Oltin rangli qamchi
Yangi yil kuni Tibetdagi “Ozodlik” armiyasining bosh shifoxonasida pochta jo‘natmasini qabul qilib oldim. Uning ustiga “Qadrdonim Jang amakimga”, pastki tomoniga esa “Jensun qishlog‘idagi Zuomadan” deb yozilgan edi.
Bizning shifoxonamizda qirqdan ortiq Jang familiyali shifokor va bemorlar bor. Yuborilgan jo‘natmada qabul qilib oladigan odamning ismi yozilmagan. Xo‘sh, bu sovg‘ani kimga topshiraman? Oxiri yuqoridagilar bilan maslahatlashib, kasalxonadagi barcha Jang familiyali kishilarni yig‘moqchi bo‘ldik. Tibetda esa ko‘p tarqalgan ommaviy ism bu – Zuoma edi. Yig‘ilgan Janglar orasida hech kim Jensun qishlog‘ini bilmadi. Keyin boshliqlar kelishib, pochta jo‘natmasini ochishga qaror qilishdi. Ehtimol, uning ichida qabul qilib oladigan odamning ismi bordir? Ichidan bitta kichkinagina sumkacha chiqdi. Uni ochdim. Oppoq qordek ipakka ko‘zim tushdi. Ipakka oltin rangli qamchi o‘ralgandi. Bu qamchining uzunligi yarim metr bo‘lib, rangi odamning ko‘zini qamashtiradi. U soch tolalaridan to‘qilgan edi. Uning oldidagi qog‘ozni ochib o‘qidim.
“Qadrdonim Jang amaki men tilaymanki:
Baland ko‘taring qamchini
Parvoz qilsin Osmonlarda
Aylansin ulkan tog‘larni,
Qiling tabassum shu onda “
Yana savol tug‘iladi. Bu sovg‘aning egasi kim?
Ta’til olganimda Bayanxaraula tumaniga borishim kerak edi. Yo‘limda Jensun qishlog‘iga duch keldim. Mening xayolimga darhol “oltin rangli qamchi” keldi. “Yaxshi bo‘ldi, qamchining tarixini so‘rab surishtiraman”, deb o‘yladim.
O‘sha kuni kechqurun qishloq oqsoqoli bilan uchrashdim va undan so‘radim:
– Siz Zuoma ismli qizni taniysizmi?
– Bizning qishloqda to‘rtta Zuoma bor, – kulib gapida davom etdi – sizga qaysi biri kerakligini men bilmadim?
Miyamda savollar g‘ujg‘on o‘ynardi. Endi uni qanday qilib topaman? Faqat bilganim uning sochi tillarang edi.
– E, ha, siz bizning kichkina Zuomamizni so‘rayapsiz. U hozir bu yerda yo‘q, ketgan edi, – deb javob berdi. Qizni topa olmasligimni bildim va oqsoqolga qamchi haqida so‘z ochdim.
Qamchi haqida gapirganimda rais jiddiylashib qoldi va vazmin ohangda gap boshladi: “Xitoy davlati Mustaqil bo‘lmasidan avval bu yerlarda Zeje ismli chorvador va uning qizi yashar edi. Qizining ismi Zuoma edi. Ammo bu qizcha juda xunuk; berahm, janjalkash edi. Boyning qizi edi-da. Uning sochi siyrakligidan tolalarini sanasa bo‘lardi. Bizning kichkina Zuoma esa juda aqlli, chiroyli bo‘lib, qishloqdagi barcha odamlar uni kun farishtasi, deb atashardi. Uning chiroyiga tenglashadigan go‘zallik yo‘q edi. Zuoma raqsga tushganda yanada chiroyli bo‘lib ketardi. Zuomaning oilasi chorvador Evening xizmatkori hisoblanishardi. Zuoma besh yoshligida ota-onasidan ajraldi. O‘n yoshida yomon Zuomaning xizmatkoriga aylandi. Bir kuni Evening do‘sti ularni to‘yga taklif qildi. Zeje o‘zining xunuk qiziga chiroyli ko‘ylak kiygizdi. Boshiga ulama soch taqdi. Shunday kiyintirganiga qaramasdan chiroyli liboslar Zuomaning yoqimsiz ko‘rinishini yashirolmadi. To‘y marosimi boshlandi. Bu yerning odatlariga ko‘ra xizmatkorlar ham raqsga tushishib, xo‘jayinlarini tabriklashardi. Musiqa ovozi yangradi. Bizning kichkina Zuoma raqsga tusha boshladi. Uning kiyimlari ko‘rimsiz bo‘lsada, bunga hech kim parvo qilmadi. U raqsi bilan barchani maftun etdi. Uning ko‘zlari xuddi yulduzga o‘xshar edi. Bosgan qadamlariga gullar yog‘ilardi.
Aynan shu damda raisning ko‘zlarida vajohat porladi. Jahl bilan gapida davom etdi.
– Badfe’l Zuoma raqsni ko‘rib jahli chiqdi va xizmatkoridan nafratlandi. Uyiga qaytib kelgach yig‘lab, ota-onasiga arz qildi. Buni ko‘rgan Zeje bizning Zuomani omborxonaga olib tushib, uning qo‘l va oyoqlarini bog‘ladi. Zuomaning oltin rangli sochini yoqib yubordi, qizchaning oyoqlarini urib sindirdi. Bundan rohatlangan yomon Zuoma kulib, “Sen xunuksan, juda xunuksan”, deb masxaraladi.
Rais jahlidan tushib gapida davom etdi:
– Nihoyat Xitoy xalqi ozodlikka erishdi. Zeje butun oilasi bilan bu yerlardan quvildi. Ammo Zuomaning o‘rnidan turishga holi qolmagandi.
Unga yordam tariqasida “Ozodlik” armiyasidan Jang ismli doktorni yuborishdi. U Zuomaning joniga oro kirdi. Unga bejirim ko‘ylaklar olib berdi. Kechani kecha, kunduzni kunduz demay Zuomaga qaradi. Shundan keyin Zuomaning yuziga qon yugura boshladi. Ammo Jang ozib qolgan edi. Zuoma oyoqqa tura boshladi.
– Zuoma sen irodali qizsan, albatta yurib ketasan, – deya Jang unga ruhiy madad berardi.
Oradan ko‘p o‘tmay qizning oyoqlari butunlay tuzalib ketdi. Lekin Zuomaning sochlari bo‘lmasa qanday raqsga tushadi?
Yana bir muammo. Jang Zuomani tinchlantirish uchun; – Zuoma sen tashvish qilma. Men albatta bir chorasini o‘ylab topaman, – dedi. Aynan shu mahalda Jang boshqa buyruq oldi. Bu yerlarni tark etishga majbur bo‘ldi. Uni kuzatishga butun qishloq chiqdik. Zuoma uning oldiga borib yelkasiga boshini qo‘ydi. Zuoma bir og‘iz ham so‘z aytmadi, aytganida u yig‘lab yuborardi. Jang unga Zuoma xafa bo‘lma, sochingni tuzatamiz, sen tog‘larni, daryolarni, yaylovlarni kezib raqsga tushasan, qo‘shiqlar aytasan.
Jang ketganidan beri Zuoma kunlarni sanay boshladi. Yuz kun o‘tganidan keyin Jangdan pochta jo‘natmasini qabul qildi. Ichida dori bilan xat bor edi. Xatda Zuoma bu dorini ichasan. Bu dori mening ayolimga foyda bergan. Men ishonamanki, sen shundan davo topasan, deya yozilgan edi.
O‘tgan yili bizning san’at va madaniyat jamoamiz Zuomani san’atkor sifatida saylab oldi. U haligacha qadrdoni Jangni eslaydi. Undan juda ham minnatdor, u dunyoni kezib raqsga tushmoqda, sho‘x-sho‘x qo‘shiqlar ijro etmoqda. Lekin bizlar Jangni topa olmadik. Uni ismini ham bilmaymiz. Zuoma Jangga minnatdorchilik maqsadida sochining tolasidan qamchi to‘qidi, – dedi rais.
Suhbat cho‘zilib vaqt allamahal bo‘lganini sezmay qolibman. Shu qishloqda tunab qolishga qaror qildim. Tunda oyga termularkanman, Zuomani ko‘rgandek bo‘ldim. Uning sochlari, tabassumi, yuzlari ko‘z oldimda gavdalandi.
Xitoy tilidan Dilshod BADALBOYEV tarjimasi.