Uch yoshdan keyin

NUTQ VA TASAVVURNI RIVOJLANTIRISH, MANTIQIY O‘YINLARNING AYNI VAQTI

Farzandingiz uch yoshga to‘ldi. Endi u go‘dak emas, xuddi kattalardek fikrlab, atrofdagi voqea-hodisalarni tez ilg‘ay boshlaydi. Kichik organizmdagi ruhiy va jismoniy rivojlanish uning qilayotgan har bir harakatida, gap-so‘zlarida namoyon bo‘ladi. Bolakay kundan-kun sizning erka kichkintoyingizgina emas, do‘stingizga aylanayotganini his qilasiz. Uni kichkina taqlidchi, deyish ham mumkin. Kichkintoy kattalardan eshitgan so‘zlari, ko‘rgan harakatlarini takrorlaydi. Bu farzandingizning aqliy rivojlanishi jadallashayotganidan darak.

Uyqu vaqti qisqarishi tabiiy hol

Dilbandingiz uch yoshga qadam qo‘yar ekan, undagi harakatchanlik yanada ortadi. U o‘z ishiga, mittigina rejalariga ega shaxsga aylanadi. Uyqu vaqtlari qisqarib, sutkada 10-12 soatlik orom bilan kifoyalanadi. Bunday paytda kichintoyning kun tartibini to‘g‘ri va mazmunli tashkil etish katta ahamiyatga ega. Tibbiy ko‘riklardan o‘z vaqtida o‘tishda davom etib, bola vazni va bo‘yidagi o‘zgarishlarni kuzatib borish kerak. Go‘daklik davridan amalga oshirilayotgan chiniqtirish tadbirlarini kanda qilmagan maqul. Bolajonni harorat past bo‘lgan mavsumda kunora, issiq fasllarda har kuni kunduzgi uyqu oldidan cho‘miltirish lozim.

Kichkina notiq bilan ishlaymiz


Bu davrda bolaning so‘z boyligi kundan-kunga boyib boradi. Televizordan eshitgani biror murakkab iborani ishlatib, ba’zan sizni lol qilishi mumkin. Shu bois farzandingizning nutqini to‘g‘ri shakllantirish ustida ishlashni kanda qilmang. Endi unga so‘zlarni to‘g‘ri va to‘liq ayting. Masalan, u so‘zlarni buzib yoki o‘z tiliga moslab talaffuz qilsa, xatoni albatta tuzating. Shunda bolaning tili ravonlashib, nutq bilan bog‘liq muammolar kuzatilmaydi.
Yana bir yaxshi usul – multfilm tomoshasidan so‘ng farzandingizdan u nima haqida ekanligini so‘rang. Bu ham bir mashq ko‘rinishi bo‘lib, bolani so‘z va jumla yasashga hamda fikrlashga undaydi. Kitob varaqlaganda undagi suratlar, sayrga chiqqanda ko‘rgan narsalari haqida so‘rang. Bunday mashg‘ulot bolaning ko‘rish qobiliyati va xotirasini rivoj­lantirib, so‘z boyligi oshishiga yordam beradi.


Har bir bola hayotida o‘yinchoqlar beqiyos ahamiyatga ega. Aynan shu yoshda farzandingizga aqliy faoliyatini rivojlantirishga mo‘ljallangan o‘yinchoqlar sovg‘a qiling. Bunda eng yaxshi tanlov lego o‘yinchog‘idir. Bola bilan birga shahar va uylar yasang. Har bir harakatingizni so‘z bilan ifodalashga ahamiyatli bo‘ling. Bu ­o‘yin bolada fikrlash, ijod qilish qobiliyatlarini yuzaga chiqaradi. Jismlarning rangi, shaklini ajrata olish va tasavvur qilishga o‘rgatadi.

O‘yinchoqlardan tashqari, bola xotirasini musiqa, ertak tinglash, she’r yod olish bilan mus­tahkamlash mumkin. Endi bolajon siz aytib berayotgan ertakni eshitish bilan kifoyalanmay, o‘zi mustaqil hikoyalar to‘qishi, ertak aytib berishi ham mumkin. Kichkintoyingiz yaratgan ertaklar qanday bo‘lmasin, uni jon qulog‘ingiz bilan ting­lab, oxirida munosabatingizni bildiring. Shunda uning fikri ravshan, dunyoqarashi keng bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Savol bering, javob beramiz (2013-31)

Oxiri yo‘q savollar:
«Nimaga?..»

Uch yoshdan keyingi davr bola intellektining shakllanishi bilan ahamiyatli. Uning qanchalik zukko hamda aqlli bo‘lishi atrofidagi kattalarning e’tibori va say-harakatiga bog‘liq. Borliqni o‘rganar ekan kichkintoy ongida tug‘ilayotgan savollarni eshitib, ba’zan biz, kattalar hayratga tushishimiz tayin.
Ular shu qadar ko‘pki, kishini shoshirib qo‘yadi. Bolakayning har bir savoliga javob berishdan erinmang. «Nimaga?» deb boshlanuvchi savollarini e’tiborsiz qoldirmay, imkon qadar to‘liqroq javob bering.
Bu davrda bola bilan qaysi mavzuda gaplashmang, tezda kirishib ketadi. Masalan, tabiat, atrofda ko‘rinib turgan narsalar haqida savol-javob qiling.
Yana bir muhim tomoni – savolni faqat bolakay bermasin. Ba’zan siz ham undan biror narsalarni so‘rang. Tushuntirishiga imkon bering.

O‘yinchoq ovunchoq emas

Bolalar o‘yinchoqlarini xarid qilishda uni to‘g‘ri tanlash, sifatsiz mahsulotga duch kelib qolmaslik muhim. Yuqorida aytib o‘tganimizdek, o‘yinchoq bolaning rivojlanishida asosiy vositachi. U faqat ovunchoq emas.
Bolalar o‘yinchoqlari tanlashning umumiy qoidalari bor va buni har bir ota-ona bilishi shart. Avvalo, bolaning yoshiga qarab o‘yinchoq tanlash kerak. Uch yoshli bolaga mayda detallari ko‘p, o‘tkir uchli, yutib yuborishi yoki o‘ziga jarohat yetkazib qo‘yishi mumkin bo‘lgan o‘yinchoqlar olib bermang.
Birinchi navbatda, o‘yinchoq o‘ramidagi yozuvlarni diqqat bilan o‘qib chiqing. U xavfsiz materialdan tayyorlangan bo‘lishi kerak. Tabiiy yung va daraxt po‘stloqlaridan yasalgan o‘yinchoqlarni xarid qilmang. Yumshoq o‘yinchoq tolalari to‘kilib tushmasligi, pishiqligiga alohida e’tibor qarating. Bundan tashqari, yumshoq o‘yinchoqda turli bakteriya, changlar to‘p­lanishi bois, ular vaqt o‘tib infeksiya manbaiga aylanishi va bolalar, ayniqsa, allergik reaksiyaga moyilligi bo‘lgan go‘daklarning o‘ynashi ma’qul emasligini unutmang.


Rangi imkon qadar tabiiy bo‘lsin. Tabiiy rang bolaning real hayot to‘g‘risidagi tasavvuriga zarar yetkazmaydi, ikkinchidan, notabiiy, haddan ziyod o‘tkir rang­lar bolalarni qo‘rqitishi va tarkibida zaharli moddalar bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. O‘yinchoqni do‘kondayoq hid­lab ko‘rishdan uyalmang, chunki u o‘tkir va noxush hid taratmasligi kerak.

Bog‘chaga qadam

Jahon tajribasiga nazar tashlasak, ko‘pgina rivojlangan mamlakatlarda bolalar uch yoshdan bog‘chaga qabul qilinar ekan. Mazkur amaliyot yurtimiz ta’lim tizimiga joriy etilganligi ayni muddao bo‘ldi. Bu davrda farzandlarimizning yangi muhitga moslashishi oson kechadi va ular ta’lim olish uchun fiziologik va psixologik jihatdan tayyor bo‘ladi.
Masalaga tibbiy jihatdan qaraydigan bo‘lsak, uch yoshga to‘lmagan bola hali o‘zini mustaqil tutolmasligi, xohish-istaklarini erkin ifoda qilolmasligi bois, bog‘chada ruhan eziladi, ishtahasi yo‘qolib, tez-tez kasallanib qoladi. Amaliyotdan ma’lumki, immun tizimi to‘la shakl­lanmaganligi sababli ikki yoshli bolalar yuqumli kasalliklarga tez chalinadi. Natijada, bolaning salomatligi yomonlashib, rivojlanishdan orqada qolishi mumkin.
Bunday salbiy holatdan nafaqat bitta oila, balki jamiyat aziyat chekadi.

Qolaversa, kichik yoshli bolaning istaklarini hech kim onadek tushuna olmaydi. Ona bag‘rida bola o‘zini xotirjam sezib, vaqtini chog‘ o‘tkazadi. Shunday masrur damlarida uni begona muhitga juda erta jalb etsak, kichkintoy uchun bu katta stress bo‘lishi mumkin.

Bilib qo‘ygan yaxshi

Yana o‘qing:  Ibn Sinodan to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha 5 maslahat


– Bolakay tashqi olam bilan qancha ko‘p aloqa qilsa, uning organizmi gelmentlar hujumiga uchrash xavfi shuncha ortadi. Buni o‘z vaqtida anglab, chora ko‘rish ota-onaning qanchalik e’tiborli ekanligiga bog‘liq. Mazkur kasallikka chalingan bolalar kechasi tishini g‘ichillatadi. Uyqudan uyg‘onganida yostiqqa og‘zidan so‘lak oqqanini ko‘rish mumkin. Farzandingiz kindik sohasi atrofidagi og‘riqlardan shikoyat qiladi. Ozishi va terisida dog‘lar paydo bo‘lishi mumkin. Hojatga borganidan so‘ng ham o‘zini yengil his qilmaydi. Kechalari tiniqib uxlamaydi. Albatta, bu kasallikdan davolanib, xalos bo‘lish mumkin. Ammo bola gigiyena qoidalariga rioya qilmasa yoki oiladagi boshqalarda ham gijja bo‘lsa, farzandingiz yana parazitlarga yo‘liqadi. Kasallik bilan kurashganda butun oila baravar davolanishi zarur;
– Odatda bog‘cha yoshidagi bolalarda pedi­kulyoz, ya’ni bitlar paydo bo‘lishi ko‘p kuzatiladi. Bunday holatda doimiy ozodalikka rioya qiling. Kiyim hamda choyshablarni yuvib, qaynating va dazmollashni unutmang, ayniqsa chok­larini. Parazitlarni sochdan mayda tishli taroq yordamida tushirish mumkin. Dorixonalarda pedi­kulyozni davolovchi bolalar uchun maxsus shampunlar ham mavjud. Kichkintoyning sochlarini kaltalating, imkoni bo‘lsa butunlay olib tashlang;

– Ko‘pincha yig‘loqi bolalarga so‘rg‘ich berib ovutamiz. Tabiiyki, so‘rg‘ichga o‘rgangan bola undan voz kechishga qiynaladi. Ammo muntazam so‘rg‘ichdan foydalanish kichkintoyning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, og‘iz bo‘shlig‘idagi o‘zgarishlar esa talaffuzdagi nuqsonlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Shahnoza MAVLONOVA,

Respublika ixtisoslashtirilgan

pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi

reablitatsiya bo‘limi mudiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: