KIPRIGINGIZ TO‘KILYAPTIMI, ASABINGIZNI ASRANG!

Soch tolasining siyraklashishi, qosh va kipriklarning to‘kilishi organizmning ogohlantiruv belgisidir. Diqqat qiling: taningizda muammo bor! Aybdorni sifatsiz pardoz vositalari orasidan axtarishdan oldin, kiprik to‘kilishining tibbiy sabablari bilan tanishamiz.

Sabablari ko‘p…

Hatto eng sifatli tush ham to‘kilayotgan kipriklarni yashira olmaydi. Siyraklashib qolgan kipriklar pardoz tufayli bir-biriga yopishib qoladi. Shunday ekan, kiprik to‘kilishini keltirib chiqargan omillarni bilib qo‘ygan yaxshi:
– avitaminoz;
– pardozni o‘chirish vositalari hamda tush tarkibidagi birikmalarga allergiya;
– autoimmun kasalliklar;
– ko‘z yallig‘lanishi, misol uchun, kon’yunktivit;
– uzoq vaqt davomida bir turdagi dori preparatlarini qabul qilish (ko‘p hollarda antibiotik hamda kontratsepsiya);
– ovqatlanish ratsionining noto‘g‘ri tuzilishi;
– ko‘rish qobiliyatini yaxshilash maqsadida o‘tkazilgan operatsiyadan keyingi asoratlar;
– ko‘z jarohatlanishi;
– yoshga doir o‘zgarishlar;
– immunitetning zaifligi;
– qalqonsimon bez kasalliklari;
– kuchli stress, asabbuzarliklar, depressiya;
– bakterial va zamburug‘li infeksiyalar;
– gormonal muvozanatning o‘zgarishi;
– sifatsiz pardoz vositalaridan foydalanish.
Kiprik to‘kilishi sezilarli ravishda ortib borsa, bilingki, zudlik bilan chora ko‘rish zarur. Avvalo, kun tartibingiz, uyqu vaqti, jismoniy va aqliy mehnat yuklamasini ko‘rib chiqing. So‘nggi marotaba qanday xastaliklar bilan og‘riganingiz, muntazam foydalanayotgan pardoz vositalari hamda iste’mol mahsulotlari ro‘yxatini ham aniqlashtirish kerak. Mabodo biror xastalikka gumoningiz bo‘lsa, tibbiy tekshiruvlarni kechiktirmagan ma’qul.

Muammoning yechimi bor!

Tibbiy tekshiruvlar: qalqonsimon bez faoliyatiga doir tahlillar, reproduktiv tizim a’zolaridagi o‘zgarishlar, albatta, tekshirilishi lozim.
Kosmetika vositalari: ten, tush, qalam va ko‘z pardozi uchun mo‘ljallangan vositalaringizning barchasini almashtiring. Axir qay biri muammo keltirib chiqarayotganini bilmaysiz-ku.
Ovqatlanish tartibini yo‘lga qo‘­ying. Yo‘l-yo‘lakay tamaddi qilish, yarim tayyor mahsulotlar, gazlangan ichimliklardan voz kechasiz.
Ko‘proq suyuqlik iching. Kun davomida 1,5-2 litrgacha suv ichish, organizmning namlik darajasini ta’minlaydi.
Asabiylashmang! Hamisha go‘zal ko‘rinishni istasangiz, asab tizimi bilan «sen-men»ga bormang. Asabiylikni rag‘batlantiruvchi gormonlar qomatga putur yetkazadi, qosh-kiprik­larni siyraklashtiradi.
Shifokor nazoratida vitaminlar qabul qiling. Tartibi va miqdori haqida oilaviy shifokoringizdan to‘liq ma’lumot oling.
Kipriklar parvarishi uchun mo‘ljallangan suyuq vositalardan foydalanib ko‘ring. Bir muddat tush ishlatmay turasiz.
Pardoz bilan uxlab qolmang! Har qanday sifatli kosmetika mahsuloti ham o‘zida kimyoviy birikmalarni jamlagan bo‘ladi. Shunday ekan, bo‘yoq kipriklarda uzoq muddat qolmasligi kerak.
Kunora kiprik usti terisini uqalang. Buning uchun ko‘zlarni yuming, ko‘rsatkich va nomsiz barmoq bilan terini uqalang.
Darvoqe, to‘kilgan kipriklar o‘rnini to‘ldirish uchun kiprik ulatmang. Negaki, sog‘lom kiprik sun’iysining ta’sirida siyraklashib, ildizidan uziladi.

Yana o‘qing:  Chanqovbosdi: nimani, qancha, qanday ichgan ma’qul?

Moylar yordamga keladi

Kipriklar parvarishi uchun eng ma’quli yog‘lardir. Kanakunjut, chakamug‘, bodom, shaftoli, zaytun, kakos, zig‘ir moyi kiprik ildizini oziqlantirib, follikulaning mus­tahkamlanishini ta’minlaydi. Moyli muolaja har kuni yoki kunora o‘tkazilishi mumkin.
Ammo organizm biror xastalik bilan kurashayotgan bo‘lsa, moylar muammoni hal etmaydi. Qachonki, kasallik xavfi kamayib, asoratlarining oldi olinsa, yog‘lardan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Bir moychechak,
ikki moychechak…

Uy sharoitida moychechak, marmarak va tirnoqgul o‘simliklarini teng miqdorda aralashtirib, kompress uchun damlama tayyorlash mumkin. Damlama 100 ml. qaynoq suvga tayyorlanadi. Paxta bo‘lagini preslab, dumaloq ko‘rinishga keltirasiz va damlada ho‘llab, kiprik ustiga qo‘yasiz. Kopress 3-5 daqiqa ushlab turiladi. Diqqat qiling: damlama iliq holatda bo‘lishi kerak.
Ko‘k va qora choy tarkibida flavonoid moddasi serob. U kiprik follikulasini oziqlantirish xususiyatiga ega. Ishlatilib bo‘lingan xaltachali choyni tashlab yubormay, ko‘z qovoqlari ustiga kompress o‘rnida foydalanilsa, u parvarishlash vositasiga aylanadi.

Nilufar ISMOILOVA,

kosmetolog

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: