«Nobel Pharmsanoat» kompaniyasida nima gaplar?
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish Agentligi tashabbusi bilan «Nobel Pharmsanoat» kompaniyasiga press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar ishlab chiqarish, dori-darmonlar tayyorlash jarayonlari, erishilgan yutuqlar hamda pandemiya munosabati bilan ishlab chiqarilgan yangi turdagi mahsulotlar bilan tanishtirildi.
Ayni paytda, «Nobel Pharmsanoat» ishlab chiqarishdan tortib, mahsulotning sifatli saqlanishigacha, marketingigacha bo‘lgan barcha bosqichlarni o‘z ichiga olgan. Ta’kidlash joizki, kompaniya O‘zbekistonda 10 GMP sertifikatiga ega korxonalar qatoriga kiradi va tabletka, kapsula va suspenziyalar kukun shaklida bir navbatda yiliga 5,5 million quti mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega zamon talablari darajasidagi korxonalardan hisoblanadi.
Korxona soha bilimdonlarining izlanishlari tufayli xalqaro standartlarga mos, yuqori sifatli dori-darmon mahsulotlarini ishlab chiqarib, aholi salomatligi yo‘lida mahalliy dorixonalarni ta’minlabgina qolmay, ularni Qozog‘iston, Afg‘oniston, Gruziya, Turkiya va Moldoviya kabi xorij davlatlariga eksportga chiqarishni ham uddalamoqda.
Ayni paytda korxona tomonidan yangi mahalliy xom ashyo asosida ikki turdagi («Tales», «Nikotinabs») tayyor dori mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda hamda O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi O‘simlik moddalari kimyosi instituti bilan hamkorlikda mahalliy shifobaxsh giyohlardan tabiiy xomashyo asosida
dori-darmon vositalari ishlab chiqarish uchun ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
E’tiborlisi, korxonada ishlab chiqarilayotgan 26 turdagi mahsulotlar import o‘rnini bosuvchi dori vositalari ro‘yxatiga kiritilgan.
Korxonaning to‘rt yuz nafarga yaqin mehnat qilayotgan ishchi-xodimlari xalqaro standartlarga mos yuqori sifatli mahsulot ishlab chiqarish, o‘z malakalarini oshirish borasida Turkiya, Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Hindiston kabi davlatlarda malaka oshirib qaytishgan.
«Ulkar Holding» kompaniyasi o‘z ishlab chiqarish quvvatlarida tatbiq qilayotgan «Nou Xau» texnologiyalari investitsiyasi loyihasi doirasida «Nobel Pharmsanoat» uchun AQSH, Germaniya, Xitoy, Shveysariya, Angliya, Italiya, Yaponiya, Turkiya, Koreya va Hindiston kabi o‘lkalardan yangi zamonaviy dori-darmon ishlab chiqarish va laboratoriya sifat nazorati uskunalarini keltirish orqali investitsion loyihalarini davom ettirmoqda.
Ta’kidlash joizki, korxona COVID-19 pandemiyasi sharoitida ham O‘zbekistonda koronavirusga qarshi «Kovipir» dori vositasini ishlab chiqarib, ro‘yxatdan o‘tkazdi. Diqqatga sazovor joyi, kovid kasalligi tufayli yuzaga keladigan qon quyulishini bartaraf etuvchi «Rivaroksaban» va «Dipiridamol» dori vositalarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
«Nobel Pharmsanoat» kompaniyasida bo‘lib o‘tgan press-tur davomida yangi ishlab chiqarilgan dorilar taqdimoti bilan bir qatorda, dori ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishtirildi, roliklari qo‘yilib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.
Maryam AHMEDOVA,
Amal SOLIYEVA