Gepatitga chalinmay desangiz…
Fan va texnologiya qanchalik rivojlanmasin, yuqumli kasalliklar bilan kurashish hamon dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Gepatit ana shunday xastaliklardan biridir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlarida qayd etilishicha, bugungi kunda dunyoda uch yuz milliondan ko‘proq inson gepatit V va S virusi keltirib chiqargan surunkali jigar kasalligidan aziyat chekmoqda.
Qaysi yo‘llar orqali yuqadi?
Gepatit jigar hujayralarining viruslar, turli kimyoviy moddalar, mexanik ta’sir (ya’ni jigardagi o‘simtalar, o‘t yo‘llarida tosh paydo bo‘lishi) natijasida zararlanishidir. Virusli gepatitning 5 ta asosiy turi aniqlangan. Gepatit V va S viruslari parenteral – sterillanmagan tibbiyot, stomatologiya, kosmetologiya jihozlari, qon va tabiiy yo‘llar orqali, gepatit A va Ye turlari esa oshqozon-ichak yo‘li bilan yuqadi, ya’ni kasallik viruslari ichak yo‘llariga og‘iz orqali tushadi.
Mamlakatimizda virusli gepatitning V va S turlari oldini olish maqsadida qon xizmati xavfsizligini ta’minlash, tibbiyot tizimida sanitariya-gigiyena qoidalariga to‘liq rioya etilishiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Milliy emlash taqvimiga muvofiq, bolalar gepatit V ga qarshi bepul emlanadi. Shu orqali ular o‘rtasida ushbu kasallikning oldi olinayapti.
Gepatitning A turi bilan kasallanish holatlari esa, afsuski, ko‘proq uchramoqda. Ya’ni, gepatitga chalingan jami bemorlarning 99,1 foizi, 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 88,5 foizida gepatitning A turi qayd etilayotir. Bu kasallik umumiy foydalanilgan idish-tovoqlar, o‘yinchoqlar va boshqa buyumlar orqali yuqadi. Virus havo orqali yuqmaydi.
Tabiiy immunitet hosil qilsa bo‘ladi
Kasallik ko‘pincha me’da-ichak faoliyatining buzilishi bilan boshlanadi. Bemorning ishtahasi yo‘qoladi, og‘zi taxir bo‘ladi, ko‘ngil ayniydi, ba’zan qayt qiladi, to‘sh osti sohasida og‘irlik va og‘riq sezadi. Gohida harorat ko‘tarilishi, et uvishishi, bosh va mushaklar og‘rishi, yo‘tal kuzatiladi. Bunday vaziyatda gepatitni shamollash bilan adashtirmaslik kerak. Hastalik belgilari uch kundan ortiq davom etsa, gepatitni aniqlovchi tibbiy tahlillardan o‘tgan ma’qul. Virusli gepatit kasalligining oldini olishda eng muhim chora – dardni iloji boricha erta aniqlab, bemorni yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizishdir. Shunda infeksiya boshqa sog‘lom kishilarga o‘tmaydi.
Bemor shifokor nazorati ostida davolanadi. Uni to‘liq sog‘lomlashtirish uchun muolajalar bilan birga parhezga rioya etish kerak. Parhez olti oygacha davom etadi. Bu muddatda jigar o‘z faoliyatini to‘liq tiklab oladi. Gepatitning A turi davolanilgach, kishida mazkur virusga nisbatan 15-20 yilgacha tabiiy immunitet hosil bo‘ladi. Bunday kasallik bilan xastalanib davolangan bolalarni emlatish talab etilmaydi.
Gigiyena qoidalariga rioya etishda gap katta
Kasallikni yuqtirmaslik uchun shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya etish, uylarni ozoda tutish, chiqindilarni o‘z vaqtida chiqarib tashlash, yashash joylarini dezinfeksiya qilib turish, sog‘lom turmush tarziga rioya etish muhim. Jumladan, ochiq havoda sayr qilish, sport bilan shug‘ullanish, to‘g‘ri ovqatlanish, qat’iy kun tartibiga amal qilish lozim. Kasallikka qarshi emlatish himoyalanishning eng maqbul chorasidir. Mamlakatimizda joriy yilning o‘tgan davrida oltmish mingga yaqin aholi, xususan, bolalar gepatitning A turiga qarshi emlandi.
Profilaktika
Shifokorlar xonadonlarda bo‘lishganida uy-joylarning ozodaligi, bolalar uchun yaratilgan sharoitlarga alohida e’tibor qaratish kerak. Yosh onalarga farzand parvarishida tegishli maslahat berish, ayniqsa, bolalarni shaxsiy gigiyena qoidalariga o‘rgatish haqida uy bekalari bilan tez-tez suhbat uyushtirish maqsadga muvofiq. Aholini o‘z vaqtida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘riklarga jalb etishga jiddiy e’tibor qaratish zarur. Oilalarga tashrif buyurganda biror kishida gepatit alomatlari taxmin qilinsa, zudlik bilan bu xususda umumiy amaliyot shifokoriga ma’lumot berib, kerakli tahlillarni o‘tkazish lozim. Aholi orasida gepatit profilaktikasi bo‘yicha targ‘ibot ishlarini tizimli tashkil etish, xalqimizning tibbiy bilimini oshirish borasida doimiy izlanish talab etiladi. Zero, gepatitning oldini olishda tibbiy profilaktika muhim o‘rin tutadi.
Allobergan BAYJANOV,
shifokor