EZGU ISTAKLAR YO‘LI
Asosan qizlarga nisbatan ishlatiladigan nazokat, dilbarlik deganda muloyimlik, nozik xatti-harakat, yumshoqlik tushuniladi. Tili shirin, chehrasi gulgun xotin-qizlar o’z oilasining faxrigina bo’lib qolmay, o’z elining ko’rki hamdir.
Angren shahrining so‘lim go‘shasida 1990-yilning 1-iyulida tavallud topgan Nozima Matqosimova ham ana shunday faxr etsa arzigulik qiz bo‘lib kamolga yetdi. Shahar xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 25-umumta’lim maktabini a’lo baholarga tamomlab, Pedagogika kollejiga bir dunyo orzular og‘ushida odimlagan Nozima ustozlari singari jonkuyar pedagog bo‘lishni oldiga maqsad qilib qo‘ydi. O’z ustida tinimsiz ishladi. Mehnatsevarligi, izlanuvchanligi, kirishimliligi bilan qavm-qarindosh, mahalla-ko‘y hamda atrofdagilarning hurmatini qozondi. U tengdoshlaridan farqli o‘laroq, ham o‘qishni, ham tikish-bichish sir-asrorlarini qunt bilan o‘zlashtiradi.
Tikuvchilik, badiiy bezaklar bilan ishlashni dastlab ammasi Naima opadan o‘rgandi. Asta-sekin o‘zi mustaqil ravishda milliy uslubdagi liboslarni o‘z tasavvuridagi rango-rang bezaklar bilan bezab tika boshladi. Bora-bora bir-birini takrorlamaydigan liboslar, ularga mutanosib bezaklar tikish uning sevimli mashg‘ulotiga aylandi. Kollejni tamomlagach, Tikuvchilik bo‘yicha malakasini oshirish uchun poytaxtga, “Mashhura” xususiy firmasi qoshidagi “Bichish-tikish” kursiga o‘qishga otlandi. Mazkur dargohda ham qisqa vaqt ichida ko‘proq o‘rganishga, yangiliklarni o‘zlashtirishga, o‘z ishlarida qo‘llashga intildi. Kursni muvaffaqiyatli yakunlagan Nozima Angrenga bir olam orzular og‘ushida qaytdi. O’zi o‘qigan qadrdon maktabida “Mehnat” to‘garagi rahbari bo‘lib ish boshladi. Uning harakatchanligi maktab rahbariga, ustozlariga ma’qul kelib, ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etishiga zamin yaratib berishdi.
– Tabiatan zukko, irodali Nozima qizimizning kelajagi porloq ekanini birinchi sinfga kelgan chog‘laridayoq sezganmiz, chunki o‘sha paytda ham serharakat, kuyunchak qiz edi-da, –deydi maktab rahbari Saltanat opa Matasova mamnuniyat bilan. – O’zimiz o‘stirgan nihollarimiz bugun meva bera boshladi, Nozima ham shular jumlasidandir. Hozirda u biz bilan bir safda ustoz degan nomni oqlab, samarali faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga ko‘rik-tanlovlarda ishtirok etib, ijobiy natijalarni qo‘lga kiritmoqda. Ayniqsa, “Kelajak ovozi – 2012” Respublika yoshlari tanlovida “Arxitektura va interer dizayni” nominatsiyasi bo‘yicha Toshkent viloyati bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgani barchamizni xursand qildi.
Ustozlar ishonchini oqlash, yaqinlari quvonchini ko‘rish inson uchun eng oliy baxt. Nozima ham bugun ana shunday baxtdan masrur bo‘lib yana va yana olg‘a intilmoqda.
– Maqsadim – o‘zim tanlagan sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib, ona yurtimga naf keltirish, – deydi qahramonimiz.
Ulkan maqsadlar, ezgu istaklar yo‘lida mardonavor odimlayotgan yoshlarimizga, shular qatorida Nozimaga ham omad yor bo‘lsin, deymiz.
Muhabbat ABDUQODIROVA,
Angren shahri