Bu yilning bahori…

Bu yilning bahori boshqacha keldi, yalpizlar bo‘yini tuymadim bu yil. Yo‘qlab borolmadim dala-dashtlarni: axir o‘tgan yili boychechak terib, bag‘rimga bosgandim qizg‘aldoqlarni.
Bu yilning bahori boshqacha keldi, balki eshitilgan turnalar sasi, balki sayragandir qushlar bog‘larda, bu yil ham, bu yil ham alvon lolalar, qiyg‘os ochilgandir bobotog‘larda…

Ko‘rinmas yov chiqdi… tebrandi zamin, jilovini uzdi suvlar o‘zani, o‘lanlar to‘xtadi, tindi alyorlar, shunda yuraklarga to‘ldi iztirob: motamli sukunat yetti iqlimda, ­«dunyo izmimdadir», deganlar qani?..
Yolg‘on-yashiqlardan charchagan dunyo, balki o‘tayotir yangi saboqni. Chalkashib ketganday sanalar, oylar… Shunday tuyulyapti – yuryaptimi vaqt… yuz yilki olamdan uzilgandayman. Yangi oy chiqdimi, ko‘rinmas hilol? Anglaganim nima, ko‘rganim nima, nimani his qildim o‘zimga ayon: bugun ko‘chalarda tentirash bekor, sayoq yurmoqlikning badali og‘ir. Bilmam tush ko‘rdimmi yo aytdi kimdir, yo o‘zim o‘zimga shivirladimmi, aniq esimda yo‘q, ammo ma’nosi «uyda qol», ha shunday chaqiriq edi, «uyda qol»…
Kim ham kutgan edi mitti ofatni, kim bildi kelishin zimdan, to‘satdan, qarang, shovqin-suron, g‘ala-g‘ovur yo‘q, go‘yo to‘xtaganday lahzada hayot… yo‘q, bunday sukutni istamas edim, bu xil sokinlikni kutmovdim, axir qadriga yetyapman endi barining: shovqin yaxshi ekan bu sukunatdan.
Istagan narsamiz bu emasdi-ku, sokin tun qo‘ynini buzsa sukunat, tashbehlar axtarib, izlardik ma’no… Mayli signalini chalsin mashina, yopmayman, shunda ham derazalarni – bolalar qiy-chuvi buz­sin xonamni, tezroq boshimizdan arisin zulmat, tezroq ofatlardan tozarsin zamin, tezroq samolarda uchsin uchoqlar, yo‘qsa qanday sevay yorug‘ olamni?..
Bu safar boshqacha boshlandi bahor. Yolg‘ondan kulishni eplamoq qiyin, otangiz, onangiz, sing­lingizdir yo?! Imkon bor ko‘nglini ko‘taring, zero chinakam qayg‘uni his etdi ko‘zlar… kimdir muhtoj sizning aytgan bir og‘iz, shirin so‘zingizga va mehringizga, qizg‘anmang, ulashing uni olamga… Shodon kayfiyatda yuring, o‘ylanmang, hech narsa arzimas g‘amgin bo‘lishga, yana qaytib kelar hali Navro‘zlar!
Axir ko‘rganingiz ayon haqiqat: qayg‘u, g‘am umrning kushandasidir. Faqat yaxshilikni o‘ylangki yo‘qsa, qo‘zg‘alganday bo‘lib ming yillik dardlar, bag‘ringizni tirnar dardli satrlar:

Sukunat qa’riga
cho‘kkanda shahar,
Mungli bir kuy-qo‘shiq
taralsa ko‘kdan.
Banogoh quvonchni
kutgan vaqtingda,
Qayg‘uli xabarlar kelsa
har yoqdan.

O‘zingni qo‘lga ol,
o‘kinma aslo,
Ko‘nglingni buzmasin
qo‘rqinchli hislar.
Faqat yaxshi tushlar
ko‘rar eding sen,
Ko‘rishing mumkin-ku,
goh yomon tushlar…

Shunday deb atrofga
teran nazar sol,
Bor degin tanganing
ikki tomoni.
Qayg‘u hamda shodlik
mudom yonma-yon,
Shu tarzda anglagil
doim Dunyoni!

Sherzod ABDUSAMADOV

Yana o‘qing:  Bolalar xandasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: