi bo‘lishi bilan birga, steril muhitni paydo qiladi. Mikroblar oq rangdan qochadi. Ya’ni, ularning ushbu «hudud»da ko‘payish ehtimoli nihoyatda kam.

Yevropa mamlakatlarining barcha tibbiyot muassasalari tibbiyot xodimlarining ish kiyimini oq xalat sifatida ma’qul ko‘rishgan bo‘lsalar-da, ko‘p o‘tmay ushbu tusdagi libos ko‘zni toliqtirishi haqidagi farazlar yangray boshlaydi. Ana shunda oq xalatni asosiy uniforma sifatida qoldirib, qo‘shimcha ravishda boshqa rangli libos ishlab chiqarish fikri paydo bo‘ldi.

«Ko‘zlaringiz toliqdimi, libosingizni yangilang!»

Bu XXI asr boshlarida Yevropa tibbiyot muassasalarida ommalashgan shiorlardan biri edi. Oq xalatdan hozir ham foydalaniladi. Lekin uniformalar qatoriga ko‘k va yashil tuslilari ham sekin-asta qo‘shila boshladi. Sizningcha, nima uchun aynan shu ranglar tanlandi?
Operatsiya vaqtida ichki a’zolar hamda qizil qon rangi ko‘zni charchatadi. Bu paytda nigohingizni ko‘k va yashil tusli narsa – buyumga qaratsangiz, ko‘zlardagi toliqish yo‘qoladi. Bir necha soat davomida ko‘zlar qizil tusdan o‘zgasini ko‘rmasa, ularning ta’sirchanligi kamayadi. Qolaversa, qizil rangga «ko‘nika» boshlagan ko‘zlar, oq tusli ust kiyimga qaratilganida ola-bulalik yuzaga keladi.

Bu shunchaki talab emas, balki…

Tishingiz og‘rib, azoblanayotgan bo‘lsangizu sizni egniga uniqqan oq xalat kiyib olgan tibbiyot xodimi kutib olsa, ko‘nglingiz g‘ash bo‘ladi. To‘g‘rimi?
Tibbiyot xodimining ish kiyimiga qo‘yiladigan eng birinchi talab uning bemor ruhiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishidir. Psixologiyada bosh miyada kuchli qo‘zg‘alishni keltirib chiqarmaydigan ranglar – oq, ko‘k, yashil, och pushti hisoblanadi. Shuningdek, forma mayin va tiniq rangli matodan ishlab chiqarilishi, suv va qon yuqiga chidamli bo‘lishi darkor. Zichligi jihatidan o‘zida mikrob va bakteriyalarni saqlab qolmasligi ham muhimdir. Ayni ushbu talablardan kelib chiqib, tibbiyot xodimlarining ish kiyimi maxsus sexlarda tikiladi.

Kimda qanday?


– Ambulator davolash bo‘limlarida ishlaydigan tibbiyot xodimlari asosan oq xalat, kalta xalat va shim, bosh kiyim, lateks qo‘lqoplaridan foydalanishadi;
– Jarrohlik bo‘limi xodimlariga sterillangan to‘plamlar: qalpoq, uzun baxila, shim va kalta xalatli forma, favqulodda holatlarga chidamli qo‘lqop, laminatsiyalangan kurtka yoki xalat beriladi;
– Infeksion kasalliklar bo‘limi ishchilari chidamliligi yuqori bo‘lgan xalat (uzun/kalta), maxsus yenglik, etak va bosh kiyimi kiyishadi;
– Kasalxona, klinika va kosmetologiya markazlarining tibbiyot xodimlari orasida bluzonlardan foydalanish ommalashgan. Bluzonlar bu beldan tushib turuvchi yengli ust kiyim bo‘lib, to‘plamga keng bichilgan shim ham kiritilgan.
– Jarrohlik hamda reanimatsiya bo‘limi xodimlari, odatda, oq, ko‘k va yashil rang forma kiyishadi. Och pushti rangli bluzonlarni pediatriya bo‘limi hamshiralarida uchratish mumkin.
– Jarroh, akusher-ginekolog, infeksionist shifokorlarning ish kiyimi o‘ziga suvni shimib olmaydigan hamda bakteriyalarga o‘ta chidamli matodan tikiladi.

Yana o‘qing:  Aqlli “igna” yaratildi

Kosmetologiya markazlarida…


Muassasada qabul qilingan nizomga ko‘ra, xodimlar ish kiyimi bir xil rangda qabul qilinishi mumkin. Misol uchun, Germaniya kosmetologik markazlarida kompaniya logotipiga mos qilib, och havo rang, olovrang yoki xantal tuslaridan foydalanishadi. Xitoy va Yaponiyada ko‘k va yashil rang formalar ma’qul ko‘riladi.

Gigiyenik toza mahsulotdan tayyorlanadi


Bugunga kelib tibbiyot xodimining bosh ki­yimi turli ko‘rinishlarga ega. Ommalashganlari asosan qalpoqcha, beret, kepi (yumshoq bosh kiyimi), uchburchak ro‘mol, old qismi yuz, ko‘z va labni berkitib turuvchi orqa tarafidan bog‘lanadigan bosh kiyimi hamda bandana.
Tibbiyot xodimi qay bir bosh kiyimdan foydalanmasin, barchasi uchun yagona talab gigiyenik toza mahsulotdan ishlab chiqarilgan bo‘lishi, ko‘rinishi ozoda hamda dazmollanganligidir.
Tibbiy formalar bezak va qo‘shimcha ranglarni istisno etadi. Hatto bosh kiyimi ham bir xil tusda bo‘lishi lozim.

Durdona MUROTALIYEVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: