“Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shaharlar” global tashabbusi O‘zbekistonda
Ayni paytda Respublikamiz aholisining 55 foizini yoshlar tashkil etadi.
20 yildan so‘ng bugungi bolalar va yoshlar O‘zbekiston tarixidagi eng katta ishchi kuchiga aylanadi. Bugun yosh avlodning salohiyatini oshirishga kiritilayotgan investitsiya ertaga meva bera boshlaydi, ya’ni bolalar va yoshlar O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Bugungi kunda hukumatimiz tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga, yoshlar bilan ishlash siyosatini takomillashtirishga eng yuqori darajada e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, yoshlar uy-joyga ega bo‘lishiga, ta’lim olishiga, bandligiga, ijtimoiy himoyalanishiga katta mablag‘lar ajratilmoqda.
Bu borada “Hokim va yoshlar” uchrashuvlari, Yoshlar parlamentlari muloqot uchun maydonga aylanib ulgurdi.
Ularning mantiqiy davomi va yoshlar bilan ishlashda tizimli yondashuvlar taklifi sifatida “Yuksalish” umummilliy harakati BMTning Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF bilan hamkorlikda “Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shaharlar” global tashabbusini amalga oshiradi.
Uning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, har bir bola va yosh yigit-qiz ular uchun xavfsiz bo‘lgan, asosiy ijtimoiy xizmatlardan foydalana oladigan hamda ularning ovozlariga quloq tutib, fikr-mulohazalari e’tiborga olinadigan muhitda o‘sish va rivojlanish huquqiga ega.
Tashabbus mahalliy boshqaruv tizimida bolalar huquqlarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratishga xizmat qiladi, shuningdek, bolalarning fikri va ehtiyojlari davlat siyosati, dasturlari va qarorlarining ajralmas qismi bo‘lgan jamoatchilikni shakllantirishga yordam beradi.
Maqsad – bolalar va yoshlarning bevosita ularning hayotiga tegishli masalalar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etishiga va tegishli ravishda joylarda harakat daturlarini ishlab chiqib, ularni amalga oshirishga yo‘naltirilgan tizimli yondashuvni qo‘llashdir.
O‘zbekistonda “Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shaharlar” dastlab turli viloyatlardagi 5 ta shaharda amalga oshiriladi. Buning uchun hamkor tashkilotlar uslubiy, texnik va moliyaviy ko‘mak beradi. Avvalo, joylarda bolalar va yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar tahlil qilinib, ularni takomillashtirish bo‘yicha dasturlar shahar hokimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqiladi.
Tashabbus doirasida quyidagi yo‘nalishlar qamrab olinadi:
- yoshlar bandligi tizimini takomillashtirish;
- qo‘shimcha ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish;
- yoshlar madaniyatini rivojlantirish;
- xavfsizlik va farovon atrof-muhitni yaratish;
- sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish.
Ma’lumot uchun: “Bolalar va yoshlar uchun do‘stona shaharlar” global tashabbusi YUNISEF tomonidan 1996 yilda BMTning aholi punktlarini rivojlantirish masalasi bo‘yicha ikkinchi konferensiyasi rezolyusiyasi doirasida ilgari surilgan. Bugungi kunda ushbu tashabbus dunyo bo‘ylab 3 000 ta shahar, 30 million nafar bolalar va yoshlarni qamrab olgan.
Maryam AHMEDOVA,
jurnalist