El sog‘ligi – yurt boyligi
(Reklama o‘rnida)
– Uzr, qaysi bo‘limda davolanyapsiz, qizim? – so‘radi fizioterapiya bo‘limida navbat kutib turgan ayol yonidagi juvondan.
– Xolajon, men 2-terapiya bo‘limiga kelganimga ikki kun bo‘ldi.
– Yaxshi davolashyaptimi?
– Ha, shifokor va hamshiralar xushmuomala, muolajalarni vaqtida qilishyapti. Ayniqsa, fiziomuolajalarning beminnat, vaqtga qarab navbatga qo‘yilgani, hamshiralarning chaqqonligi bois ko‘p kutib qolishga ham hojat qolmas ekan.
– Ha, qizim, baraka topishsin! Shifokorlar bor ekan salomatligimiz mustahkam, biror joyimiz og‘rib qolsa, darrov yordamlarini ayashmaydi.
Bugungi kunda mamlakatimizda inson salomatligini asrash, aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatishni yanada yaxshilash, turli kasalliklarning oldini olish, aholi o‘rtasida tibbiy madaniyatni yanada yuksaltirish borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan Toshkent shahar 5-son klinik shifoxonasida kardiologiya, kardionevrologiya, 1– va 2-nevrologiya, xirurgiya, 1– va 2-terapiya, homiladorlar patologiyasi, tug‘ruq bo‘limi, qabulxona, markaziy sterilizatsiya bo‘limi, funksional diagnostika, laboratoriya, rentgen bo‘limlarining xodimlari inson salomatligi yo‘lida astoydil xizmat qilmoqda.
– 1960 yildan buyon statsionar tizimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan klinik shifoxonamizda bugungi kunda 80 foiz o‘z-o‘zini moliyalashtirish tizimi, 20 foiz davlat byudjet tizimi asosida tibbiy xizmat ko‘rsatilib kelinmoqda. Barcha bo‘limlarimiz zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar hamda apparatlar bilan jihozlangan, – deydi klinika rahbari Gulnora Kenjayeva. – Aytish joizki, klinik shifoxonamizda o‘z-o‘zini moliyalashtirish hisobidan EXO EG, ENMG, IVL, UTT, chaqaloqlar uchun KYUVYeZ apparati, laparoskopiya, raqamli rentgen, elektroensefalogramma, endoskopiya apparatlari hamda funksional krovatlar bilan ta’minlangani kasalliklarni tezkor va aniq tashxislash hamda to‘g‘ri davolashda muhim o‘rinni egalladi. Klinik shifoxonamizda to‘liq va joriy ta’mirlash ishlari ham amalga oshirildi. O‘tgan yili qabul bo‘limi va markaziy sterilizatsiya bo‘limlari to‘liq ta’mirdan chiqarildi. Bir qancha bo‘limlar joriy ta’mirlandi.
Ha, bugungi kunda 417 nafar tibbiyot xodimi mehnat qilayotgan klinik shifoxona inson salomatligi yo‘lida samarali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Bemorlarning shifo topishida asosiy o‘rin egallaydigan fizioterapiya bo‘limida 26 nafar xodim faoliyat ko‘rsatadi. Bo‘limda lazeroterapiya, yuqori va past chastotali tok bilan davolash, uqalash, ingalyasiya, suv muolajalari, parafin, davolash fizkulturasi va boshqa muolajalarni sifatli amalga oshirayotgan fizioterapevt vrach Xurshida Ochilova va hamshiralardan bemorlar minnatdor.
Shuningdek, klinik bo‘limlarda bemorlarga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatib kelayotgan tajribali shifokorlar «Ustoz-shogird» an’analari asosida yosh shifokorlar bilan doimiy hamfikr va hammaslakdirlar.
Jumladan, klinikada yarim asrdan ziyod mehnat qilib kelayotgan Funksional tashxis bo‘limi mudiri, oliy toifali shifokor E’tibor Haydarova ko‘plab shogirdlarga ustoz.
Davolash ishlari bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari Ochaqiz To‘ychiyeva, 1-terapiya bo‘limi shifokori, bo‘lim boshlig‘i Inga Chachanidze, UZI shifokori Barchinoy Guzarova kabi o‘z kasbining ustalari bemorlarning davo topishlari yo‘lida fidoyilik bilan mehnat qilayotgan bo‘lsalar, Tug‘ruq bo‘limi mudiri Yulduz Rasulova, katta doya Olga Butaxina, doyalar Laylo Po‘latova, Ra’no Sherquziyeva, neanatolog Xolida Haydarova, ginekolog Muyassar Matniyazova har kuni dunyoga keladigan 7-8 nafar chaqaloqning sog‘lom tug‘ilishi, ona-bola muloqoti, parvarishi va ularni eson-omon oila bag‘riga kuzatishda mas’uldirlar.
Ha, aslida tiriklikning mazmun va mohiyati, mehnat qilishi inson salomatligiga bog‘liq ekan, tibbiyot sohasida olib borilayotgan izchil islohotlar, yuksalishlar va chiqarilayotgan davlat dasturlari ham avvalo inson salomatligini asrab-avaylash hamda mustahkamlashga qaratilgandir.
Ayni paytda, 5-klinik shifoxona rahbariyati yangi reja va loyihalar ustida sa’y-harakatlar olib bormoqdaki, maqsad davolash maskanida bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini amalga oshirish hamda davolash ishlarini yanada yaxshilashdir.
Maryam AHMEDOVA,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi