To‘g‘ri tanlangan kasb
muvaffaqiyatlar debochasidir
O‘zbek xalqi bolajon xalq. Qadimdan yurtimizda farzand tarbiyasiga, uning kelajagiga katta e’tibor qaratilgan. Bu an’ana kishilarning qon-qoniga singib ketgan. Ammo ba’zi ota-onalar bolalarining zamon bilan hamnafas bo‘lishini istab, ularni erkin qo‘yishadi. Natijada farzandlari “ommaviy madaniyat” domiga tushib qolishayotganini sezmay qolishadi. Ba’zilar esa farzandining ta’lim-tarbiyasiga befarq qarashadi. Zero, bugungi yosh avlod yurtimizning kelajagini ta’minlashini unutmaslik lozim.
Shu maqsadda zamon talablariga mos bilim maskanlari qad rostlamoqda. Yoshlarimiz eng ilg‘or texnologiyalar asosida ilm olishmoqda. Shu o‘rinda aytish joizki, ota-bobolarimizdan o‘tib kelayotgan go‘zal an’analar, o‘lmas qadriyatlarni bolalar ongiga singdirish davr talabi. Bu ezgu omilning ildizi esa oiladagi muhit bilan bevosita bog‘liqdir. Zero, har qanday ezgulikning zaminida go‘zal odob mujassam.
Jamiyat tarqqiyotini ta’minlashga faqat barkamol avlodgina qodirdir. Komillikning tamal toshi esa oilada qo‘yiladi. Ota-ona fe’l-atvorida uchraydigan ijobiy va salbiy xususiyatlar ularning zurriyotlarida ham kuzatiladi. Har bir kasb-hunar sohibining dunyoqarashi, ma’naviy saviyasi bolalarining ruhiyatida o‘z ifodasini topadi.
Jumladan, ziyoli xonadonda vaqt oila a’zolari uchun qadrli ne’mat sanaladi. Ulardagi samimiylik, kamtarona mulozamat, tartib va orastalik kishining havasini keltiradi. Yashash tarzida ortiqcha hashamga o‘rin berilmaydi.
Hunarmandlar oilasida esa shaxsiy ibrat asosidagi mehnat bola tarbiyasiga ta’sir o‘tkazganining guvohiga aylanasiz. Hunaridan mamnun va el orasida obro‘-e’tibor topayotgan bunday kishilar farzandlarining aksariyati xos ota kasbini tanlaydi. Ulardagi irsiy layoqat sirlarini o‘zlashtirishlarida qo‘shimcha mahorat zaxirasini o‘taydi.
Tadbirkorlar – hayotiy tajriba, bilim va idrokini amalda qo‘llay oladigan tashabbuskor kishilardir. Bu toifadagi insonlar zamon bilan hamnafas yashayotgan shijoatli amaliyotchilardir. Ularning farzandlari maqsad sari intiluvchan, g‘ayratli, aksariyati biror ishni yo‘lga qo‘yishda bilimning yuqori asos bo‘lishini anglab yetgan yoshlardir.
Boladagi tug‘ma layoqat omillarini o‘z vaqtida ko‘ra olish, uni rivojlantirish uchun sabr bilan hayot tajribalari, bilim-tafakkur asosida yondashish har bir ota-onaning ezgu vazifasi, burchidir. Layoqatsiz va hayotga to‘g‘ri yo‘naltirilmagan yigit-qizlarning aksariyati kasb-hunar tanlashda xatoga yo‘l qo‘yishadi. Kasb-hunarni faqat moddiy manfaatni ko‘zlagan holda tanlash yaxshi samara bermasligi mumkin. O‘z imkoniyati, layoqatiga mos tanlangan kasb kishiga quvonch, hayotiga mazmun, fikr-idrokining rivojiga turtki beradi.
Zarina RAHMONOVA