O‘zbekiston o‘simliklari dunyosi

Kitob tafakkur qanotidir. Darhaqiqat, agar o‘quvchining qo‘lidagi kitob chindanda yaxshi bo‘lsa, ko‘plab bilim va yangiliklar bilan sizni tanishtirishi aniq. U xoh ilmiy, xoh badiiy kitob bo‘lsin o‘quvchiga faqat va faqat foyda keltiradi.

O‘zbekiston betakror, go‘zal tabiati bilan O‘rta Osiyoda alohida o‘rin tutadi. Uning tabiatida to‘rt faslni va bir-biridan keskin farq qiluvchi barcha mintaqalarni ko‘rish mumkin. U purviqor tog‘lari, qir-u adirlari, xushmanzara daryo-yu ko‘llari, cho‘lu sahrolari, keng yaylovlari bilan ajralib turadi.O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi biologiya fanlari doktori, professor O‘ktam Pratovning shogirdlari Akramjon Yo‘ldoshev va Akram Bahromov bilan hammualliflikda yaratgan “O‘zbekiston tabiati” nomli kitobi ana shu betakror manzaralarga bag‘ishlangan. Ushbu nashrni tom ma’noda tabiiy atlas deb atasak ham arziydi. Zero, unda O‘zbekiston tabiatidagi rang-barang o‘simliklar dunyosi go‘zal rasmlarda ham aks etgan. Har bir tabiiy hudud o‘ziga xos, uni so‘z bilan ifodalash qiyin, albatta. Shuning uchun ushbu kitobda ular rangli fotosuratlarda ifodalandi.

Inson ona tabiatning ajralmas bir qismi, gultojidir. Uning hayotini tabiat olamisiz, jumladan, o‘simliklar dunyosisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Inson borliqdagi barcha ne’matlardan to‘kis foydalanib keladi, vaqti kelsa, o‘zlashtiradi, o‘zgartiradi. Bu o‘z navbatida Ona Zamindagi tabiiy muvozanatni tiklab bo‘lmaydigan salbiy oqibatlarga ham olib kelishi mumkin. Jumladan, million yillar mobaynida shakllanib, taraqqiy etib kelayotgan biologik xilma-xillikning kamayib ketayotganligi, o‘simliklar dunyosidagi ba’zi turlarning yo‘q bo‘lib ketayotganligi buning yaqqol misolidir.

Kitobning muqovasidagi suv ombori tasviri, go‘zal gul-u mevalarning ifodalanishidan buni anglash mumkin. Kitob muqaddimasidan keyin 4-5 – betlarda adir va tog‘larni ifodalovchi katta rasm – panorama berilgan. Unda ajoyib tabiat-tog‘lar, qishloqlar, daryolar, xilma-xil o‘simliklar aks etgan.

Atlas jahon nashrchilik talablariga mos tarzda sifatli qog‘ozda chop etilgan. U 192 betdan iborat bo‘lib, turli hajmdagi 350 dan ziyod rangli rasmlarni o‘z ichiga oladi. Ulardan 50taga yaqini panorama shaklida keltirilgan. Kitob-atlas 5000 dona nusxada nashr etilgan.

Shuningdek, nashrda Vatanimiz hududidagi suv havzalari daryolar, ko‘llar, suv omborlar va dam olish maskanlari haqida ma’lumotlar berilgan.

O‘zbekistonimiz tabiati haqidagi bu nashrdan tabiiy resurslarga boy yurtimiz bilan faxrlanish hissini tuyasiz.

Yana o‘qing:  Tibbiyotda sustkashlikka yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi

Xulosa qilib aytganda, botanika fani sardorlaridan biri olim-ustoz O‘ktam Pratovich Pratovning hammualliflikda yaratgan ushbu atlasi o‘quvchi-yoshlarimizni tabiatni, ayniqsa o‘simliklar dunyosini sevib o‘rganishga, ularni e’zozlashga va oqilona foydalanishga chorlovchi qiziqarli manbaa bo‘lib xizmat qiladi.

Erkin ZARIPOV,

biologiya fanlari nomzodi, dotsent

Gulnoza SAFAROVA,

pedagogika fanlari nomzodi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: