REYTING DAFTARI – o‘quvchining yuzi, ko‘zgudagi aksi(mi?)
Ma’lumki, ota-onalar har gal yangi o‘quv yili oldidan farzandlari uchun kerakli o‘quv qurollari tanlarkan kundalik reyting daftarini ham harid qilishni unutishmaydi. Kundalik daftar jildida mamlakatimiz Davlat ramzlari yorqin ranglarda ifodalangan bo‘lib, bu har bir o‘quvchi qalbida g‘urur hissini uyg‘otadi. Ruhiyati ko‘tarilib, ona Vatanga bo‘lgan muhabbati yanada ortadi.
Kundalik reyting daftari – o‘quvchining yuzi, ko‘zgudagi aksidir. Unda o‘quvchining fanlardan o‘zlashtirishi, xulqi, jamoat topshiriqlarining bajarilishi, sinfdan tashqari o‘qilgan adabiyotlari, madaniy dam olishi kabilar mujassam bo‘lib, kundalik hayoti haqida ma’lumot beradi.
Kundalik reyting daftari – o‘quvchi, sinf rahbari va ota-onalar o‘rtasidagi muloqot vositasi hamdir. Boshqacha qilib aytganda o‘quvchi qalbiga yo‘l topish vositasini o‘taydi. Masalan, o‘zlashtirishi sust bo‘lgan o‘quvchining ota-onalari bilan fan o‘qituvchisi suhbat o‘tkazishga har doim ham vaqt ajrata olmasligi mumkin. Shunday hollarda ular o‘rtasida muloqat o‘tkazish uchun kundalik reyting daftari qo‘l keladi.
O‘quvchining fanlardan qanday o‘zlashtirishi, erishgan yutuqlari ball sistemasida baholanib, uyga berilgan vazifalar haftaning qaysi kuniga tayyorlanishi lozimligi kundalik daftarga belgilab boriladi va doimo o‘quvchi portfelida bo‘lishi talab etiladi. Negaki, u o‘z nomi bilan kundalik reyting daftaridir.
Biz ota-onalardan: «Nega birinchi sinflarda kundalik daftar yuritilmaydi? Nima uchun ularning o‘zlashtirishi va xulqi baholanib borilmaydi?», kabi savollarni tez-tez eshitamiz. Axir, kichkintoylar ham kattalar kabi ustozlar rag‘bati hamda ota-onalarning maqtovini xohlashadi-da. Shunda bolajonlarning yoshini hisobga olgan holda ota-onalarga yotig‘icha tushuncha beramiz. Shuni ta’kidlash kerakki, ayrim o‘quvchilar shoshma-shosharlik yoki erinchog‘lik qilib kundalik daftar sahifalarini to‘lg‘azganida «takrorlash», «o‘qish», «masala yechish», «ishlash» kabi so‘zlar bilangina cheklanishadi. Aslida esa kundalik daftarga o‘quvchi tomonidan nechanchi misol yoki mashqlar ustida ishlash kabi topshiriqlar aniq va ravshan qayd etib borilmog‘i lozim.
Biz o‘quvchilik davrida jonajon maktabimizni chin dildan sevar, fanlardan puxta o‘zlashtirib, yaxshi xulq egalari bo‘lishga harakat qilardik. Sinf rahbarimiz yozuv taxtasiga yangi dars jadvalini yozarkan uni hayajon bilan kundaligimizga tushunarli va yarashiqli qilib ko‘chirishga kirishardik. Faqat o‘rtadagi jimlikni yozuv taxtasiga bo‘rning urilishigina bo‘lib turardi. Ustoz har hafta oxirida eng ko‘p «a’lo» baho olganlarga o‘quvchi uchun qaydlar degan joyiga «Ota-onangga rahmat, balli!», «Chiroyli husnixating tahsinga loyiq» kabi jumlalarni qayd etib ilova qilishni ham unutmasdi.
Bugungi kunda o‘quvchi kundaligiga ustozlarning «Sen she’rni yoddan ifodali qilib o‘qib berding, balli!», «Barakalla, matematikadan misol va masalalarni birinchilardan bo‘lib bajarding», «Ingliz tilidagi matnni to‘g‘ri talaffuz bilan so‘zlab berding, ofarin!» kabi qayd etilgan jumlalari uni ruhlantirib, ilm o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshiradi. Shunda ustozlar rag‘batiga loyiq bo‘lgan o‘quvchi sevinganidan ota-onasiga ko‘rsatishga oshiqadi. Bu esa biz, pedagoglarni ham xursand qiladi, albatta.
Qisqasi, kundalik reyting daftari o‘quv yili davomidagi nafaqat yarashiqli va chiroyli husnixatlar bilan to‘lg‘azilgan o‘quv quroli bo‘lib qolmay, balki uning kundalik hayoti haqida informatsiya beruvchi hujjati ham desak to‘g‘ri bo‘lardi.
Darhaqiqat, o‘quvchi kundalik reyting daftarini varaqlab uning xulq-atvori, fanlardan o‘zlashtirishi, o‘quv qurollarining saqlanishi va yuritilishi, kiyinish madaniyati hamda tashqi ko‘rinishini ham bilib olsa bo‘ladi.
Shoira FOZILOVA,
Jizzax shahridagi 1-maktab o‘qituvchisi,
Xalq ta’limi a’lochisi