Sog‘lom sochlar chiroyni ochar

Pardozchilar inson chiroyining 80 foizi yuz terisi tekisligi hamda sochlarning sog‘lom ko‘rinishi bilan o‘lchanishini isbotlashgan. Shu bois soch tashqi ko‘rinishimizda muhim o‘rin tutadi. Ammo turli sabablarga ko‘ra, soch to‘kilishi, jilosini yo‘qotishi mumkin. Bu holat barchamizni birdek tashvishga solishi tayin.

Ma’lumki, boshda o‘rta hisobda 50 mingdan 150 mingtagacha soch tolasi bo‘lishi me’yor hisoblanadi. Soch follikuladan o‘sib chiqadi. Follikula ostida esa soch qopchasi joylashgan bo‘lib, u yerda soch ildizi rivojlanadi. Soch qopchasida yangi tola paydo bo‘la boshlaganda, eskisi to‘kilib ketadi. Bu esa tabiiy jarayondir. Ya’ni har kuni 60-100 donagacha soch to‘kilishi mumkin. O‘rtacha 2 yildan 4 yilgacha yashaydigan soch tolasi asosan kunduzi va ko‘proq bahor hamda yoz oylarida nisbatan tezroq o‘sadi.

O‘zingiz aniqlashingiz mumkin


Soch inson organizmidagi eng nozik va eng «jonkuyar» a’zolardan biri. Chunki uning to‘kilishiga tananing bosh­qa a’zolari kasallanishi yoki asab tolalarining taranglashishi sabab bo‘ladi. Sochning me’yoridan ortiq to‘kilishi, avvalo, nerv tizimining umumiy ahvoli buzilishi tufayli boshlanadi. Bunga ichki sekretsiya bezlari, jigar, me’da-ichak yo‘li a’zolari faoliyatining buzilishi, vitamin yetishmasligi yoki soch folikulalardagi tug‘ma nuqsonlar ham turtki bo‘lishi mumkin. Seboreya (yog‘ ajralishining buzilishi) natijasida ham sochning erta to‘kilishi ehtimoli bor. Tana haroratining ba’zi infeksion kasalliklar oqibatida uzoq vaqt yuqori bo‘lishi, zaxmga chalinganda va og‘ir operatsiyalardan so‘ng ba’zida soch to‘kiladi. Boshning sochli qismi terisiga zamburug‘ yuqqanligi natijasida ham sochlarimizdan ayrilishimiz mumkin.
Asabiy zo‘riqish, o‘ta charchash va bosh­qalar oqibatida ko‘pincha soch uya-uya yoki dumaloq-dumaloq bo‘lib to‘kiladi. Ba’zan imtihon davrida o‘ta toliqish, uyqusizlik oqibatida o‘quvchilarda ham soch kamayishi kuzatiladi.

Sochning tabiiy yoki me’yoridan ortiq to‘kilayotganini qanday bilish mumkin? Buning uchun boshni yuvib, oradan bir kun o‘tgach bosh, ko‘rsatkich va o‘rta barmoq bilan 60 donacha soch tolasini ushlab torting. Agar qo‘lingizga 7 donadan kamroq tola uzilib chiqqan bo‘lsa, zarari yo‘q. Aksi bo‘lsa, unda imkon qadar tezroq shifokorga murojaat qilish lozim.

Nima qilish kerak?


Bu kabi noxush holatlarning oldini olish aslida o‘z qo‘limizda. Sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish birinchi galdagi vazifa. Unutmang, sochlarning to‘kilish muammosini maxsus shampun, vitamin-mineralli komplekslar va shu kabi qo‘shimcha vositalar yordamida hal qilish o‘ziga xos bo‘lmagan davo usuli hisoblanadi. Darhaqiqat, ayrim soch parvarishiga taalluqli vositalar tarkibida foydali va parvarishlovchi komponentlar mavjud va ular sochlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Zarur bo‘lgan moddalar yetishmovchiligini to‘ldirib, follikulalarning oziqlanishini yaxshilaydi.

Soch parvarishining muhim omillaridan yana biri, ularni to‘g‘ri yuvishdir. Bunda yuvish vositasi, suv harorati, to‘g‘ri tarash kabi omillar yetakchi o‘rin tutadi:
– suv harorati 35-45 daraja iliq bo‘lishi lozim. Soch qanchalik yog‘li bo‘lsa, suv harorati nisbatan pastroq bo‘lishi tavsiya etiladi;
– shampunni soch turiga qarab tanlash maqsadga muvofiq. Mutaxasislar shampundan so‘ng maxsus tekislovchi vositalardan foydalanishni tavsiya qiladi. Ular soch qurishini va tarashni osonlashtiradi, tolaga elastiklik baxsh etadi;
– soch tarash bir qarashda oddiydek tuyulishi mumkin. Ammo uning ham o‘ziga yarasha ­e’tiborli jihatlari bor: kalta sochlar ildizidan, uzun sochlar pastki qismidan boshlab taraladi;
– soch quritgichlarni tez-tez qo‘llash tavsiya etilmaydi. Ularni boshdan 40 sm. uzoqlikda ushlab — «sovuq quritish» ko‘rsatkichida quritish lozim.
Yodingizdan chiqarmang! Sochni sovun bilan yuvish mumkin emas. Chunki sovun toladagi suv-lipid qavatini yo‘qotadi va zararlaydi.

Durdona MUROTALIYEVA tayyorladi

Yana o‘qing:  Olimlar bosh suyagi ichidagi bosimni kamaytirishning g‘aroyib usulini topdi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: