AJIN — QARILIK BELGISI… EMAS

Ajinlar haqida gap ketganda, hech bir ayolni bu mavzu befarq qoldirmasa kerak. Chunki nozik xilqat vakillari tashqi ko‘rinishga doimo alohida e’tibor bilan qarashadi. Mabodo yuzda ajinlar paydo bo‘la boshlasa, ko‘pchilik buni qarishdan darak, deb biladi. Aslida mazkur jarayonni to‘liq yoshning ulg‘ayishi bilan bog‘lash xatodir. Gap shundaki, teridagi o‘zgarishlarning o‘ziga yarasha sabablari, demakki, oldini olish choralari ham bor.

Ajin ko‘p hollarda ob-havoning nojo‘ya ta’siri, quyosh nuri, noto‘g‘ri ovqatlanish, stress kabi omillardan kelib chiqadi. Ko‘cha-ko‘yda, yaqinlar davrasidagi suhbatlarda «yuzing­ni ko‘p burishtirma, ajin tushadi», degan gapni eshitib qolamiz. Buni qarangki, haqiqatan ham, yuz orqali ifoda qilinadigan har xil imo-ishoralar terida o‘z izini qoldirarkan. Ajin, asosan, kichkina va to‘rsimon ko‘rinishga ega bo‘ladi. Yuzaki (epidermal) ajinlar terining yuza qismini qamrab oladi.

Ayollarimizda eng ko‘p uchraydigan ajin — mimik ajinlardir. Chunki yuz mimikasi yordamida o‘z hissiyotlarini namoyon etish insonga xosdir. Yuzimizdagi mushaklarning doimiy harakatlanishi natijasida esa mimik ajinlar kelib chiqadi. Misol uchun, kimdir peshonasini ko‘p tirishtiradi, kimdir burnini jiyiradi, yana kimdir esa ko‘p kuladi. Bunday holatlarda yuz mushaklarining harakatlanishi tufayli ajinlar paydo bo‘la boshlaydi Mimik ajinlar odatda peshona, ko‘z atrofi, lab va burunda kuzatiladi.

Shuningdek, yana bir turdagi ajinlar borki, ular asosan, yosh o‘tganda, ya’ni 40 yoshdan so‘ng ko‘zga ko‘rina bosh­laydi. Yosh o‘tib, qon aylanish tizimining sustlashishi tufayli teridagi kollagen va elastin tolalari, gialuron kislotasi sintezi keskin pasayadi. Bunday o‘zgarishlar o‘z o‘rnida teri elastikligi va tarangligi kamayishiga olib keladi. Terining og‘irlik kuchi natijasida tortilishi sabab to‘qimalar pastga tusha boshlaydi va statik (gravitatsion) ajinlar hosil bo‘ladi.

Oldini olish mumkin


Ajin tushishining oldini olish uchun sog‘lom hayot tarziga amal qilish, to‘g‘ri ovqatlanish, mehnat va dam olishni tartibli tashkil qilish kerak. Bunda sport bilan muntazam shug‘ullanish, badanni oftobda me’yori bilan toblash, yuzni kuchli shamol, issiq va sovuqdan himoyalash lozim. Yuz, bo‘yin, qo‘l terisini muntazam parvarish qilish shart. Yuzni vaqti-vaqti bilan massaj qildirish ham foydadan xoli bo‘lmaydi.
Shu bilan birga, ajinlarni bartaraf etishda, asosan, teri turiga mos parvarish vositalaridan to‘g‘ri foydalanish talab etiladi. Birinchi nav­batda, terini namlantirish hamda oziqlantirish kerak. Buning uchun shunday xususiyatga ega kremlardan teri turiga va yoshiga mos ravishda foydalanish lozim. Qolaversa, quyoshning ultrabinafsha hamda infraqizil nurlaridan ham himoyalanish zarur. Ajinlarni kamaytirishga yuz mushaklari gimnastikasi ham katta yordam beradi. Bunday mashqlar yuz mushaklarini tetiklashtirib, mus­tahkamlaydi va terida qon aylanishini yaxshilaydi.

Yana o‘qing:  Chanqovbosdi: nimani, qancha, qanday ichgan ma’qul?

Tibbiy usullar


Teri namligining pasayishi ajin paydo bo‘lishining asosiy sabablaridan biri ekanligini yuqorida aytib o‘tgan edik. Tibbiyotda terini namlantirib, kerakli oqsil, vitamin va mik­roelementlar bilan to‘yintiruvchi usullar mavjud. Masalan, biorevitalizatsiya usuli ajin tushishining oldini olish bilan birga, borlarini ham bartaraf etishga yordam beradi. Shuningdek, uning qatoriga mezoterapiya usulini ham qo‘shishimiz mumkin. Mezoterapiya yordamida kerakli moddalarni teriga kiritib, mik­roelementlar va vitaminlar bilan oziqlantirish mumkin.

Bundan tashqari, kosmetik uqalash usuli ham yaxshi samara beradi. Bu usul yordamida terida va yuz mushaklarida qon aylanish jarayoni yaxshilanib, to‘qimalarga oziq moddalari yetkaziladi. Uqalash tufayli yuz mushaklarini kerakli joylarida tarangligini oshirish yoki pasaytirishga ham erishish mumkin.
Aziz ayollar, mazkur muolajalar, albatta, malakali mutaxassis tomonidan bajarilishi lozim. Aks holda, nojo‘ya ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Adolat XUDAYBERGANOVA,

shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: