Oshqozon yarasi o‘z vaqtida davolanmasa, saratonga aylanishi mumkin
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 14 foizdan ortig‘i oshqozon yarasi xastaligi bilan og‘riydi. Tashvishlanarlisi, asosan 20-40 yosh atrofidagi erkaklarda uchraydigan ushbu xastalik tobora yosharib bormoqda, ya’ni ko‘proq maktab o‘quvchilari, talabalar orasida aniqlanyapti. Xo‘sh, ushbu kasallikdan qanday saqlanish mumkin? Uni aniqlash va davolash usullari haqidagi savollarimizga tibbiyot fanlari doktori, professor Feruza Hamrabayeva javob berdi.
– Oshqozon yarasi paydo bo‘lganini qanday aniqlash mumkin?
– Oshqozon yarasi paydo bo‘lganda, ko‘pincha, qorinning yuqori qismida og‘riq kuzatiladi. Alkogolli ichimliklar va achchiq oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish yoki jismoniy og‘ir ishlarni bajarganda bu og‘riq yanada kuchayadi. Og‘riq kuzatilgan zahotiyoq, shifokorga murojat qilish zarur. Shifokorlar esa bemorning boshqa alomatlariga tayangan holda oshqozon yarasi borligi tashxisini qo‘yib, uni aniqlash bo‘yicha zarur tekshiruvlarni o‘tkazadi.
Bundan tashqari, jig‘ildon qaynashi – bemorlar eng ko‘p shikoyat qiladigan belgilardan biri. U odatda ovqatlangandan bir-bir yarim soatdan keyin sodir bo‘ladi. Shuningdek, og‘iz bo‘shlig‘ida achchiq yoki nordon ta’mning sezilishi, qayt qilish, qorin dam bo‘lishi kabilar ham kasallikning asosiy belgilaridan hisoblanadi.
– Oshqozon yarasini qanday davolash usullari bor?
– Ushbu kasallikni faqat bitta muayyan dori yordamida davolab bo‘lmaydi. Yondashuv kompleksli bo‘lishi, shuningdek, me’da shirasining kislotaliligini kamaytirish talab etiladi, bu juda ko‘p yoqimsiz alomatlar (ayniqsa, jig‘ildon qaynashi, kekirish va ko‘ngil aynishi)ni bartaraf etib, asoratlarning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi.
Ayni kunda mazkur kasallikni davolashning yana bir usuli jarohlik amaliyoti bo‘lib, bu – yaralarning joylashishiga, kelib chiqish sababiga va holatiga ko‘ra, ushbu a’zoning ma’lum bir qismini operativ yo‘l bilan rezeksiya qilish (kesib olib tashlash)dan iborat.
Operatsiya qilishning ikki xil yo‘li bor. Ulardan biri Palliativ vaqtinchalik jarrohlik amaliyoti bo‘lib, keksa, nimjon va ahvoli og‘ir bemorlarda o‘tkaziladi. Radikal operatsiya amaliyoti esa, yara joylashgan soha sog‘lom to‘qimaga qadar kesib olinib, bemorning bu darddan butkul qutulishiga imkon yaratadi. Hozirgi paytda bunday jarrohlik uslubi yaxshi ishlab chiqilgan.
– Kasallikdan saqlanish uchun nima qilish kerak?
– Oshqozon yarasi paydo bo‘lishiga to‘g‘ri ovqatlanmaslik, uzoq vaqt och yurish, inson salomatligiga zarar yetkazuvchi mahsulotlarni iste’mol qilish hamda kuchli strest holatini boshdan o‘tkazish ham sabab bo‘lishi mumkin. Shu bois sog‘liq uchun zararli mahsulotlar, hazm bo‘lishi og‘ir bo‘lgan o‘ta yog‘li, xom pishirilgan taomlardan saqlanish kerak.
Oshqozon yarasi bor insonlar esa parhez qilishga qat’iy kirishishi talab etiladi. Agar tavsiya etilmagan taomlarni iste’mol qilsa, ularning ahvoli yanada og‘irlashadi. Aksincha, davolanish bilan parhezni birdek olib borsa, tezroq sog‘ayishi mumkin. Avvalo, bunday bemorlarga taomlarni o‘ta issiq yoki sovuq holda iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
– Qanday og‘ir oqibatlarga olib keladi?
– Kasallik vaqtida davolanmasa bemorning ahvoli kundan-kunga yomonlashib boraveradi. Masalan, yara qonab ketishi mumkin. Bunday holatda hushdan ketish, ba’zan ichakdan qon ketishi yoki qon qusish holatlari yuz beradi. Shuningdek, kerakli tibbiy muolajalar o‘tkazilmasa, oshqozon yarasining o‘smaga aylanishi, saratonni yuzaga keltirishi hamda o‘t pufagi kasalliklari, xoletsistit, pankreatit kabi xastaliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shuning uchun bunday holatlar bemor o‘z sog‘lig‘iga jiddiy e’tibor qaratishi lozim.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi