Bolajonlar maroqli dam oladi
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlarining ta’til vaqtlarini maroqli o‘tkazish maqsadida bir qator tashkilotlar bilan hamkorlikda sog‘lomlashtirish oromgohlarini tashkil etmoqda.
Jumladan, fond shahar hokimligi bilan hamkorlikda poytaxtda istiqomat qiluvchi 100 nafar kam ta’minlangan oila farzandlari uchun jamg‘armaning tibbiy-ijtimoiy markazida o‘n kunlik bolalar oromgohini tashkillashtirdi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, bolajonlarimizning ko‘ngilli dam olishlari uchun oromgohda turli ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va sport tadbirlari, davra suhbatlari xamda intellektual o‘yinlarni o‘tkazishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan.
Shuningdek, jajji o‘g‘il-qizlarga sog‘lom turmush tarzi, gigiyena qoidalari va salomatlik sirlarini o‘rgatish maqsadida “Sog‘lom avlod – kelajak poydevori” shiori ostida turli uchrashuvlar, favqulodda hodisalarda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish musobaqalari o‘tkaziladi.
Sa’dulla TO‘RABEKOV