Bolani ovqatlantirishning oltin qoidasi
Ma’lumki, bolani ikki yoshgacha ona suti bilan oziqlantirish tavsiya etiladi. Emizishdan chiqarilgach esa go‘dak uchun
me’da-ichak kasalliklaridan himoyalovchi, vitaminlarga boy ratsion tuzish zarur.
«Hammabop taom beraveraymi?»
Aksariyat onalar umumiy dasturxondagi ovqatni bolaga berishdan cho‘chishadi. Vaholanki, uyda tayyorlangan taomlar bola organizmi uchun xavfsiz bo‘lib, ularning miqdori va tarkibiga ahamiyat berilsa, kifoya. Kichkintoyga kattalar ovqatidan berishga ikkilanayotgan onalarni quyidagi ma’lumotlar bilan tanishtirishingiz mumkin:
– ovqat yagona yengil hazm bo‘luvchi energiya manbai hisoblanadi. Taom bola organizmining barcha organlari tuzilishi, yetilishi va faoliyati uchun muhim manbadir.
– o‘z vaqtida va to‘g‘ri taom iste’moli metabolizm me’yoriy kechishini ta’minlaydi;
– bolaning jismoniy va aqliy rivojlanishini rag‘batlantiradi.
Kichkintoyni ovqatlantirish deganda ochlik hissini bartaraf etish, ya’ni shunchaki oshqozonini to‘ldirish tushunilmaydi. Taom yosh organizmning o‘sib rivojlanishi uchun zarur mikroelementlar, vitamin, oqsil va uglevodlarga boy bo‘lishi lozim.
Kalsiy, magniy, fosfor uchligi suyak to‘qimasining asosini tashkil etadi. Kalsiy va magniy yurak hamda skelet mushaklari faoliyati uchun zarur, fosfor esa asab tizimining g‘oyat kerakli ozuqasidir. Ikki yoshdan oshgan bolaning sut va sut mahsulotlarini iste’mol qilishi suyak hamda tishlar mustahkamligiga xizmat qiladi.
3-7 yoshli bolalar kuniga 600 ml.gacha sut, qatiq yoki suzma tanovul qilishi mumkin. Bolaning yoshiga qarab, kalsiyga bo‘lgan ehtiyoj sutkasiga 1-1.5 g.ni tashkil qiladi. Bir stakan sutda 240 mg., 100 gr. pishloq tarkibida 100-980 mg.gacha kalsiy bor.
Kalsiy tanqisligi organizmda ko‘plab kasalliklar xavfini yuzaga keltiradi. Xususan, bolada talvasa xuruji sodir bo‘lishi, oyoq shakli «O» yoki «X»simon ko‘rinish olishi, umurtqa pog‘onasining qiyshayishi, yassi raxitik chanoq suyagi kuzatilishi mumkin.
Bosh miya normal shakllanishida oqsil, foliy va to‘yinmagan yog‘ kislotasi zarur. Organizm yaxshi rivojlanishi uchun muhim manba hisoblangan oqsil ikki guruhga bo‘linadi: bu o‘simlik va hayvon oqsili. Ma’lumki, go‘sht mahsulotlari oqsil va temir moddasiga boy bo‘lib, bola 7-8 oyligidan boshlab go‘sht iste’mol qilishi mumkin. Hazm jarayoniga ko‘mak bo‘lsin uchun go‘sht (mol, parranda, baliq go‘shti)ni ovqatga qiymalab solish kerak. Mosh, loviya, no‘xat va yasmiq (chechevitsa) o‘simlik oqsillariga boy hisoblangani bois bularning bari bola organizmida oson o‘zlashtiriladi.
Yoshiga nisbatan vazni kam bolani tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish chog‘i uning taomnomasi haqida surishtiriladi. Negaki, organizmda oqsil yetishmovchiligi kelib chiqsa, kamqonlik, kamvaznlik, xotira sust rivojlanishi, o‘ta og‘ir holatlarda esa oqsilsiz shishlar paydo bo‘lishi mumkin.
Bola har kuni bir xil, ya’ni uglevodlardan tashkil topgan taom va yeguliklar bilan oziqlansa, semirishga moyillik yuzaga keladi. Yana ham aniqrog‘i, shirin choyga pechenye solib aralashtirish, shakarli shirguruch, manniy bo‘tqasi, nonni ivitib berish, makaron va me’yoridan ortiq qandolat mahsulotlarini kichkintoyga yedirish to‘g‘ri emas. Patronaj ko‘rigi mahali ushbu holatlarga diqqat qaratilmasa, vazn ortishi bolada nafas yo‘llari kasalliklarini paydo qilib, qo‘l-oyoq mushaklari mo‘rtligini keltirib chiqaradi.
Ayrim onalar bolaning qorni to‘yishi, yaxshi uxlashi, vazni ortishi uchun unga sho‘rvada pishgan dumbani shimdirishadi. Yoki yumshoqqina deb dumba yog‘iga qilingan atala berishadi. Hayvon yog‘ini nafaqat go‘dak, balki kattalar organizmi ham qiyin hazm qiladi. Mol yog‘ini me’yoridan ziyod iste’mol qilish esa me’da-ichak va jigar tizimidagi salbiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Ushbu muammolar tufayli ko‘ngil aynishi, qayt qilish, ich ketishi kuzatiladi. Natijada, bola organizmi kerakli vitamin va mikroelementlarni boy berib, ishtahasizlik, vazn yo‘qotish, infeksion kasalliklarga moyil bo‘lib qolishi ehtimoldan holi emas.
Bola iste’mol qilayotgan mahsulotlar tarkibidagi vitaminlar tana skeleti to‘g‘ri shakllanishi, ichki organlar faoliyati, ko‘z o‘tkirligi, reaksiyalar tezligi, o‘zlashtirish va eslab qolish qobiliyatini kuchaytirish uchun zarurdir. Shu bois yoshiga monand ravishda kichkintoyga meva-sabzavotlar, ko‘katlar berish lozim.
Buni bilishingiz shart!
Maktab yoshigacha bo‘lgan bolalar bir kunda 150-200 gr. kartoshka, 200-250 gr. sabzavot (karam, bodring, pomidor, qizil lavlagi, redis va ko‘kat)lar iste’mol qilishi shart;
Sarxil mevalar (olma, nok, gilos, uzum, maymunjon kabi)ning bir kunlik miqdori – 200-300 gr. Meva va sabzavotlar, ayniqsa, sarxillari askorbin kislotasi, bioflavonoidlar, V karotinning muhim manbaidir. V karotin (organizmda A vitaminiga aylanuvchi) sabzida serob. Bundan tashqari, u pomidor, o‘rik, barra piyoz, bulg‘or qalampiri hamda ko‘katlarda ham ko‘p uchraydi. Ushbu mahsulotlar, shuningdek, kaliyning muhim ozuqa manbai hisoblanadi;
O‘simlik moyi va doni Ye, V1, V2, RR vitaminlariga boy. Magniy bilan ta’minlashda esa non (bug‘doy va javdaridan) makaron, vermishel hamda yormalar lozim;
Sariyog‘, sut-qatiq, tvorog, smetana, qaymoq kabi mahsulotlar ham o‘sayotgan organizm uchun o‘ta zarurdir.
Taomnoma:
Ertalabki nonushta: uyqudan so‘ng qorin ochligida bola dastavval suv ichishi lozim. 15-30 daqiqadan keyin unga biror xil bo‘tqa beriladi. Ovqatlantirish davomida bolani shoshirish noto‘g‘ri! U qancha xohlasa shuncha payt taomlansin.
Tushlik: mavsumiy mevalardan tayyorlangan sharbat, kungaboqar moyi aralashtirilgan sabzavotli salat, yormali yoki sabzavotli sho‘rva beriladi.
Ikkinchi tushlik: tolmachoy vaqtida bola kompot (kisel mumkin emas), gaz pechida pishirilgan olma, teshikkulcha, quritilgan non, yog‘siz pishiriqlar bilan choy ichishi mumkin.
Kechki ovqat: bolaning yoshiga monand tartibda tvorogga kefir aralashtirib berish mumkin. Ko‘p qovurilmagan, hayvon yog‘i ishlatilmagan taom va yeguliklarni ham oz-ozdan iste’mol qildirish foydali. Suyakli qaynatmalarni berish aslo mumkin emas! Yog‘li qaynatmalar ham tavsiya etilmaydi. Haftasiga 4 martagacha biror xil go‘shtli taom berish maqbul (kolbasa va sosiskadan tashqari).
Bugungi kunga kelib, bolalar ratsionidan jigar mahsulotlari olib tashlandi. Ma’lumki, hayvonlar jigarida ular iste’mol qilgan o‘simliklar tarkibidagi barcha kimyoviy moddalar mavjud. Shuning hisobiga u bola organizmiga nojo‘ya ta’sir etishi mumkin.
Sabzavotlarni sovuq suvda 30-40 daqiqa ushlab turgach, so‘ng qaynatib pishirgan ma’qul. Bundan tashqari, ularni mayda to‘g‘rab pishirish ham foydalidir: bu bilan nitratlarning 50 foizga yaqini suvga chiqib ketishiga erishiladi. Kartoshkani po‘sti bilan qaynatganda 21-26 foiz, archib ishlatganda esa 50-56 foiz nitratlar suvga ajraladi. O‘n foizga yaqin nitratlar meva va sabzavotlar po‘stida bo‘ladi. Shuning uchun ham bolalarga po‘sti archilgan meva va sabzavotlarni bergan ma’qul.
Hamida RAJABOVA,
pediatr-shifokor