Ko‘zlar – qalb ko‘zgusi

Uning ravshanligi inson salomatligiga bog‘liq

Glaukoma – nazla, ko‘ksuv kasalligi qadim zamonlardan ma’lum.

Uning dastlabki belgilarini mashhur tibbiyot allomalaridan Gippokrat Abu Ali ibn Sino, o‘z asarlarida qayd etgan. Glaukoma (yunoncha “glaukos” – ko‘kimtir-yashil degan so‘z) ko‘rlikka olib keluvchi xastalik hisoblanadi.

Bu kasallik og‘ir kechuvchi ko‘z kasalligi bo‘lib, ko‘z ichki bosimining doimiy yoki vaqti-vaqti bilan ko‘tarilishi natijasida ko‘z ichki suyuqligi yo‘lida, to‘r parda va ko‘ruv asab tolasida salbiy o‘zgarishlar rivojlanishi bilan kechadi. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar, o‘rta va katta yoshli odamlarda ham ushbu kasallik uchrashi mumkin. Tug‘ma glaukoma 10-20 ming nafar chaqaloqlarning 1 foizida uchraydi. Aholining 0,1foizi 40-45 yoshli kishilarda, 50-60 yoshlilarda 1,5 foiz, 75 yoshdan kattalarda 3 foiz darajada kuzatiladi.

Kasallik ko‘ruv asab tolasi diski sohasining zararlanishi tufayli yuzaga keladi. Ko‘ruv asab tolasi ko‘z orqali olinadigan axborotlarni bosh miyaga yetkazib berishga xizmat qiladi. Bemorlarda ko‘ruv asab tolasining shikastlanishi sekinlik bilan kechadi va ko‘ruv maydonining torayishiga olib keladi. Bu holat og‘riqsiz kechgani sababli kasallikning boshlang‘ich davrlarida e’tiborsiz qolib ketadi. Ba’zi hollarda yuqori hisoblanmagan ko‘z ichki bosimi bo‘lganda ham glaukoma rivojlanishi mumkin. Bunday hollarda shaxsiy nomutanosiblik haqida gap borishi mumkin.

Xastalik ko‘pincha ikkala ko‘zni zararlaydi. Agar davo muolajalari o‘z vaqtida o‘tkazilmas ekan, bemorda ko‘rish qobiliyatining keskin pasayishi kuzatiladi va butunlay ko‘rlikka sabab bo‘ladi. Glaukomaning 60ga yaqin turi mavjud. Ammo ular orasida birlamchi ochiq burchakli glaukoma eng ko‘p hollarda uchraydi. Ushbu kasallik uzoq vaqtgacha yuzaga chiqmay rivojlanishi va bemor kasllik belgilarini seza boshlaganda kasallik juda o‘tib ketgan bo‘lishi bilan xavflidir. Ushbu xastalik inson yoshiga bog‘liq bo‘lib, aksariyat hollarda ko‘z ichki bosimi oshishi bilan namoyon bo‘ladi.

Agar glaukomaga xos o‘zgarishlar ko‘tarilmagan ko‘z ichki bosimi ta’sirida kuzatilsa, bunday holat normal (psevdonormal) bosim glaukomasi deyiladi.

Oftalmogipertenziya – bu shunday holatki, bunda ko‘z ichki bosimi ko‘tarilgan bo‘lsa ham ko‘ruv asab tolasining glaukomaga xos o‘zgarishlari qayd qilinmaydi.

Ikkilamchi glaukoma deganda qandaydir boshqa bir kaslallik yoki turli shikastlar natijasida ko‘z ichki bosimining oshishi va buning oqibatida ko‘ruv asab tolasining zararlanishi tushuniladi.

Yana o‘qing:  O‘zbekiston o‘simliklari dunyosi

Tug‘ma glaukoma – nisbatan kam uchraydigan kasallik bo‘lib, glaukomaga xos o‘zgarishlar chaqaloq tug‘ilgandan biroz keyin rivojlanadi.

Yopiq burchakli glaukoma odatda o‘tkir va birdaniga ko‘z ichki bosimi oshishi bilan kechadi.

XASTALIK SABABLARI

Glaukomaga olib keluvchi sabablar hanuzgacha to‘liq o‘rganilmagan. Ammo bu kasallikka sabab yuqori ko‘z ichki bosimiga irsiy moyillik hisoblanadi.

Ko‘z olmasi shakli va uning ba’zi funksiyalarini saqlab turish uchun ma’lum bir bosim lozim. Normada ko‘z bosimi 16 dan 26 mm simob ustuniga teng bo‘ladi. Yuqori ko‘z ichki bosimi ko‘pincha ko‘ruv asab tolasining shikastlanishiga olib keladi.

Shuningdek, glaukoma ko‘proq yoshi katta bemor(60 yoshdan katta)larga xos va 40 yoshgacha bo‘lgan odamlarda kamdan-kam holatlarda uchraydi. Inson yoshi ulg‘aygan sari har o‘n yilda glaukomaga uchrash ehtimoli ikki barobar oshadi.

Agar yaqin qarindoshlar orasida glaukomaga chalingan bemor bo‘lsa, bunday insonlarda glaukomaning uchrash ehtimoli ancha yuqori bo‘ladi.

Miopiyaga uchragan insonlarda ham glaukomaning uchrash ehtimoli 2-4 barobar ko‘p.

Ko‘z gavhari yuzasida kulrang tanachalarni oftalmolog biomikroskopiya paytida aniqlashi mumkin. Bu eksfoliativ sindrom deyiladi.

Mongoloid irqiga mansub kishilarning ko‘zida to‘q rangli rangdor parda ko‘p kuzatiladi. Ushbu sababga ko‘ra ham kasallik rivojlanishiga sharoit yaratiladi.

Ko‘zning surunkali kasalliklari va gormonal preparatlarni uzoq muddat qabul qilish natijasida ham glaukomaning rivojlanish ehtimoli kuchayadi.

Ateroskleroz va arterial gipertoniya(qon bosimining yuqori bo‘lishi) ko‘z ichida qon aylanishining buzilishiga sabab bo‘ladi va shu bilan birga glaukomani keltirib chiqaradi.

KASALLIKNING O‘TKIR XURUJI

Qattiq ruhiy zo‘riqish(stress), toliqish, qorong‘i joyda uzoq muddat qolib ketish, qorachiqni dori vositalari bilan kengaytirish, boshni engashtirgan holatda uzoq ishlash, suyuqlikni ko‘p iste’mol qilish ham glaukomaning o‘tkir xurujiga sabab bo‘ladi.

Ko‘pincha ertalab bemorning ko‘zi qattiq og‘riydi. Og‘riq boshning yarmiga (peshona va chakka suyaklariga) tarqaladi. Bemor bezovta bo‘ladi, ko‘ngli ayniydi, ba’zan qaytqiladi. Ko‘z xiralashadi yoki ko‘rmay qoladi. Ko‘zdan yosh oqadi. Bemor ko‘zni ocholmay qoladi.

Ko‘z olmasining oldingi qismida qon tomirlar kengayib ketgani sababli ko‘z qip-qizil tusga kiradi, shohparda xiralashadi. Ko‘z qorachig‘i kengayib ketadi va yorug‘likni sezmaydi. Ko‘z ichki bosimi 60-80 mm simob ustunigacha(norma 16-26 mm simob ustuni) ko‘tarilishi mumkin. Ko‘zni paypaslab ko‘rilganida toshdek qattiq bo‘ladi. Bunday hollarda ko‘z ko‘r bo‘lib qolmasligi uchun tezda shifokorga murojaat etish zarur. Glaukomaning o‘tkir xuruji faqat jarrohlik yo‘li bilan davolanadi. Kasallikni erta aniqlash uchun 35 yoshdan katta odamlarning ko‘zi ichki bosimini yilda bir yoki ikki marta o‘lchash zarur.

Yana o‘qing:  OIV vaksinasi sinovda

GLAUKOMA QANDAY BELGILAR BILAN KEChADI?

Bemorning vaqti-vaqti bilan boshi og‘riydi, ko‘zi xiralashadi, ba’zan ko‘z oldida parda hosil bo‘lib, elektr-chiroq atrofida rangdor yoylar paydo bo‘ladi. Bemor ko‘z kosasida og‘irlik sezadi, uning ko‘zi bir oz yoshlanganga o‘xshaydi. Lekin ro‘molcha bilan artilsa, hech qanday yosh bo‘lmaydi. Asosan bemor ertalab o‘rnidan turgan paytida ko‘z vaqti-vaqti bilan xiralashadi, ko‘z oldiga parda tutganga o‘xshab tuyuladi. Bu holatlar tez o‘tib ketadi. U chiroqqa qaraganda uning atrofida turli rangdagi yoysimon doiralar ko‘rinadi. Xasta kishi ko‘zini yumganidan keyin ham bu rangli doiralar yo‘qolmaydi. Ba’zan odam ish uchun taqiladigan ko‘zoynakni tez-tez almashtirib turishga majbur bo‘ladi, bu ham glaukoma alomatidir (odatda ko‘zoynakni 3-5 yilda almashtirish kerak).

DAVOLASH USULLARI

Hozirgi paytda ma’lum bo‘lgan hech bir usul glaukomani davolay olmaydi va ko‘rish o‘tkirligi pasayishi qaytmas holat bo‘lib hisoblanadi. Ammo kasallikni rivojlanishiga ta’sir o‘tkazish, ya’ni ko‘ruv asab tolasi zararlanishini sekinlashtirish yoki to‘xtatish imkoni bor. Asosiy davolash ko‘z ichki bosimini pasaytirishga qaratiladi. Buning uchun birinchi navbatdagi ko‘z tomchilaridan foydalaniladi.

Faqatgina vrach buyurgan ko‘z tomchilarinigina qo‘llash muhim ahamiyatga ega.

Bu ko‘rish qobiliyati pasayishini kamaytiradi. Agar ko‘z tomchilari samarasi kam bo‘lsa yoki ularni qo‘llash imkoni bo‘lmasa, bunday hollarda ko‘z shifokori bemorga lazer yoki jarrohlik usullarida davolanishni tavsiya etadi. Bemorga qaysi usul eng ma’qul bo‘lishini shifokor – mutaxassis xasta kishining yoshi, unda yana boshqa kasalliklar mavjudligini ham e’tiborga olib, yana kasallik darajasi va organizmning boshqa o‘ziga xos xususiyatlarini ham inobatga olgan holda hal qiladi.

Xulosa qilib aytganda glaukoma – umrbod bemorga hamroh bo‘ladi. Glaukoma bilan kasallangan bemorlar doimo oftolmolog nazoratida bo‘lishlari va 3 oyda 1 marta ko‘z shifokori qabuliga chiqishlari shart.

TAVSIYALAR

Har bir inson qattiq ruhiy zo‘riqish (stress), depressiya (ruhiy tushkunlik) va kuchli toliqishdan saqlanishi kerak.

Bemorlar 10 kg dan og‘ir yuk ko‘tarmasligi kerak. Boshni engashtirgan holatda o‘tirishi mumkin emas. Televizorni ko‘rayotganda xonadagi chiroqni o‘chirib ko‘rmang.

O‘qiyotganda yoki boshqa ko‘rish bilan bog‘liq ishlarda har soatda 10-15 daqiqa tanaffus qiling. Yoshingizga mos oqilona ovqatlaning: sabzovotli taomlar, baliq mahsulotlari, xom sabzavotlar va ho‘l mevalar juda foydali. Shakar va hayvon yog‘larini kamaytiring.

Yana o‘qing:  BEBIONIC-3 PROTEZ QO‘LLARI

Suyuqlikni kamaytirish shart emas. Faqat bir ichishda bir stakandan ortiq suyuqlik ichish mumkin emas. Agar kashanda bo‘lsangiz, darhol chekishni tashlang – nikotin ko‘zlaringiz uchun juda ham zararli.

Ko‘ylagingiz yoqasi, galstugingiz bo‘yningizni siqishiga yo‘l qo‘ymang. Bu bosh miya va bo‘yin sohasida qon aylanishini qiyinlashtiradi.

Uyqu ham muhim ahamiyatga ega. Yotishdan oldin kechki sayr qilishga odatlaning. Agar uyqingiz yomon bo‘lsa, uxlashdan oldin 2-3 choy qoshiq asal yeb, keyin iliq suv iching. Shuningdek, iliq oyoq vannalari ham uyqungizni tiniq bo‘lishiga yordam beradi. Shifokor buyurgan ko‘z tomchilarini o‘z vaqtida tomizing. Agar biror yoqqa ketadigan bo‘lsangiz tomchi doringizni o‘zingiz bilan birga olib ketishni unutmang.

Aziz yurtdoshlar! Shifokor qabuliga o‘z vaqtida chiqing. Bu sizni ko‘zlaringiz yana ravshan ko‘rishiga imkon beradi.

Dilfuza USMONXO‘JAYEVA,

Toshkent shahar, Shayxontohur tumani 46-oilaviy poliklinika oliy toifali oftalmologi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: