HUSNBUZAR NIMALARGA TO‘SIQ?
Jismoniy to‘siq
Odatda, husnbuzar, yuzning eng yog‘li joylarida o‘smirlik davrida paydo bo‘ladi va yigirma yoshga to‘lguncha o‘tib ketadi. Biroq, ba’zi insonlarda ancha yillargacha saqlanib turadi. Oddiy husnbuzarlar bir necha yilda izsiz o‘tib ketsa, ba’zi hollarda yillar davomida toshib, ko‘p noqulaylik keltiradi. Bundan tashqari, tugunchali husnbuzarlar bo‘ladi, ular uzoq vaqt davomida rivojlanib, estetik nuqtai nazardan yoqimsiz oqibatlarga olib keladi. Chunki, ular o‘rnida xunuk chandiqlar qoladi.
His-tuyg‘udagi to‘siq
Aytish mumkinki, husnbuzarlar toshishi bu — o‘zgalarni ongsiz ravishda o‘zidan itarish, o‘ziga yaqin yo‘latmaslik istagidir. Ushbu teri kasalligi siz o‘zingizni yoqtirishni bilmasligingiz va o‘zingizni yetarli darajada qadrlay olmasligingizdan xabar beradi. Husnbuzar — o‘ta ta’sirchan, odamovi inson tabiatiga xos belgidir. Shuning uchun ushbu toshmalarni o‘zlariga yuqori talab qo‘yadigan va o‘zlaridagi nuqsonlardan juda uyaladigan o‘smirlarda kuzatish mumkin. Ular yashirinishga intiladilar va ayni vaqtda atrofidagilarni yoqimsiz tuyuladigan teri kasalliklari orqali o‘zlaridan chetlashtiradilar.
Husnbuzar ko‘p hollarda ularni sevadigan yoki ular yoqtiradigan insonlarga mamnuniyat ato etish maqsadida o‘zlarini tabiiy ravishda tutmaydigan o‘smirlarda yuzaga keladi.
Mental darajadagi to‘siq
Agar siz o‘smirlik davrini boshdan kechirayotgan bo‘lsangiz va husnbuzarlar sizga ko‘p noqulayliklar keltirayotgan bo‘lsa, o‘zingizga bo‘lgan munosabatni o‘zgartiring. O‘ylab ko‘ring. Siz qanday bo‘lsangiz shunday qolishga, samimiy bo‘lishga, shaxsiyatingizni namoyon etishga nima xalaqit berayapti? Balki siz ota yoki onangizga o‘xshagingiz kelayotgandir, yoinki ularning xatti-harakati shu darajada sizni qoniqtirmaydiki, siz ularga umuman o‘xshamaslikka harakat qilayotgandirsiz?! Birinchi va ikkinchi holatda ham siz o‘zligingizni yo‘qotayapsiz. Boshqalardan qiziqib ko‘ring, ular sizni qanday deb bilishadi. Keyin ularning fikrini o‘zingizniki bilan solishtirib ko‘ring.
Agar siz o‘smirlik paytidan allaqachon o‘tgan bo‘lsangizu, biroq husnbuzarlar sizni baribir bezovta qilayotgan bo‘lsa, xayolan o‘sha davrga qaytib, hayotingizda bo‘lib o‘tgan barcha voqealarni sinchiklab tahlil qilib chiqing. Husnbuzarlar shunda ham o‘tib ketmayotgan bo‘lsa, demak siz hali- hanuz o‘smirlik davrida vujudga kelgan psixologik jarohatlardan aziyat chekmoqdasiz.
Toshmalar balog‘at yoshiga yetganingizda ham paydo bo‘laversa, bu o‘smirlik paytida shaxsiyatingizga ziyon yetkazgan qandaydir salbiy his-tuyg‘ularni yuzaga chiqarmay, ichingizda saqlayotganingizdan darak beradi.
Husnbuzar paydo bo‘lishidan avval hayotingizda sodir bo‘lgan barcha voqealarni tahlil qiling – bu sizga o‘smirlik davrida aynan qaysi tuyg‘uni yuzaga chiqarmay yashirganingizni aniqlashga yordam beradi. Bu tahlil yuragingizning tub-tubida saqlayotgan va ortiq bostira olmayotgan his-tuyg‘ulardan xalos bo‘lishingizga ko‘maklashadi. Sababi his-hayajonni bostirish uchun ko‘p miqdorda kuch talab etiladi. Sizning vujudingiz o‘zingizni ko‘proq sevishingizni va ichki go‘zalligingizni namoyon etish lozimligiga da’vat qilmoqda..