EPILEPSIYa VA TUTQANOQ SINDROMI

Bu qanday kasallik?

Epilepsiya – turli xil xurujlar va hushdan ketishlar bilan namoyon bo‘luvchi bosh miyaning surunkali kasalligi. Har 1000 kishidan 5-10 ta odamda epilepsiya kasalligi aniqlanadi. Epilepsiyaning 70 foizi 20 yoshgacha bo‘lgan davrda rivojlanadi. Kasallanish darajasi erkak va ayollarda deyarli bir xil.

Buyuk shaxslarda ham uchraydimi?

Tarixdan ma’lumki, Suqrot, Platon, Yuliy Sezar, Janna D‘Ark, Van Gog, Napoleon, ­­F. Dos­­­toyevskiy kabi buyuk shaxslar epilepsiya bilan og‘rigan. Shu sababdan ba’zi mutaxassislar faqat kuchli tafakkur egalari epilepsiya bilan og‘rishadi deyishsa, boshqa birlari tutqanoq xurujlari odamda iqtidor kurtaklarini qo‘zg‘ab yuboradi deb hisoblashadi. Bu fikrlarga to‘la qo‘shilish qiyin. Lekin epilepsiya bilan og‘riydigan ba’zi bemorlarda kuchli iqtidor alomatlarini o‘zim ham kuzatganman.
Bizga davolanishga kelgan bemorlar orasida kuchli rassom, shoir va matematiklar bo‘lgan. Bunday bemorlar ichida inson hayratda qoladigan hikmatli iboralar o‘ylab topuvchilar, hikmatlarga boy bo‘lgan to‘rtliklar bituvchilar ko‘p.

Doimo xuruj kuzatiladigan bir bemor qizda sezgi va idrok qobiliyatining kuchayganini guvohi bo‘lganman. Biroq epilepsiya kasalligi bilan og‘riydigan aksariyat bemorlarda tutqanoq xurujlari vaqtida to‘xtatilmasa, og‘ir ruhiy buzilishlarga olib keladi, ularning aqli zaiflashib boradi.
Tutqanoq xurujlari qanchalik erta yoshda bosh­lansa, ruhiy buzilishlar shuncha erta rivojlanishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, og‘ir ruhiy buzilishlar epilepsiyaning barcha turida ham kuzatilavermaydi.

Nasldan naslga o‘tadimi?

Xuddi boshqa asab kasalliklaridagi kabi epilepsiyada nasliy omilning ham ahamiyati bor. O‘tgan asrning 50-yil­larigacha aksariyat davlatlarda epilepsiyada nasliy omilning ahamiyati juda bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Keyinchalik ilm-fan yutuqlari bunday farazni yo‘qqa chiqardi. Hozirgi davrning statistik ma’lumotlariga ko‘ra, ota-onalardan biri epilepsiya bilan og‘risa, ulardan kasal bola tug‘ilishi xavfi 10 foizdan oshmaydi.

Nechta turi bor?

Epilepsiyaning turi juda ko‘p. Biroq tibbiy amaliyotda epilepsiyaning barcha turlarini 3 guruhga ajratib o‘rganishadi. Bular:
Simptomatik epilepsiya – bosh miyaning biror-bir kasalligi sababli (o‘sma, meningit, leptomeningit, bosh miya jarohatlari va boshqa omillar) rivojlangan epilepsiya.
Idiopatik epilepsiya – kelib chiqishida nasliy omil ahamiyatli bo‘lgan epilepsiya. Ularda bosh miya kasalliklari aniqlanmaydi.
Kriptogen epilepsiya – sababi topilmagan epilepsiya. Bunday bemorlarda epilepsiya aniqlanadi, biroq uning sabablarini aniqlab bo‘lmaydi.
Epilepsiyaning sabablari juda ko‘p va qu­yidagicha:
2 yoshgacha: Homilador ona kasalliklari, tug‘ish paytidagi miya jarohatlari, o‘ttkir infeksiyalar, mineral moddalar, vitaminlar va aminokislotalar yetishmovchiligi (kalsiy, magniy, V6 vitamini, glutamin kislotasi, folat kislota), genetik buzilishlar.
2-12 yosh: Nasliy omillar, o‘tkir infeksiyalar, bosh miya jarohatlari, febril tutqanoqlar (tana harorati oshganda uchraydigan xurujlar).
12-18 yosh: Nasliy omillar, o‘tkir infeksiya­lar, bosh miya jarohatlari, miya tomirlari anevrizmalari.
18-35 yosh: Bosh miya jarohatlari, bosh miya pardalari yallig‘lanish kasalliklari, alkogolizm, bosh miya o‘smalari.
35 yoshdan so‘ng: Bosh miya pardalari yallig‘lanish kasalliklari, bosh miya jarohatlari, bosh miya o‘smalari, alkogolizm, bosh miya qon tomir kasalliklari.
Epilepsiya sabablari ichida bosh miya jarohatlari eng ko‘p uchraydi.

Yana o‘qing:  Organizmdagi suv tanqisligi ortiqcha vazn to‘plashga sabab bo‘luvchi omil sifatida tan olindi

Aura nima yoki epilepsiya
xuruji boshlanishini oldindan
bilish mumkinmi?

Aura – bu epilepsiya xabarchisi. Xurujlar boshlanishiga bir necha soat qolganda, ba’zan esa bir-ikki kun oldin bemorning uyqusi qochadi, xavotir paydo bo‘ladi, jahldor bo‘lib qoladi, yuzi yoki tanasining ba’zi joylarida uvishishlar paydo bo‘ladi, lab burchaklari titray boshlaydi. Odatda, mana shu belgilardan so‘ng katta tutqanoq xurujlari boshlanadi. Tutqanoq xurujlaridan oldin auralarning kelishi bu yaxshi. Chunki bunday paytda bemor o‘zini xavfsiz joyga oladi, ota-onasisiz yoki o‘zi uydan chiqib ketmaydi, xavfli joylarda yurgan bo‘lsa, xavfsiz joyga o‘tadi va hokazo. Biroq epilepsiyaning ba’zi turlarida auralar kuzatilmaydi. Aurasiz uchraydigan katta tutqanoq xurujlari hayot uchun xavflidir. Bunday bemorlar bosh miya va tan jarohatlariga ko‘p duchor bo‘lishadi. Chunki xurujlar bo‘lish paytini bemor bilmaydi va o‘zini xavfsiz joyga ololmaydi.

Tutqanoq xuruji qanday boshlanadi?

Tutqanoq xuruji to‘satdan boshlanadi. Xuruj boshlanganda bemorning yuzi va oyoq qo‘llari bir tomondan tortisha boshlaydi va bemor g‘ujanak bo‘lib yotib oladi. Nafas olish qisqa vaqtga to‘xtaydi va bemorning rangi ko‘karib ketadi. Bu paytda u qichqirib yuboradi, tilini tishlab oladi. Bemorning barcha muskullari qotib qoladi (tonik bosqich). Bu davr o‘rtacha 1 daqiqa davom etadi. Ba’zida 30 soniyadan oshmaydi.

Keyin xurujlarning titroqli davri (klonik bosqichi) boshlanadi. Bunda bosh va oyoq-qo‘llar titray boshlaydi. Bosh orqa va yon tomonlarga buraladi, ko‘z olmasi yuqori va yon tomonga qarab og‘adi. Shu holatda titrashlar davom etib turadi. Titroqlar 2-3 daqiqa davom etadi, bu paytda bemor siyib ham yuboradi. Tonik-klonik xurujlarning umumiy davomiyligi 3-5 daqiqaga teng. Xurujlardan so‘ng bemor 2 soat mobaynida qattiq uyquga ketadi. Uni uyg‘otmaslik kerak. Uyqudan turgandan so‘ng bosh og‘rig‘i kuzatiladi.

Tungi xurujlar qanday ro‘y beradi?

Tunda bo‘ladigan xurujlar turli-tuman bo‘ladi. Xurujlarning ba’zilari quyidagicha kechishi mumkin. Bemor birdan uyg‘onib ketadi, boshi qattiq og‘riyotgan bo‘ladi, qayt qiladi va asta-sekin ko‘zi va boshi yon tomonga qayrilgan holda tutqanoq xurujlari boshlanib ketadi. Yuzi qiyshayib qoladi, og‘zidan so‘lak oqadi va duduqlana boshlaydi. Ba’zan yotgan joyidan to‘satdan turib o‘tirib oladi, oyoqlari bilan velosiped haydayotgandek harakatlar qiladi yoki g‘ujanak bo‘lib yotib oladi. Gohida o‘rnidan turib yurib ketadi va bir ozdan so‘ng to‘xtaydi, ba’zan uydan chiqib ketadi. Bu xurujlar, odatda, 30 soniyadan 2-3 daqiqagacha davom etadi. Keyin bemor o‘ziga keladi, nimalar qilganini eslay olmaydi, ba’zan qiliqlarini chala bo‘lsa-da, aytib beradi. Tunda bo‘ladigan xurujlarda bemor tilini tishlab olishi, og‘zidan qon aralash ko‘pik chiqishi, tagiga siyib yuborishi mumkin.

Yana o‘qing:  ANTIKANTSEROGEN PARHEZ

Epilepsiya va uyqu

Epilepsiya bilan og‘rigan bemorlar uchun kech uyquga ketish va majburan erta uyg‘onish xavflidir! Uyquning davomiyligi 6-8 soatdan kam bo‘lmasligi kerak. Ertalab uyg‘ongandan so‘ng majburan ko‘p uxlayverish ham mumkin emas. Bunday bemorlarda ba’zan kunduz kuni to‘satdan uxlab qolish holatlari ham kuzatiladi va bu holat narkolepsiya deb ataladi.

Fokal xuruj nima?

Bosh miyaning biror-bir markazi qo‘zg‘alishi hisobiga ro‘y beradigan tutqanoq xurujiga fokal, ya’ni o‘choqli xuruj deb aytiladi. Fokal xurujlar tananing ma’lum bir sohasida tit­rashlar, boshning titrashi, ko‘zga har xil narsalarning ko‘rinishi, quloqqa turli ovozlarning eshitilishi, to‘satdan keladigan qo‘rquv va qorinda kuzatiladigan og‘riq xurujlari ko‘rinishida ro‘y beradi. Ularning davomiyligi 30 soniyadan oshmaydi.


«Avval ko‘rgan» yoki «hech qachon ko‘rmagan» fenomeni ham fokal xurujlar uchun xosdir, ya’ni bemor hech qachon ko‘rmagan joyni xuddi avval ko‘rgandek yoki o‘ziga avval juda tanish bo‘lgan yoki avval yashagan joylarini endi birinchi marta ko‘rib turgandek tuyuladi.


Oddiy va murakkab fokal xurujlar farqlanadi. Oddiy fokal xurujlarda bemor hushini yo‘qotmaydi. Murakkab fokal xurujlarda esa bemor hushini yo‘qotadi. Murakkab fokal xurujlarda hushsiz yotgan bemorda yutinish, chaynash, biror joyini silash, chapak chalish kabi avtomatik harakatlar kuzatiladi. Murakkab fokal xurujlarning davomiyligi ham 30 soniya atrofida. Bemor o‘ziga kelganidan so‘ng bir oz karaxt holatda bo‘ladi.
Fokal xurujlarda bosh miya kasalliklarini topish uchun chuqur nevrologik tekshiruvlar o‘tkazish lozim. Deyarli 60 foiz epilepsiya fokal xurujlar bilan kechuvchi epilepsiyadir.

Epilepsiya ruhiy kasallikmi?

Epilepsiya ruhiy kasallik emas. Biroq epilepsiya bilan kasallanganlarning deyarli yarmida keyinchalik ruhiy buzilishlar rivojlanadi. Aksariyat hollarda ruhiy buzilishlar darajasi xurujlar soniga bog‘liq. Xurujlar ko‘paygan sayin bemorning shaxsi o‘zgarib, ruhiy buzilishlar kuchayib va ko‘payib boraveradi. Epilepsiyada bemor shaxsining o‘zgarishi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadiki, buning natijasida tibbiy amaliyotda «epileptik xarakter» degan ibora paydo bo‘ldi. Bunday bemorlar juda ezma, qaysar, besabr, tez xafa bo‘ladigan, kayfiyati tez o‘zgarib turadigan, arzimagan mayda ishlarga o‘ralashib yuradigan, tez janjal ko‘taradigan, maydagap va jahldor bo‘lib qolishadi. Albatta, bemorda bu belgilar turli darajada ifodalangan bo‘lishi mumkin va ularning qanchalik yaqqol namoyon bo‘lishi tutqanoq xuruj­larining naqadar ko‘p kuzatilishi, epilepsiya turi va bemorning davolanish tarziga bog‘liq.

Yaxshi kayfiyatda yurgan bemor birdan o‘zgarib qolishi va qo‘pol so‘zlar bilan yaqinlarini haqorat qila boshlashi mumkin. Bunday holat u biror narsasini topa olmasa, uning qilayotgan ishiga chetdan kimdir aralashib, xatosini ko‘rsatsa, uning fikriga zid fikr bildirsa ro‘y beradi. Bunday paytlarda bemor tezda janjal ko‘tarib, urishib ketadi. Ba’zan arzimagan narsadan ko‘tarilgan janjal affekt darajasiga yetib, bemor o‘zi yoki atrofdagilarga tan jarohati yetkazib qo‘yadi. Shuning uchun ham bunday bemorni davolayotgan vrach uni psixiatr nazoratiga yuborishi kerak.

Yana o‘qing:  Oziq-ovqat mahsulotlaridan kuchli zaharlanish

Xulq-atvor va kayfiyat nega o‘zgaradi?

Epilepsiyada kuzatiladigan shaxsiyat o‘zgarish­lari kasallikning qaysi yoshda bosh­langani, xurujlar soni va turi, o‘tkazilayotgan muolajalarning qanday olib borilayotganiga uzviy bog‘liq. Kasallik qanchalik erta yoshda boshlansa va xurujlar hadeb takrorlanaversa (ayniqsa, hushning yo‘qolishi bilan kechuvchi), shaxs o‘zgarishlari shunchalik tez rivojlanadi va og‘ir kechadi. Bosh miyaning chakka bo‘lagi zararlanishi sababli yuzaga kelgan epilepsiyada shaxs buzilishlari kuchli ifodalangan bo‘ladi.


Epilepsiyada xulq-atvor o‘zgarishlari ba’zan «ijobiy» tus oladi. Masalan, ular birovlarga keragidan ortiqcha mehribon, bosh yordamchi, kulib turadigan, muloyim, har qanday ishga bel bog‘lab kirishib ketadigan shaxs­lardir.
Bu mehribonlik ba’zi hollarda oila a’zolariga emas, begonalarga ko‘rsatiladi. Shunday bo‘lsa-da, uning jahlini chiqarish oson, qilayotgan ishlariga mos e’tiborni sezmasa yoki tanbeh olsa, bemor yana o‘zgarib, qaysar va o‘jar bo‘lib qoladi. Bemor birorta odamdan qattiq ranjisa, u bilan sira muloqotga kirishmaydi.


Epilepsiya bilan kasallangan ba’zi bemorlar yolg‘onga o‘ch bo‘lsa, boshqa birlari haqiqatparvar bo‘lishadi, adolatsizlikka chiday olishmaydi. Uning uchun begona bo‘lgan odam nohaqlikdan aziyat cheksa, uzoq vaqt u haqida gapirib yuradi, qo‘lidan kelsa, yordamga shoshadi. Ba’zi bemorlar uyni va ishxonasini juda saranjom va sarishta tutishadi, ozoda yurishadi, chiroyli kiyinishadi, ya’ni ular tartibga qattiq rioya qilishadi.

Epilepsiya uchun kleptomaniya (kerakmas narsalarni o‘g‘irlab qo‘yish) ham xos. Juda kam holatlarda yaxshi kayfiyatda yurishadi. Ular begona odam bilan ham hazillashaveradi, biror-bir kulgili voqea o‘ylab topib gaplashib ketaverishadi, masxaraboz bo‘lishadi, pardasiz latifalar o‘ylab topishadi, gap orasida hadeb kechirim so‘rayverishadi. Tanish odamlarni uchratib qolishsa, yig‘lab ham olishadi (ayniqsa, ayollar). Ba’zi bemorlarda jinsiy faollikning oshib ketishi kuzatiladi.

(Davomi bor)

Zarifboy IBODULLAYEV,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: