O‘LCHASHNING ANIQLIGI YANADA OSHADI
O‘zbekiston milliy metrologiya institutida yetakchi xorijiy davlatlar tajribalaridan kelib chiqib, mahsulot sifatiga bevosita o‘z ta’siri ko‘rsatuvchi omil hisoblanadigan o‘lchashlarning aniqligini yanada oshirish maqsadida o‘lchash vositalarini kalibrlash doirasini kengaytirishga asosiy e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik asosida metrologiya xizmatlarini tashkil etish yuzasidan tizimli ishlar olib borilyapti.
Davlat byudjetidan ilk bor 2018-2023 yillarga mo‘ljallangan dasturga asosan 21 dona etalonlarni xarid qilish uchun 5,8 mln. dollar ajratilib,
2023 yilga qadar milliy etalonlar bazasini 33 dona etalonga yetkazish rejalashtirildi. 2020 yilda milliy etalonlar bazasi 21 taga yetkazilishi bilan 27 ta xalqaro metodlar joriy qilindi va 9 ta laboratoriyalar ISO/IEC 17025 standartiga muvofiq akkreditatsiya qilindi. Natijada yiliga 400 ming dollar iqtisod qilinishiga erishiladi.
Shuningdek, 2021 yilda etalonlar bazasini 24 taga yetkazish hamda 16 ta hududiy filiallarda kalibrlash xizmatini joriy qilish orqali yiliga
700 ming dollar iqtisod qilinishi va kalibrlash ishlarining qiyoslash ishlariga nisbatini 37 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
2019 yildan boshlab Halqaro atom energetikasi agentligi (MAGATE) yordamida amalga oshirilayotgan qiymati 617,3 ming dollar bo‘lgan “Ionlashtiruvchi va rentgen nurlanish sohasidagi ikkilamchi etalonlar maxsus dozimetrik laboratoriyasi”ni yaratish bo‘yicha texnik-ko‘mak loyihalari amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston metrologiya institutida o‘tkazilgan tadbirda amalga oshirilayotgan shu kabi ishlar haqida ma’lumot berilib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.
Maryam Ahmedova