Ixlos

(Omonulla Madayevning «Navoiy suhbatlari» kitobini o‘qib)

Adabiyotshunoslar o‘rtasida shunday gap yuradi: «Adabiyotshunosning kuchi Alisher Navoiyni tushunishi va uning ijodini tadqiq eta olishi, hech bo‘lmaganda bir maqola e’lon qilishi bilan o‘lchanadi». Adabiyotshunoslikning turli yo‘nalishlarida izlanish olib borayotganlar balki bu fikrga qo‘shilmas. Ammo bu yerda ixlos haqida gap ketyapti. Ixlos va izhor haqida.

Ustozimiz Omonulla Madayev folklorshunos olim edilaru hazrat Navoiy oldida o‘zlarini qarzdor sezardi. Navoiyshunos olimlik maqomini hech da’vo qilmagan holda o‘zlarini ixlos va izhor tarozida tortib ko‘rishni xohlardi. Bu gaplar, ehtimol, yangi odamlarga ma’qul kelmas. Biz ham talabalik vaqtimiz ustozimiz Botirxon Akramov dars xonasi devoriga boshini qo‘yib, ko‘zida yosh bilan
Qatra qonlarkim tomar ko‘ksumga urg‘an toshdin,
Zaxmdindur demakim, qon yig‘lar ahvolimg‘a tosh

baytini sharhlab berganlarida oshkoru yashirin kulgan, bu ixlosni yuragimizga sig‘dirolmagan edik. Ammo endi bu odamlar yo‘q, o‘shandek ixlos ham yo‘q, O‘zMUdagi o‘sha darsxona devorlari bo‘lsa hali bor.
Muallif kitobni «Navoiy suhbatlari» deb nomlabdi. Bu nom mutlaqo domlaning tabiatiga mos tarzda tanlangan. Ustoz suhbatlarda bizni o‘ziga bog‘lab qo‘yardi, darsni ham qo‘lida qizil naqshli piyolasini tutgancha go‘yo biz bilan suhbatlashgandek o‘tardi. Jonli muloqot, jonli dars shunday ado etilardi. Talaba yigitlarga yo‘lakda domla bilan suhbatlashib turish sharaf edi. Ustoz kitobni ham xuddi suhbatlashayotgandek yozibdi. Bu davrada siz o‘zingizni azizlar davrasida, Navoiy huzurida turgandek sezasiz. Muallif so‘zni sizni sharaflash bilan boshlaydilar: «Aziz o‘quvchim, jonim-farzandim». Yuragingiz bo‘lsa, «labbay» demay ko‘ring-chi!

Kitob mundarijasi sakkiz suhbatdan iborat. Har bir suhbatning o‘z mavzusi va maqsadi bor. Biz necha yildirki, o‘rta maktabda Navoiy mavzusiga aloqador adabiyot darslarini samarali tashkil qilolmay sarsonmiz. Afsuski, bog‘chada, boshlang‘ich sinflarda qalbimizga kirmagan Navoiy universitetda ham bizga jondek yaqin bo‘lib ketmaydi. Sabab bitta: Navoiyni qanday o‘qitishni bilmaymiz. Navoiy tushunilishi qiyin so‘zlar uyumi emas, siyqa syujetlar emas, aruz taqtelari ichida qolib ketgan ham emas. Muallif baholi qudrat shu masalani hal qilishni istaydi. Kitob adabiyot muallimlari uchun go‘zal bir tavsiya vazifasini bajaradi. Erkalab-erkalab, sizlab-sizlab Navoiy suhbatlariga oshno qiladi. Men aniq bilaman, bu kitobni o‘qib chiqqach Siz endi Navoiyni o‘qishdan qo‘rqmaysiz, tushunolmay qolishlikdan qo‘rqmaysiz. Sizda uyg‘ongan muhabbat endi Sizni uzoq manzillargacha yetaklab boradi.

Suhbat avvali «Hazrat Navoiyga munosib avlod» deb nomlanib, bu avlod qanday sifatlarga egi bo‘lishi-yu qanday illatlardan xoli bo‘lish haqida bahs yuritiladi: «…hamma gap ma’naviy qashshoqlikda. Unda ma’naviy qashshoqlikning o‘zi nima?». Va muallif o‘z javobini keltiradi: «Ma’naviy qashshoqlik – insonning insonlik burchiga xiyonat qilishi». Ustoz aynan insonlik maqomida turib o‘zimizni cheksiz sevishimiz kerakligini uqtiradi go‘yo. Shu maqomda turib o‘zimizni aziz qilishimizni istaydi. Vatan, millat, ajdodlarni ulug‘lash, tilga sadoqat masalalarida go‘zal hayotiy dalillar keltiriladi. Afg‘onistondagi millatdoshlarimizning asl vatanlaridan nishona bo‘lgan birgina paxta gulli piyolada qo‘lma-qo‘l suv ichgani, so‘ng davrada piyolani teng bo‘laklariga bo‘lib, muqaddas timsoldek uylariga olib ketgani, ustozning qo‘lida saboq olgan Temur ismli millatdoshimiz amerikaliklarni Navoiy, Qodiriy mo‘jizalari bilan qoyil qoldirgani… Ular tumanli va g‘ashga teguvi quruq nasihat emas, ayni hayotiy voqealar. Alisher Navoiydek daho butun umrini ona tili nufuzini tiklashga bag‘ishlagani, biz ham o‘zimizni shu yo‘lda safarbar eta olsak, munosib avlod bo‘la olishimiz aytiladi. Balki siz ham e’tibor qilgandirsiz, men doim bir narsani kuzataman. Turli sohadagi olimlar, ziyolilar bilan suhbatlashganimda, ko‘pincha, ruscha so‘zlarni qo‘shib so‘zlashadi. Faqat, har ikki yoki uch tilni mukammal bilgani holda, shaxsiyati butun o‘zbek ziyolilarigina suhbat uchun tanlangan yagona tilda muloqot qiladi. O‘zbek tili har qancha najib suhbatlarga qurb-quvvati yetadigan til ekanligini o‘shanday lahzalarda chuqur anglayman.

«Alisher Navoiy haqidagi rivoyatlar» faslida hazrat hayotligida boshdan kechirgan ayrim rivoyatlar keltiriladi. Bundan muddao shuki, rivoyatlarni aytib berish orqali adabiyot o‘qituvchisi Navoiyni xayoliy yuksaklikdan bolalar yoniga olib tushsin. Hazrat bir fuqaro, bir er kishi, bir ustoz, bir do‘st sifatida qanday edi? Uning qiyofasi tarxlari qanday bo‘lgan? O‘quvchi mana shu savollariga javob topsin va o‘zi kabi oddiy bir inson ulug‘lik maqomiga ko‘tarila borganini tushunsin. Bu ko‘tarilish xalq bilan hamnafaslik, uning qalbida mehr uyg‘otish orqali yuzaga chiqadi. «Haddingdan oshsang mozorga bor!» rivoyatida bayon etilishicha, Navoiy yashagan zamonda avom xalq bevosh bo‘lib, o‘g‘rilar, johilu qo‘pollar ko‘p ekan. Ular shariat qonunlaridan ham qo‘rqmas ekan. Alisher Navoiy vazir bo‘lgandan so‘ng jamiki sayru tomoshalar mozor boshida o‘tkazilsin, degan farmoni oliy chiqaribdi. Natija qanday bo‘lganini bilib turgandirsiz.

«Do‘st bilan obod uying» faslidan shunday jumlalarni o‘qiymiz: «Jismoniy, ma’naviy, iqtisodiy jihatdan imtihonlarda senga xiyonat qilmagan odamni do‘st deb atash mumkin… Nihoyat, yetuklik darajasiga yetganimizda, yonimizda qolsa bitta, yo‘qsa ikkita do‘stimiz qoladi». Manfaatlar quturayotgan dunyoda kichkina jonim bilan vahimaga tushaman… O‘zMUda o‘zbek tili kafedrasi fakultetimizning boshida bo‘lsa, mumtoz adabiyot kafedrasi eng to‘rda joylashgandi. Ustozimiz Omonulla Madayev kafedra oldida turgancha hamma yoqni gumburlatib, ovoziga to‘ldirib ustozimiz Yormat Tojiyevni chaqirar edi. Yormat Tojiyev ham kelsalar avval ustozni yo‘qlardi. Ular do‘st edi. Bilasizki, bitta tashkilotdagi do‘stlik kamyob hodisa. Bu, ehtimol, kasbu kordan topiladigan baxtning bir qismi.

Muallif bu bobda Alisher Navoiy va Jomiy, shuningdek, hazratning Pahlavon Muhammad bilan o‘rtalaridagi do‘stlik maqomi haqida so‘zlar ekan, bunday maqom zamondoshlarimizdan Erkin Vohidov, Rahmatilla Inog‘omov va Ibrohim G‘afurov o‘rtasida kuzatilganini bayon etadi, har bir o‘rinda o‘z so‘zlarini dalillaydi. Mutlaqo poktiynat, ma’naviy, ruhiy dunyosi o‘ta darajada yaqin do‘stlar o‘rtasidagina yuz beradigan tush, tavorud holatlari haqida ma’lumot beriladi. Ikki kishining bir xilda tush ko‘rishidek ruhoniy unsiyat Navoiy va Mirzo Ahmad yelkasiga qo‘ngan ekan. Navoiy nazdidagi do‘stlik bo‘lsa boshdan-oxir imtihondir.

Keyingi suhbatlarda Navoiy ijodida Vatan timsoli hamda hazratning xalqqa kelgan balolarga balogardon himoyachi sifatidagi qiyofasi ixlos va muhabbat nurida yoritiladi. «Navoiyning Hirotda, binobarin, Xuroson yurtida bo‘lishi butun mamlakatda tinchlikning bardavomligiga garov sifatida baholanmoqda». Yeru ko‘kda duolari sharofati bilan bizni asrayotgan valiylardan biri, ehtimol, hazrat Navoiydir. Kitobning aynan Vatan bilan bog‘liq mana shu nuqtasida endi Navoiy oddiy inson emas, avliyo bir zot bo‘lib gavdlanadi. Valiylik Vatanga muhabbatdan tug‘ilib keladi.

«Alisher Navoiy – ruhshunos» faslidagi mana bu gapdan keyin yuragimga yorug‘lik tushdi. «Alisher Navoiy o‘zlarining ellik yildan ziyod yaratgan ijod namunalarini aynan Sizga, inson degan nomga munosib avlodlariga yaratganlar». Navoiy ulug‘ edi, asarlari ulug‘vor va ularni bizni o‘qiydi deb yaratgan bo‘lsa, men ham sharaf egasi ekanman. Kitobxon ham mendek fikrlasa, u mana shu nuqtadan tirilishni boshlaydi: «Orzularga yetish uchun irodani, idrokni ishga solish kerak». Muallif fikrlari Farhod va Xusrav muqoyasasida davom etadi.

Yettinchi fasl avval g‘azal, ruboiy, so‘ng xamsanavislik, «Xamsa» tarkibidagi dostonlar poetikasi, ilmiy asarlar tabiati haqida bo‘lib, turli sinf­lar adabiyot darsliklariga sochilib ketgan va bechora adabiyot o‘qituvchisi uchini topolmayotgan mavzuga oid ma’lumotlar, tayanch tushunchalarni tartibga soladi. O‘qituvchi o‘quvchiga nima demoqchiligini chamalaydi, bilimlarini tartiblashtiradi. Kitobning muhim jihati shundaki, avvalo, misol tariqasida olingan baytlarni to‘g‘ri o‘qish o‘rgatiladi. Afoili keltiriladi, ohang anglangandan so‘ng ma’no qirralari ko‘rsatiladi. «Navoiy dahosi va zamonamiz kashfiyotlari» nomli oxirgi suhbatda Navoiyning kelajak tasavvurlari bugungi kun ilm-fan yutuqlari bilan tahlil etiladi.
Shunday qilib, keng kitobxonlar ommasiga mo‘ljallangan kitob qo‘lingizda. Siz ham uni o‘qishingizni istar edik.

Ustozimiz adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov «Navoiyni o‘qing, ishonchga qaytasiz» degan edilar. Ustozimiz Omonulla Madayev «Navoiy amal qilgan qat’iy rejada INSON degan ulug‘ nomga ruhan pok, imonli odamgina munosibdir» deb yozmishlar. Ulug‘lardan bizga meros – mana shu so‘zlar ulug‘ligidir.

Shahnoza NAZAROVA,

Yana o‘qing:  KULGU ShIFO (2013-13)

filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: