Ona-bola salomatligi muammolari: sabab nimada?
Bugun zamonaviy tibbiyotda bexatar onalik tushunchasi tez-tez tilga olinmoqda. Buning o‘ziga xos sabablari bor. Jahon miqyosida homilador bo‘lgan har o‘n ayoldan biri uchun onalik kasallik, og‘ir asoratlar va hatto, o‘lim xavfini keltirib chiqarmoqda. Dunyoda har yili besh yuz mingdan ziyod ayol hamda o‘n milliondan ortiq go‘dak ana shu muammo tufayli bevaqt olamdan o‘tadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, BMTning Bolalar jamg‘armasi – YUNISEF va boshqa xalqaro tuzilmalar mazkur vaziyatni yumshatish, oldini olish maqsadida bexatar onalik tashabbusini ilgari surayapti.
Mamlakatimizda ham jamiyat rivojiga jiddiy to‘g‘anoq bo‘ladigan bu muammoga qarshi kurashish tibbiy-ijtimoiy islohotlarning asosiy yo‘nalishiga aylangan. Sog‘liqni saqlash tizimidagi yangilanishlar jarayonida aholiga birlamchi tibbiy-profilaktika xizmati ko‘rsatish sifatini oshirish, patronaj yordamini, ona-bola skrining xizmati hamda perinatal yordamni takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ana shunday ezgu maqsadga xizmat qilmoqda.
Kamida 3-4 yil
Xo‘sh, yurtimizda zamonaviy tibbiy sharoitlar yaratilganiga qaramay, ona va bola salomatligi bilan bog‘liq muammolar hamon ro‘y berayotganining asosiy sababi nimada? Bu haqda so‘z yuritishdan avval bexatar onalikning ustuvor tamoyillariga to‘xtalib o‘tsak.
Tug‘ruqlar orasidagi muddatning 3-4 yildan kam bo‘lmasligi bexatar onalikning eng muhim shartidir. Bu muddatda ona qo‘lidagi bolasini ko‘krak suti bilan to‘liq oziqlantirish, uni yaxshi parvarishlashga erishadi. Qolaversa, ayol organizmi ham o‘zini tiklab oladi. Oilada iqtisodiy va ruhiy muhit ham yaxshilanadi.
Agar tug‘ruqlar orasi qisqa bo‘lsa, onada kamqonlik rivojlanadi, ayol organizmi kasalliklarga ta’sirchan bo‘lib qoladi. Qo‘lidagi bola ko‘krak sutidan erta ayriladi, onaning uni parvarishlash imkoniyati kamayadi. Natijada, go‘dak immuniteti pasayadi, xastaliklarga moyilligi ortadi. Qolaversa, ayol organizmi o‘zini yaxshi tiklab olmagani bois homilaning mutanosib rivojlanishi uchun ojizlik qiladi. Ona va bola salomatligi, hayoti xavf ostida qoladi. Bundan nafaqat oila, balki butun jamiyat jiddiy zarar ko‘radi. Shuningdek, erta, aniqrog‘i 20 yoshgacha va kech – 35 yoshdan keyin homilador bo‘lish, ekstragenital kasalliklarni o‘z vaqtida davolatmaslik kabi holatlar ham ona-bola sog‘lig‘iga jiddiy ta’sir etadi.
Demak, sog‘lom onalik baxtiga erishish, sog‘lom farzandni dunyoga keltirish har bir juftlikning oilani rejalashtirish borasida to‘g‘ri qabul qiladigan qaroriga, o‘zi va farzandlari salomatligi, kelajagi haqida qayg‘urishiga bog‘liq. Albatta, bu jarayonda oilaga istalmagan homiladorlikning oldini olish borasida zamonaviy tibbiy yordamni tashkil etish ham muhim ahamiyatga ega. Aytish joizki, mamlakatimizda kontratsepsiya vositalari aholiga bepul beriladi. Uning bir necha turlari bor. Tibbiy ko‘rsatma asosida har bir ayol o‘zi uchun qulay bo‘lgan kontratsepsiya vositasidan foydalanishi mumkin. Bu borada oilalarga zarur maslahat va ko‘mak berish malakali shifokorlar bilan bir qatorda, patronaj hamshira zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Bexatar onalik targ‘iboti
Tibbiyot xodimlari yosh oilalarga kirib borganda oila a’zolarining oilani rejalashtirish borasidagi fikrlari bilan qiziqib, ularga bexatar onalik bo‘yicha zarur maslahat berib borishi lozim. Oilada kontratsepsiya vositalariga ehtiyojni o‘rganish kerak. Chunki, kontratsepsiya bo‘yicha aholi orasida maslahat olib borish yuqori sifatli tibbiy xizmatning asosiy jihatlaridan biridir. Bu jarayonda mijozlar huquqi ustuvor o‘ringa qo‘yilishi lozim. Kontratsepsiyani to‘g‘ri qo‘llash, uning ta’sir qilish mexanizmi yuzasidan yetarli ma’lumotga ega bo‘lish, ushbu vositalarning keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlari haqida ma’lumot berish salohiyatiga ega bo‘lish muhimdir.
Qolaversa, erta va kech tug‘ruqlarning oldini olish, fertil yoshidagi ayollarni belgilangan muddatlarda tibbiy ko‘rikka jalb etish, ekstragenital kasalliklarni o‘z vaqtida sog‘lomlashtirish doimiy e’tiborda bo‘lishi lozim. Shu taxlit har bir ayolning sog‘lom onalik baxtiga erishishiga, oilalarda sog‘lom bolalarning dunyoga kelishi va kamolga yetishiga o‘zining munosib ulushini qo‘shgan bo‘ladi.
Holida RAJABOVA,
shifokor