QVP – aholini sog‘lomlashtirishda muhim bo‘g‘in
Istiqlol yillarida barcha sohalar qatori tibbiyot tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Sog‘liqni saqlash mussasalarining butunlay yangi qiyofa kasb etishi, ularning eng zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlanishi, mutaxassis shifokorlarning malakasini doimo oshirib borish natijasida xastaliklar barvaqt aniqlanib, o‘z vaqtida bemorlarga to‘g‘ri tashxis qo‘yilmoqda. Bu esa turli kasalliklarni davolashda o‘z samarasini bermoqda.
Jumladan, Xorazm viloyat markaziy shifoxonalarida endilikda murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilayotgani, aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatining oshganligi el salomatligini muhofaza qilishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Ayniqsa, qishloq vrachlik punktlarida chekka hududlar aholisi uchun ko‘plab kasalliklarga tashxis qo‘yish, davolash imkoniyatlari mavjudligi yana bir muhim omillardandir.
Kasallikni davolagandan ko‘ra uning oldini olgan afzal, deydi dono xalqimiz. Shu bois mazkur tizimda profilaktikaga alohida e’tibor qaratilib, viloyat aholisiga turli kasalliklar va ularning oldini olish choralari xususida tushunchalar berilmoqda. Yurtimizda har oyning ikkinchi haftasida “Salomatlik haftaligi” tashkil qilinayotgani, tadbir doirasida malakali mutaxassislardan iborat guruh chekka qishloqlar aholisini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayotganligi ko‘plab kasalliklarni birlamchi bosqichda aniqlash va davolash imkoniyatini yaratmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2013 yil 29 iyuldagi farmoyishi asosida “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin!” shiori ostida o‘tkazilayotgan “Salomatlik haftaligi”ning ko‘lami tobora kengayib bormoqda. Bir necha yildan buyon an’anaviy tarzda tashkil qilinib kelinayotgan bu aksiya Xorazm viloyatida joriy yilda yanada ko‘tarinki ruhda uyushtirildi. Uni talab darajasida o‘tkazish uchun viloyatning eng tajribali, bilimdon mutaxassislari jalb qilindi va Gurlan, Shovot, Qo‘shko‘pir, Yangiariq tumanlarining eng chekka qishloqlari aholisi ham qamrab olindi. Aksiya doirasida 1153 nafar fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 1036 nafariga ambulatoriya hamda 117 nafariga statsionar sharoitida davolanish tavsiya qilindi. Birinchi navbatda yolg‘iz qariyalar, nogironlar va ko‘p bolali va kam ta’minlangan oila a’zolari, shuningdek, keksalar tibbiy ko‘rikka jalb qilinishi mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining salomatligini mustahkamlashga qaratilgan e’tiborning bir ko‘rinishidir.
Gurlan tumani Sholikor qishlog‘i “Yangiobod” QVPda 214 fuqaro ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 18 nafari bolalar, 20 nafari xomilador ayol, 12 nafari nogironlardir. Tibbiy ko‘rikdan o‘tgan fuqarolar 202 nafariga ambulator, 12 nafariga statsionar sharoitida davolanish tavsiya qilindi.
Shovot tumanidagi Ibn Sino nomidagi QVPda 306 nafar fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
– Istiqlol tufayli aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligi tubdan oshganidan mamnunmiz, – deydi fuqaro Farog‘at Davletova. – Qishlog‘imizdagi vrachlik punkti ham zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Mutaxassislar tez-tez xonadonlarimizga kelib, biz bilan suhbatlashib, o‘z maslahatlarini berib boradilar. Bu viloyat tibbiyot xodimlarining el salomatligini muhofaza qilishga bo‘lgan e’tibori va g‘amxo‘rligi namunasi deb bilamiz. O‘z kasbining fidoyilariga qo‘lingiz dard ko‘rmasin deymiz.
Urganchdagi ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida, “Oq machit” QVPsida ham o‘z ishining jonkuyar mutaxassislari faoliyat olib boradi. Shu kunlarda Urganchdagi har bir tibbiy muassasa tumandagi chekka qishloqlarda aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishni davom ettirmoqdalar.
Viloyatda joriy yilning sentyabr oyida sport bilan shug‘ullanuvchi bolalar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Viloyatimizda 32 ming nafardan ziyod bolalar va o‘smirlar sport maktablariga va “Olimpiya zahiralari” kollejiga jalb qilingan holda muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanadilar. Ularning salomatliklarini nazorat qilish maqsadida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdik. Bu degani travmatolog, ortoped, jarroh, kardiorevmatolog, rematolog, pediatr, nevropatolog, urolog kabi mutaxassislar tomonidan bolalarga tibbiy tashxis qo‘yildi. Muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanuvchi va shug‘ullanmaydigan bolalar salomatligi qiyosiy tahlil qilindi. Bu esa yoshlarni sportga jalb qilishga yana bir turtki bo‘ldi.
Respublika Salomatlik va tibbiy statistika instituti viloyat filiali jamoasi aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzi tamoyillarini keng targ‘ib qilishga qaratilgan chora-tadbirlarni muntazam ravishda amalga oshirib kelmoqda. Bugungi kunda xalq salomatligi yo‘lida amalga oshirilayotgan barcha harakatlarimiz – ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlar, o‘quv muassasalari, mahallalar, korxona va tashkilotlarda tashkil qilinayotgan davra suhbatlari, uchrashuvlar turmush tarzimizda ifodasini topayotganidan mamnunmiz.
Qo‘shnazar NAZAROV,
Respublika salomatlik va tibbiy statistika instituti Xorazm viloyat filiali direktori