EPILEPSIYa VA TUTQANOQ SINDROMI

Bu qanday kasallik?

(3-qism)

Qanday dorilarni epilepsiyada berib bo‘lmaydi? Vitaminlar tutqanoq xurujlarini kuchaytiradimi?
Tutqanoq xurujlarini kuchaytirish mumkin bo‘lgan dorilar bir qancha bo‘lib, ularning ba’zilari haqida ma’lumot berib o‘tamiz.

Oxirgi paytlarda ba’zi bemorlar yoki ularning qarindoshlari internet orqali yoki bosh­qa bir bemorning tavsiyasiga ko‘ra dori tanlaydigan bo‘lib qolishgan. Bu o‘ta xavfli! Faqat vrach tavsiyasiga ko‘ra ish qilish kerak. Tarkibida kofein saqlovchi dorilarni (kofein benzoat natriy), psixostimulyatorlar, antixolinesterazlar (prozerin, nivalin, neyromidin), biostimulyatorlar, serebral metaboliklar va tarkibida jenshen miqdori ko‘p bo‘lgan dorilar epilepsiya kasalligida tavsiya etilmaydi. Vitaminlardan V1 vitamini xurujlarni kuchaytirishi mumkin, qolgan vitaminlarning xavfi yo‘q. Masalan, V6 vitamini (piridoksin) epilepsiyada juda foydalidir. Ayniqsa, erta yoshdagi bolalarda kuzatiladigan epilepsiyaning ba’zi turlari piridoksin, ya’ni V6 vitamini yetishmasligi sababli ro‘y beradi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, polivitaminlarning ham ziyoni yo‘q. Ularni bemorlar vrach belgilagan miqdorda qabul qilishlari mumkin. Shuningdek, ba’zi aminokislotalar, ya’ni letsitin, metionin, glutamin kislotasi, folat kislotasi tutqanoq xurujlarini to‘xtatishga yordam beradi. Chunki har bir xurujda miya to‘qimalarida ularning miqdori kamaya boradi. Epilepsiya bilan kasallangan bemorlarni, ayniqsa, bolalarni davolashda ushbu aminokislotalarni rejali tarzda bir necha oylab berib turishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Bu dorilar epilepsiyaga qarshi beriladigan dorilarning jigarga zararli ta’sirini kamaytiradi.

Bemorni davolash uchun
2-3 xil dorini birgalikda
bersa bo‘ladimi?


Epilepsiya turi aniqlangandan so‘ng kasallikning aynan o‘sha turiga samarali ta’sir ko‘rsatuvchi dorilarning bittasi tanlab olinadi. Dori kam dozada berib boshlanadi va sekin-asta oshirib boriladi. Har bir dorining dozasi va uning qay tarzda berilishi bemorning yoshi, xurujlar soni, kasallik sababi, yo‘ldosh kasalliklar bor-yo‘qligi, monelik qiluvchi holatlar va shu kabi boshqa vaziyatlarga qarab vrach tomonidan belgilanadi. Agar dori ko‘rsatilgan muddatgacha tavsiya qilingan taqdirda ham foyda bermasa, vrach uni boshqa doriga o‘zgartiradi. Odatda, dorining ta’sir qilish-qilmasligi 1 haftadan so‘ng bilinadi. Agar xurujlar soni kamaysa-yu, butunlay to‘xtamasa, qo‘shimcha ravishda ikkinchi dori tavsiya qilinadi. Lekin ikkinchi dorini tavsiya qilishga hech vaqt shoshmaslik kerak.

Ba’zida vrachlar «Men hammasini to‘g‘ri yozganman, biroq bemor dori ichish rejimini doimo buzib yuradi» deb bemordan arz qilishadi. Hatto Yevropa mamlakatlarida ham deyarli 30 foiz bemor dori ichish rejimiga amal qilmaydi. Buning asl sababini o‘rganish uchun bemorlar orasida so‘rovnoma ham o‘tkazilgan. So‘rovnomada bittagina savol qo‘yilgan. «Siz dori ichish rejimini nega buzyapsiz?». Javoblar quyidagicha bo‘lgan: «Dori nojo‘ya ta’sir ko‘rsatgani uchun (masalan, bosh aylanish, holsizlik)», «Tuzalib ketishimga ishonmayapman», «Dori ichish tez-tez esimdan chiqib qolayapti», «Dori ichaverish jonimga tegdi» va hokazo.


Dori ichish rejimi buzilishining asosiy sabablaridan biri – bu epilepsiyaning surunkali kechishi va dorini yillab ichish kerakligidir. Bemorning tuzalishi undan sabr-­toqatni, davolovchi vrachdan esa irodani talab qiladi.
Dori ichish rejimini buzmaslik uchun uni 2 mahal, ya’ni ertalab va kechqurun tavsiya qilgan ma’qul. Chunki ertalab ham, kechasi ham bemorning dori ichayotganligini nazorat qiluvchilar yoki dori ichishni eslatib turuvchilar ko‘p bo‘ladi (masalan, ertalabki nonushta va kechqurungi ovqatlanish payti). Buning uchun ta’siri 12 soat davom etuvchi dorilarni tanlab olish zarur. Kunduz kuni esa bemor dori ichishni unutib qo‘yishi yoki ichmasligi mumkin. Biroq xurujlar tez-tez bo‘ladigan holatlarda kuniga 4 mahal dori ichishga to‘g‘ri keladi. Bunday bemor, albatta, kimningdir nazoratida dori ichishi lozim.

Yana o‘qing:  Ichak yallig‘lanishi yurak xuruji xavfini oshiradi

Xastalikda dorini yillab
ichish tavsiya qilinadi.
Bu jigarga ziyon emasmi?


Olimlar surunkali kasalliklarda doimiy ravishda qabul qilinadigan dorilarni ishlab chiqishda ularning organizm, shu jumladan, jigarga zararli ta’sirini ham albatta o‘rganishadi. Bunday dorilar uzoq muddat qabul qilishga mo‘ljallangan. Shunday bo‘lsa-da, davolashni boshlashdan oldin va keyinchalik (har yili 1-2 marta) jigar fermentlarini tekshirib turish zarur. Ayniqsa, valproatlarni (depakin, konvuleks) tavsiya qilganda, jigar fermentlarini tekshirib borish tavsiya etiladi. Agar bemor qo‘shimcha ravishda aminokislotalar, ya’ni glutamin kislotasi, letsitin, metionin, folat kislotasi ichib yursa, dorining jigarga zararli ta’siri pasayadi.

Berilayotgan dorilar xotira va aqliy rivojlanishga ziyon qilmaydimi?


Aytib o‘tganimizdek, xurujlar tez-tez kuzatilsa, bemorning nafaqat xotirasi buziladi, balki uning aqliy rivojlanishi ham orqada qoladi. Masalan, benzonalni yillab qabul qilish aqliy rivojlanishga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shuning uchun ham benzonal ko‘p mamlakatlarda qo‘llanilmaydi. Biroq finlepsin (karbamazepin), konvuleks, depakin, topiramat (topamaks) kabi dorilar xurujlarni to‘xtatish bilan birga, bemorning xulq-atvori va aqliy rivojlanishiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Jarrohlik amaliyoti
o‘tkazish mumkinmi?


Epilepsiya bilan kasallangan bemorlarni jarrohlik yo‘li bilan davolash mumkin. Buning uchun bosh miyaning epileptik xurujlar keltirib chiqaruvchi qismiga maxsus jarrohlik yo‘li bilan ta’sir ko‘rsatiladi. Bunday operatsiyalarning ijobiy ta’siri juda yuqori. Odatda, dorilar bilan davolash qiyin bo‘lgan bemorga jarrohlik usuli tavsiya qilinadi. Biroq bemor xohishiga ko‘ra epilepsiyaning dori bilan davolasa bo‘ladigan turlarini ham operatsiya yo‘li bilan davolash mumkin.

Avvallari operatsiya yo‘li bilan davolash faqat kattalarda o‘tkazilgan bo‘lsa, hozirgi kunda bolalar va o‘smirlarni ham operatsiya bilan davolash qo‘llanilmoqda. Ta’kidlash lozimki, tutqanoq xurujlari bosh miya o‘smalari yoki unda mavjud bo‘lgan yirik chandiqlar hisobiga rivoj­lansa, bunday bemorlarni albatta operatsiya qilish kerak. Biroq xirurgik usullar epilepsiyaning barcha turiga ham yordam beravermaydi.

Bemorlar va ularning
ota-onalariga maslahatlar

  1. Televizor va kompyuterga o‘ch bo‘lmang. Epilepsiya bilan kasallangan bemorni nazoratga olgan vrach uning hayot tarzini chuqur o‘rganib, sog‘lom turmush tarziga o‘rgatishi lozim. Masalan, hozirgi kunda aholining aksariyat qismi televizor va kompyuter monitori oldida vaqt o‘tkazadi. Ba’zi bolalarning qo‘lidan telefon tushmaydi. Bemor bunday vositalardan o‘zini cheklashi lozim. Televizorni qorong‘i xonada emas, yorug‘ xonada ko‘rish kerak va televizorgacha bo‘lgan masofa 2 metrdan ortiq bo‘lishi zarur. Teleko‘rsatuvlarni tomosha qilish davomiyligi 2 soatdan oshmasligi kerak.
    Fotosensitiv epilepsiyada televizor ko‘rish yoki kompyuter monitori oldida o‘tirish man etiladi. Quloqqa taqiladigan moslama orqali doimo musiqa eshitib yurish ham epilep­siyaning ba’zi turlari uchun xavfli.
  2. Maktab va bog‘chaga borish mumkin. Epilepsiya bilan kasallangan bolalarning deyarli barchasi sog‘lom bolalar kabi maktab va bog‘chalarga qatnashlari mumkin. Bunday paytlarda ta’lim muassasasidagi vrachlar xabardor qilinadi. Biroq oligofreniya, bolalar serebral falajligi kabi bosh miyaning organik kasalliklarida kuzatiladigan tutqanoq xurujlarida bolalar, albatta, maxsus maktab­larda ta’lim olishlari kerak.
    Bemor bolalarni faqat tutqanoq xuruji borligi sababli jamiyatdan ajratib tarbiyalash noto‘g‘ri. Aksincha, ularga to‘laqonli hayot kechirishga imkoniyat yaratib berish lozim. Ular til o‘rganmoqchi, sport va jismoniy tarbiya mashqlariga qatnashmoqchi bo‘lsa, ruxsat berish kerak, biroq murabbiy bundan xabardor bo‘lishi zarur.
  3. Sport va jismoniy mashqlar xuruj tez-tez kuzatiladigan holatlarda mumkin emas. Xuruj kam bo‘ladigan holatlarda bemor sportning yengil turlariga qatnashishi mumkin. Sportning ba’zi turlari, ya’ni boks, tosh ko‘tarish, kurash, suzish, tez yugurish aslo mumkin emas.
    Ta’kidlash lozimki, rejali tarzda sportning yengil turlari bilan shug‘ullanish foydalidir. Chunki so‘nggi paytlarda mutaxassislar o‘smirlarda kuzatiladigan tutqanoq xurujlarining kompyuter monitori oldida uzoq o‘tirishdan kuchayib ketayotganligini ta’kid­lashmoqda.
  4. Passiv hayot va epilepsiya. Yirik amerikalik epileptolog V.Lennoks «Faol hayot – xurujlar antagonistidir», degan edi. Mutaxassislar epilepsiya kasalligida xurujlarning passiv hayot kechiruvchi bemorlarda ko‘p, faol aqliy va jismoniy mehnat bilan shug‘ullanuvchi bemorlarda esa kam kuzatilishini aytishadi. Bemorlar, ayniqsa, bolalar va o‘smirlarni jismoniy xatti-harakatlardan, o‘qishdan chegaralab qo‘yish va ularning ko‘z o‘ngida kasalligini muhokama qilaverish og‘ir ruhiy asoratlar qoldiradi. Bunday bolalarda melanxoliklarga xos bo‘lgan xulq-atvor shakllanadi, ular ruhiy nogiron bo‘lib o‘sadi. Lekin ortiqcha ruhiy va jismoniy zo‘riqishlar xurujlar sonini ko‘paytirishini ham unutmaslik kerak.
  5. Bemor uchun xavfli ishlar. Bemorga uning hayoti uchun xavfli ishlar, ya’ni haydovchilik qilish, o‘t o‘chirish, militsiya, soqchilik va qutqaruvchilik kasblarini egallash, shuningdek, kimyoviy vositalar bilan yoki baland binolarda, jarohatlanish xavfi yuqori bo‘lgan zavod va fabrikalarda ishlash mumkin emas.
    Tungi ishlarda ishlash umuman man etiladi. Chunki tunda uyquga to‘ymaslik xurujlar takrorlanishiga yoki ko‘payib ketishiga turtki bo‘ladi.
  6. Dush qabul qilish qoidalari. Bemor dush yoki vanna qabul qilganida eshikni ichkaridan berkitmasligi, issiq yoki o‘ta sovuq dush qabul qilmasligi kerak, saunalarga qatnamasligi va uzoq vaqt vannada qolib ketmasligi zarur.
  7. Olovga yaqin yurmang. Tandirda non yopish, olov yonida katta qozonlarda ovqat tayyorlash, issiq joylarda ishlash mumkin emas.
  8. Fizioterapiya mumkin emas. Fizioterapevtik muolajalar (elektroforez, magnitoterapiya, elektroterapiya, dorsanval) qo‘llash mumkin emas.
  9. Ishxonadagilar xabardor bo‘lsin. Ishxonada doimiy ishlovchilardan bir-ikkitasi kasallikdan xabardor bo‘lishi kerak, uzoq safarlarga yolg‘iz va mehmonxonalarda yolg‘iz bo‘lmagan ma’qul.
Yana o‘qing:  Dam olish kunlari to‘yib uxlash orqali ozishingiz mumkin

Tutqanoq xuruji paytida qanday tez yordam ko‘rsatish kerak?


Dastlab bemorga jarohat yetkazishi mumkin bo‘lgan xavfli narsalar zudlik bilan chetga olinadi. Bemor xavfsiz va yumshoq joyga o‘tkaziladi va uning yoqasi ochiladi. Agar bemor yotgan joy xavfsiz bo‘lsa, uni boshqa joyga ko‘chirish shart emas. Agar xuruj yopiq joyda kuzatilsa, derazalarni ochib, bemorga toza havo kelishini ta’minlash zarur. Bemorning boshini kuch ishlatmasdan yon tomonga og‘dirib ushlash lozim, ana shunda bemorning tili tomog‘iga tiqilib qolmaydi. Buning uchun bemorning yoniga yon tomondan emas, balki bosh uchidan borish kerak. Chunki xuruj paytida bemor sizni qo‘li bilan qattiq urib yuborishi mumkin.
Agar tutqanoq xurujlarida bemorning boshi va tanasi chap tomonga qayrilgan bo‘lsa, uni chap­ga, o‘ngga qayrilgan bo‘lsa, o‘ngga burgan holda ushlash zarur. Biroq kuch ishlatish mumkin emas. Bemor tilini tishlab olmasligi uchun shpatel yoki qoshiqni dokaga o‘rab, yon tomondan tishlari orasiga qo‘yish lozim. Bu bemorning ravon nafas olib ketishiga ham yordam beradi. Biroq bemorning jag‘ini zo‘rlab ochish mumkin emas. Xuruj bo‘layotgan paytda bemorning oyoq-qo‘llarini zo‘rlab ushlamaslik, yuziga suv sepmaslik, novshadil va piyoz hidlatmaslik kerak. Aksariyat tutqanoq xurujlari 3-5 daqiqa davom etadi va bemorga yordam ko‘rsatguncha o‘tib ketadi. Ko‘pincha, tonik-klonik xurujlar bilan kechuvchi epilepsiyada bemorga tez yordam ko‘rsatishga to‘g‘ri keladi. Chunki epilepsiyaning bu turida jarohatlanishlar ko‘p kuzatiladi.

Epileptolog – nevrologiya, tibbiy psixologiya va elektroensefalografiyani mukammal biladigan mutaxassis. Ular orasida ushbu kasallikni neyroxirurgik usullar bilan davolovchi mutaxassislar ham bor.

Zarifboy IBODULLAYEV,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: