O‘smir yoshdagi farzandga yanada e’tiborliroq bo‘lish lozim(mi?)

Kechagina dunyoga kelgan farzandingiz bugun o‘spirin yigitga aylandi. Bo‘yi bo‘­yingizga tenglashgan, o‘zini kattalardek tutishga chog‘langan jigarbandingizning o‘qishda, hayotda erishayotgan yutuqlarini ko‘rib quvonishingiz tabiiy.
Buni ko‘rib, ba’zi otalar: «endi yumushlarni o‘g‘limga ishonib topshirsammikan», degan xayolga borishadi. Biroq, bunga hali ancha erta. Chunki, o‘g‘lingiz hayot tashvishlarini yelkasiga olishga ancha yoshlik qiladi. Uni mustaqil hayotga tayyorlash uchun ota-ona zimmasida hali ko‘p vazifalar bor. Ularni to‘laqonli bajarish uchun, avvalo, o‘smirlik davriga qadam qo‘ygan o‘g‘lingizning organizmida qanday ruhiy va jismoniy o‘zgarishlar ro‘y berayotganini bilishingiz foydadan holi bo‘lmaydi.
Bu boradagi savollar bilan SSV Matbuot xizmati Toshkent shahar o‘smirlar dispanseri shifokori, oliy toifali urolog Radik KASHAPOVga murojaat qildi.

– Ba’zi ota-onalar o‘smir yoshdagi o‘g‘illarining tez-tez xastalanib, yotib qolishidan nolishadi. Buning sababi nimada?


– O‘g‘il bolalarda o‘tish davri qizlarnikiga qaraganda bir-ikki yil kechroq boshlanadi. Shuni ham aytish kerakki, o‘smirlik davrining aniq chegaralari yo‘q.
Mutaxassislarning fikricha, bolalikdan o‘smirlikka o‘tish davri 10-11 yoshdan boshlanib, 15-17 yoshgacha davom etishi mumkin. Bundan tashqari, bu davrdagi o‘ziga xos xususiyatlar har bir bolada turlicha ifodalanadi. Chunki, odam organizmi o‘ziga xos ritmlar asosida rivojlanadi.
Biroq, har qanday holatda ham o‘smir organizmida psixologik-fiziologik o‘zgarish­lar shu qadar jadallik bilan kechadiki, bundan ba’zida bolalarning dili ham, nozik jussasi ham birdek ozor chekishiga guvoh bo‘lamiz.
Dilbandimiz ba’zida vujudidagi og‘riqli o‘zgarishlarga dosh berolmay xastalanib yotib qoladi. Ammo, bunday holatga har doim ham jiddiy kasallik, deb qarash to‘g‘ri emas. Bunga aksariyat holatda o‘tish davrida organizmda jadal sur’atlar bilan kechayotgan psixo-fiziologik o‘zgarishlarga ayrim a’zolar mos ravishda rivojlanishga ulgurolmay qolishi sabab bo‘ladi. Ichki a’zolarning yetilishi me’yorga tushishi bilan bunday kasalliklar o‘z-o‘zidan yo‘q bo‘lib ketishi mumkin.

– O‘smirlik davrini boshdan kechirayotgan bolaga ota-onasi qanday madad berishi mumkin?


– Bolalik bilan xayrlashib asta-sekin o‘smirlik davriga kirib borayotgan o‘g‘il bolalarning xarakteridagi jiddiy o‘zgarishlarga jismoniy va jinsiy jihatdan ulg‘ayish jarayonining faollashuvi sabab bo‘ladi. Bu yoshdagi bolalar dunyo ahliga ulg‘ayib qolgani haqida jar solgisi kelaveradi. Oqibatda ular psixik jihatdan zo‘riqib, xarakteri keskin tarzda o‘zgaradi.
Bolalarimizning bunday ziddiyatli holatlardan tezroq qutulishida oilaviy muhitning ta’siri katta. Ota-ona oilada o‘zaro totuvlik, hurmat va samimiylik hukmron bo‘lishini ta’minlab bersa, o‘smir o‘zining ichki ziddiyatlarini birmuncha yumshatishi, fe’l-atvorini ijobiy tomonga o‘zgartirishi mumkin.
Oilaviy muhit og‘ir bo‘lsa, o‘smirlarning fe’l-atvoridagi salbiy xususiyatlar yanada keskinroq ko‘rinish kasb eta boshlaydi. Bolalar bebosh bo‘lib, ko‘chaning ta’siriga tushib qolishi mumkin. Demak, farzandlarning kelajak taqdiri oila muhiti, ota-ona ibrati va tarbiyasiga bog‘liq ekanini aslo unutmaslik lozim.

– Shu davrda tez-tez uchraydigan dep­ressiya holatini qanday yengillashtirish mumkin?


– O‘tish davrida o‘spirin hayotida eng og‘ir asorat qoldirishi mumkin bo‘lgan muammo – depressiya, ruhiy tushkunlikdir. O‘spirinlar kichik muammolardan, masalan, yuziga husnbuzar toshishidan yoki semirib borayotganidan ham tushkunlikka tushishi mumkin.
Ota-ona farzandidagi har bir ruhiy o‘zgarishga e’tibor qaratib, uning tushkunlik holatidan chiqishiga ko‘maklashmasa, farzandini muammolari bilan yolg‘iz qoldirsa, bu ayni o‘sib yetilish pallasini boshidan kechirayotgan o‘smir uchun fojiali yakun topishi mumkin.
Albatta, hech bir ota-ona farzandiga bunday qismatni ravo ko‘rmaydi. Shunday ekan, farzand kelajagi uchun hayotning ba’zi ne’matlaridan voz kechishni ham bilish kerak. Deylik, kechqurun serial ko‘rish o‘rniga o‘g‘lingizning darslarini tayyorlashiga ko‘maklashing. Uni hunar o‘rganishga, sportga, biror foydali ish bilan shug‘ullanishga o‘rgating. Qiziqishlaridan kelib chiqib, biror kasb tanlashi uchun ko‘mak bering.

Yana o‘qing:  Xotirani qanday mustahkamlash mumkin?

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: