Mangulik va abadiyat qonuniyati
Yer yuzidagi har bir inson ona tilini o‘zi uchun aziz deb biladi, ozgina g‘ururi bo‘lsa, albatta. Ilk bor «ona», «ota», «Vatan» singari qalbiga yaqin so‘zlarni aytib tili chiqqan go‘dak, keyinchalik ham ona tilini qadrlay oladimi? Albatta, bu kabi savollarga birdaniga javob berishga kishi o‘ylanib qoladi…
Bugun farzandlarining boshqa tillarni ham o‘rganishini istayotgan ota-onalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Shubhasiz, ko‘p tilni bilish dunyoga bo‘ylash, yurt taraqqiyoti yo‘lida xizmat qilishda yoshlar imkoniyati yanada kengayishining muhim omillaridan biri. Ammo bu narsa o‘z ona tiliga nisbatan bepisandlik hissini shakllantirish degani emasligini yoshlarga tushuntirish kattalarning, ayniqsa, ota-onalarning muhim vazifasidir.
Sir emaski, oilada farzandlari bilan xorijiy tillarda gaplashishi bilan faxrlanayotgan ota-onalar ham oramizda uchrab turibdi. Bundan tashqari, ona tilimizga xorijiy so‘zlarni aralashtirib qo‘llash holatlariga ham tobora ko‘nikib borayotirmiz.
Tabiiyki, muomalaga kirib kelayotgan har qanday xorijiy til ta’siri ona tili va milliy madaniyatga soya solishi mumkin. Ko‘chaga chiqishingiz bilanoq, do‘konlar yoki binolar peshtoqidagi yozuvlar, reklamalarning turli xorijiy tillarda yozilganiga ko‘zingiz tushadi. Bu ona tilimizga hurmatsizlikdan boshqa narsa emas, aslida. Bu mavzuda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p va xo‘p bong urilayotganiga qaramay, biror ijobiy natijaga erishilmayotgani achinarlidir…
«Parijda dog‘istonlik rassomni uchratib qoldim», deb hikoya qiladi avar shoiri Rasul Hamzatov «Mening Dog‘istonim» asarida. Muallif qayerda bo‘lmasin Vataniga bo‘lgan sog‘inch hissi musavvirni qiynaganini eshitgach, tabiiyki, suratlariga ko‘chgan bu tuyg‘uni ko‘rishga qiziqadi.
Rassomning «Vatan sog‘inchi» deb nomlangan suratida italyan ayol (rassomning xotini) qadimiy avarliklar kiyimida tasvirlangan bo‘lsa, qadimiy avar afsonasi asosida yaratilgan tikanli buta shoxida o‘tirgan qush ham ulkan sog‘inchni eslatib turardi go‘yo…
«…Shu changal shoxlari orasida qushning uyasi bor ekan… Men ham o‘z Vatanimga qafasning derazasidan tikilib turibman», deydi suratlariga bergan izohining yakunida rassom…
«Parijdan qaytganimdan keyin rassomning qarindoshlarini izlab topdim», deya hikoyasini davom ettiradi avar shoiri. Baxtni qarangki, uning onasi hali hayot ekan. Qarindoshlar uning uyida jamuljam bo‘lib, ona Vatanini begona yurtlarga almashgan o‘g‘il haqidagi hikoyani g‘amgin tinglashadi. Adashgan o‘g‘ilni kechirganday bo‘lib, tirik ekanidan suyunishadi.
Kutilmaganda mushtipar «Sizlar avarcha so‘zlashdinglarmi?» deya so‘rab qoladi.
«Yo‘q, biz tarjimon yordamida gaplashdik. Men ruscha gapirdim, u fransuzcha», degan javobdan so‘ng ona yuziga qora chodrasini tushiradi. Avarlarda onalar o‘z o‘g‘lining o‘lganini eshitganda shunday qilisharkan.
Uzoq jimlikdan keyin onaizor «Rasul, sen yanglishibsan, mening o‘g‘lim allaqachon o‘lgan ekan. Agar mening o‘g‘lim hayot bo‘lganida, avar onasi o‘rgatgan tilni unutmagan bo‘lardi!» deyishga o‘zida kuch topa oladi…»
Ushbu mo‘jazgina hikoyada ona tiliga bo‘lgan yuksak hurmat-ehtirom namunasini ko‘ramiz. Ona uchun farzandining qanchalik aziz ekanini his qilishga tasavvurimiz ojizlik qilishi mumkin. Lekin undan-da aziz, hech narsaga almashib bo‘lmaydigan, o‘rnini hech narsa to‘ldira olmaydigan qadr-qimmati bebaho narsalar ham borligini anglatadi bizga bu hikoya…
Barchamizga ma’lumki jonimizdan ham aziz bo‘lgani uchungina «Vatan», «zamin» so‘zlariga ona so‘zini qo‘shib ishlatamiz. Qancha ko‘p ishlatmaylik farqli o‘laroq, mazkur so‘zlarning qadr-qimmati, ahamiyati yanada ortib boraveradi. Xuddi shuningdek, «til» so‘zi ham o‘zining qadr-qimmati, mavqeidan kelib chiqib «ona» so‘zi bilan yonma-yon ishlatilishi bejiz emas. Bundan o‘zimizga tegishli xulosalar chiqarishimiz lozim.
Ona farzand uchun amalda ham mo‘tabar bo‘lishi lozim. Zero, jonidan ortiq ko‘rganidan, jigargo‘shasi uchun kezi kelsa o‘limni ham mardona qarshi oluvchi zot ham shubhasiz onadir. Bugun modomiki, ona tilimiz mehrga, e’tiborga muhtoj ekan, farzandlik burchimizni bajaraylik.
«– Sen qanday tug‘moqchisan, jonim? – so‘radi Shtirlits Ket kuyni ijro qilib bo‘lgach.
– Menimcha, hali tug‘ishning yangicha usulini o‘ylab topmaganlar, shekilli, – javob berdi ayol.
– Men o‘tgan kuni bir shifokor bilan suhbatlashgan edim… Men sizlarni qo‘rqitmoqchi emasman… – U Ketga yaqinroq borib, iltimos qildi: – Chalaver, jonim, chalaver. O‘zim qo‘rqib ketgan bo‘lsam ham, sizlarni qo‘rqitmoqchi emasman. O‘sha keksa doktor menga: «Tug‘ayotgan paytida har bir ayolning qayerdan ekanini aniqlab olaman», – dedi.
– Tushunmadim, – dedi Ervin. Ket chalishdan to‘xtadi.
– Chalaver, jonim, chalaver, – iltimos qildi Shtirlits, – qo‘rqma. Avval eshit, so‘ngra biror chorasini topishni o‘ylab topamiz. Ayollarning to‘lg‘oq paytida dodlashini bilarsan, albatta.
– Rahmat-e, – kulib javob berdi Ket. – Ayollar tug‘ayotganda qo‘shiq aytishsa kerak deb o‘ylab yurardim.
– Bilasanmi, jonim, ular o‘z ona tillarida qichqirishar ekan. Qayerda tug‘ilgan bo‘lsalar o‘sha yerning shevasida. Demak, sen ryazanchasiga «oyi» deb qichqirar ekansan…»
Ushbu parcha Yulian Semyonovning mashhur «Bahorning o‘n yetti lahzasi» asaridan olingani va alal-oqibat doktorning haq bo‘lib chiqqani hamda keyingi voqealar ko‘pchilikning yodida ekani shubhasiz. Asarda aks etgan mo‘jazgina suhbatni o‘qib, ona tilining bunday ulkan kuch-qudratga egaligini ilohiy mo‘jiza deb atash mumkin.
Eslang, bolaligimizda biror narsadan aziyat chekkanimizda «ena», «aya», «ona» yoki «oyi» deya onajonimiz tomon talpinganmiz, shirin so‘zlariyu erkalashlari har qanday dardlarimizga, ta’bir joiz bo‘lsa jarohatlarimizga-da malham bo‘lgan (hozir ham shunday). Maktabdan kelishimiz bilanoq, uyga kirar-kirmas onajonimizni izlaganmiz. Til haqida gapirar ekanmiz doimo ona so‘ziga hamohang yangrayotgan har bir so‘zimiz beixtiyor jannat poyida bo‘lgan azizu mushtiparlarning nurli chehralari yanglig‘ qalbimizni baxtu sururga to‘ldiraveradi. Fikrimizcha, bu xuddi et bilan tirnoqni ajratib bo‘lmaganidek, mangulik va abadiyatning o‘zgarmas qonuniyatlaridan biridir.
Sherzod ABDUSAMADOV