ASAB SISTEMASI HAQIDA BILASIZMI?

Insonning asab sistemasi juda murakkab tuzilishga ega. Asab sistemasini, xususan, bosh miyani olimlar hanuzgacha o‘rganib kelishmoqda va bundan keyin ham uni o‘rganish to‘xtamaydi. Obrazli qilib aytganda, eng ko‘p o‘rganilgan ham bosh miya, eng kam o‘rganilgan ham bosh miya! Quyida asab sistemasi va ruhiyatga oid qator ma’lumotlarni keltirib o‘tamiz.

Bosh miya katta yarim sharlari
qanday tuzilgan?

Bosh miya 2 ta – o‘ng va chap yarim shardan iborat. Uning chap yarim sharida nutq markazlari joylashgan. Shuning uchun ham bosh miyaning chap yarim sharida so‘z bilan bog‘liq barcha tafakkur operatsiyalari bajariladi. Bosh miyaning o‘ng yarim shari ob’yektlarning fazoviy joylashuvini tahlil qilish uchun javob beradi. Masalan, atrof-muhitdagi uylar, daraxtlar, mashinalar, haykallar va boringki, har qanday shaklga ega bo‘lgan ob’yektlarning shakl-shamoyilini tahlil qiladi. Demak, bosh miyaning o‘ng yarim shari dunyoni so‘z ishtirokisiz idrok etadi va bu yerda ko‘rish analizatorining ahamiyati katta.
Chap yarim shar esa so‘z bilan ifodalangan ma’lumotlarni idrok etadi. Obrazli qilib aytganda, chap yarim shar asosan so‘z bilan, o‘ng yarim shar esa ko‘z bilan dunyoni anglaydi. Bu uyg‘unlik saqlangan bo‘lsa, insonning xotirasi ham mustahkam bo‘ladi.
Siz ko‘rayotgan geometrik shakllarni qabul qilib olish ham o‘ng yarim sharning vazifasi. Lekin har qanday fazoviy jismlar yoki geometrik shakllarni so‘z bilan ifodalab berish talab qilinsa, bu yerda chap yarim shar yordamga keladi. Demak, chap yarim sharning tili bor.
Biroq hozir men keltirib o‘tgan ma’lumotlar o‘naqaylar uchun xos. Chapaqaylarda esa nutq markazlari bosh miyaning o‘ng yarim sharida joylashgan. Demak, chapaqaylarda chap yarim shar bajaradigan aksariyat funksiyalar o‘ng yarim shar zimmasiga yuklatilgan.
Bundan tashqari, ambidekstrlar, ya’ni oliy ruhiy funksiyalarni bajarishda miyaning ikkala yarim shari bir xilda ishtirok etadiganlar ham bor. Bundaylar ikkala qo‘li bilan ham bir xil ishlay oladigan kishilardir. Biroq bu degani ikkala qo‘li bilan ham yoza oladi degani emas. Masalan, ambidekstr yozganda qalamni o‘ng qo‘liga olsa, non kesganda chap qo‘lini ishlatadi. «Toza» chapaqaylar 10-15 foiz atrofida. Ambidekstrlarda nutq funksiyasini bajarishda bosh miyaning ikkala yarim shari ham ishtirok etadi. Shuning uchun ambidekstrlarda insult sababli nutq buzilsa, u tez tiklanadi.

Neyron nima?

Nerv hujayralari neyron deb ataladi. Barcha a’zolar hujayralardan tashkil topgani kabi, nerv sistemasi ham hujayralardan iborat.
Bosh miya katta yarim sharlari po‘stlog‘ida 14 milliard hujayra, ya’ni neyron bor. Neyronlar har xil tuzilishga ega. Neyron tanasi kulrang, undan chiquvchi tolalar esa oq rangda bo‘ladi. Neyronning bitta uzun tolasiga akson deb aytiladi. Akson orqali neyron tanasidan impuls­lar boshqa neyronlarga va to‘qimalarga uzatiladi. Neyrondagi boshqa bir qancha o‘siqchalar esa dendrit deyiladi. Dendritlar neyronga impulslar olib keluvchi tolalardir. Bosh miya­ning po‘stloq qismi kulrang tusda bo‘ladi. Po‘stloqda insonning barcha faoliyatini boshqaruvchi markazlar joylashgan. Bular harakat, sezgi, nutq, ko‘rish, eshitish, hid bilish, ta’m bilish kabi markazlar. Ular analizator nomi bilan ham yuritiladi. Boshqa neyronlardan farqli o‘laroq, po‘stloq neyronlarining aqli bor! Demoqchimanki, ular nafaqat harakat va sezgi, balki aqliy faoliyatda ham ishtirok etadi. Shuning uchun ham insonning bosh miyasi zararlansa, aqliy faoliyat ham buziladi. Orqa miya yoki periferik nervlar zararlansa, aqliy faoliyat o‘zgarmaydi.

Analizator nima?

Analizator deganda, tashqi ma’lumotlarni qabul qiluvchi, qayta ishlovchi va javob reaksiyasini saqlovchi nerv tuzilmalari tushuniladi. Nerv sistemasida ko‘rish, eshitish, ta’m bilish, hid sezish, umumiy sezgi, harakat va nutq analizatorlari farq qilinadi.


Analizatorlar markazi bosh miya po‘stlog‘ining turli sohalarida joylashgan. Masalan, ko‘rish analizatori ensa, eshitish analizatori chakka, harakat analizatori peshona, sezgi analizatori tepa bo‘lagida, nutq analizatorlari esa chakka va peshona bo‘laklarida joylashgan. Agar nutq analizatori zararlansa, nutq buziladi, harakat analizatori zararlansa, falajlik rivojlanadi, eshitish analizatori zararlansa, inson eshitmaydigan bo‘lib qoladi va hokazo.

Bosh miyaning ichida
nima joylashgan?

Yana o‘qing:  HAYOTIMIZ QUVONCHI – bolajon kamqon bo‘lsa...

Bosh miya po‘stlog‘ini neyronlardan iborat dedik. Ularning tolalari bosh miyaning ichki qismini tashkil qiladi. Neyron tanasi kulrang tusga ega bo‘lsa, uning tolalari oq rangga ega. Neyron tolalari orqali impulslar o‘tkazib turiladi. Biroq bosh miyaning qoq o‘rtasida ekstrapiramidal sistema deb atalmish tuzilmalar mavjudki, ular ham inson harakati faoliyatini boshqarishda muhim ahamiyatga ega. Bu tuzilmalar po‘stlog‘osti yadrolari deb ataladi.


Ular ham kulrang tusda bo‘ladi. Bu yirik yadrolar millionlab neyronlardan iborat. Ularda harakat faoliyatida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir qator mediatorlar ishlab chiqariladi. Bularning ichida dofamin moddasi o‘ta ahamiyatlidir. Agar dofamin moddasi yetarli darajada ishlab chiqarilmasa, Parkinson kasalligi rivoj­lanadi. Miyaning ichki qismida joylashgan bu tuzilmalar inson his-tuyg‘ularini belgilab berishda ham muhim ahamiyatga ega. Obrazli qilib aytganda, bosh miya po‘stlog‘i aql-zakovat, miyaning ichki tuzilmalari esa hissiyot uchun mas’uldir.

Miyacha qanday
vazifani bajaradi?

Miyacha kalla suyagining orqa ensa chuqurchasida joylashgan bo‘lib, uning asosiy vazifasi tana muvozanatini boshqarishdir. Miyacha ham xuddi bosh miya yarim sharlari kabi ikkita yarim shardan iborat. Uni katta miyaning kichik ukasi ham deyishadi. Miyachaning ikkala yarim shari bir-biri bilan birlashgan. Ularning birlashgan bu qismi chuvalchang deb ataladi. Chunki u chuvalchang shakliga ega. Miyacha ham xuddi bosh miya katta yarim sharlari kabi tashqi tomondan po‘stloq bilan qoplangan va kulrang tusga ega. Miya­chaning po‘stloq neyronlaridan chiquvchi nerv tolalari uning oq moddasini hosil qilishda ishtirok etadi. Miyachaning oq moddasi ichida joylashgan kulrang tusdagi tuzilmalar miyacha yadrolari deb aytiladi. Ular 4 juft bo‘lib, tana muvozanati va harakatlar koordinatsiyasini boshqarishda bevosita ishtirok etishadi.
Tana muvozanati deganda, miyacha faqat to‘g‘ri yurish uchun javob berarkan deb o‘ylamang. Miyacha zararlanganda oyoq-qo‘llarda falajliklar bo‘lmasa-da, odamning bir maromdagi harakat faoliyati izdan chiqadi. Chunki qog‘ozga oddiy nuqtani qo‘yishdan tortib, to inson bajaradigan eng murakkab yirik ishlar ham (masalan, samolyotni boshqarish) miyacha ishtirokisiz amalga oshmaydi. Bizning husnixatimiz chiroyliligi, ravon gapirishimiz, ovqatlanayotganda qoshiqni bemalol og‘zimizga olib kelishimiz, qulfga kalitni tiqib bemalol ochishimiz, choynak-piyolalarni chiroyli qilib taxlab qo‘yishimiz, geometrik figuralar chizishimiz, boringki, mushak­lar ishtirokida bajariladigan har bir harakat miyacha ishtirokida bajariladi.


Miyacha zararlansa nima bo‘ladi? Mast odamning gandiraklab yurishini albatta ko‘rgansiz. Miyacha zararlansa, odam xuddi mast odamdek gandiraklab yuradi, g‘o‘ldirab gapiradi va hatto ismini ham yoza olmaydi. Uning qo‘lidan narsalar tushib ketaveradi, eshik qulfiga kalitni to‘g‘ri tiqa olmaydi, piyoladagi choyni og‘ziga olib kela olmay to‘kib yuboradi, tugmasini taqa olmaydi va hokazo. Shuning uchun ham miyacha harakat faoliyatini koordinatsiya qiladi deb aytamiz. Biroq miyacha zararlansa, odam mast kishiga o‘xshab aqlini yo‘qotmaydi. Chunki miyachada aql markazlari joylashmagan.

Orqa miya qanday tuzilgan?

Orqa miya umurtqa kanali ichida joylashgan. Uning uzunligi o‘rtacha 42-44 sm.ga teng. Yo‘g‘onligi 2 sm. atrofida! Orqa miya yo‘g‘onligi har kimning bosh barmog‘i yo‘g‘onligi qanday bo‘lsa, uning orqa miyasi yo‘g‘onligi ham shunday yoki sal katta. Insonning qo‘l va oyoqlari bilan bajariladigan barcha xatti-harakatlarini amalga oshirishda ushbu ingichka orqa miyaning o‘rni beqiyos.
Qo‘l-oyoqlar va tanamizga ko‘rsatilgan har qanday yaxshi va yomon signallar dastlab orqa miyaga boradi. U yerdan esa bosh miyaga uzatiladi. Masalan, biz qo‘limizni bexosdan qaynoq narsaga tegizsak, o‘ylab o‘tirmasdan uni darrov tortib olamiz. Bu reaksiya bir soniyaga ham yetmaydi. Chunki nerv tolalari bo‘ylab impuls bir soniya­da 50-60 m. tezlikda harakatlanadi. Sizning qo‘lingiz necha sm.? Endi u yog‘ini o‘zingiz hisob­layvering. Tizzaga nevrologik bolg‘acha bilan urganda oyoq qisqarishini hammamiz bilamiz. Refleks – bu turli tashqi ta’sirlarga organizm­ning javob reaksiyasi degani.
Refleks qanday paydo bo‘ladi? Tashqi signal terida joylashgan retseptorlar orqali qabul qilinadi va sezgi tolalari bo‘ylab orqa miyaga yetib keladi. Bu yerda sezgi impulslari harakat impulslariga aylanadi. Harakat impulslari harakat tolalari bo‘ylab qo‘llardagi muskullarga yetib keladi va Siz qo‘lingizni darrov tortib olasiz. Insonning barcha faoliyati reflektor faoliyatdir. Buni isbotlab bergan Pavlov ­Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Yana o‘qing:  Bolaga poyabzal sotib olishda...

Asab sistemasi ichki a’zolarni qanday boshqaradi?

Organizmda hech qanday a’zo yoki to‘qima yo‘qki, asab sistemasining ishtiroki bo‘lmasa. Shuning uchun ham xalq orasida «Barcha kasalliklar asabdan» degan naql bor. Buning tagida katta ma’no yotibdi. Asab sistemasi organizmning barcha faoliyatini boshqaradi va nazorat qilib turadi. Biror bir jarayon asab sistemasining ishtirokisiz kechmaydi. Ko‘z yoshi oqishi, so‘lak ajralishi, qon tomirlarda qon yurishi, terlash, siydik ajralib chiqishi kabi har qanday funksiya­lar asab sistemasining bevosita ishtiroki va nazoratida ro‘y beradi.
Asab sistemasining ichki a’zolar faoliyatini boshqaradigan qismiga vegetativ asab sis­temasi deb aytiladi. Vegetativ asab sistemasi simpatik va parasimpatik nerv sistemalariga ajratiladi. Bularning ikkalasi birgalikda ichki a’zolar faoliyatini boshqarib turadi.

Gipotalamus va gipofiz

Gipotalamus – barcha ichki a’zolar va sistemalar faoliyatini bevosita boshqaradigan miya tuzilmasi. Obrazli qilib aytganda, bosh miya inson organizmini aql bilan boshqarsa, gipotalamus ularni gormonlar yordamida boshqaradi. Gipotalamus tana harorati, arterial qon bosimi, hissiyot, moddalar almashinuvi, ya’ni oqsil, yog‘, uglevod, suv va elektrolitlar almashinuvi uchun javob beradi. Birorta ichki a’zo va sistemaning faoliyati gipotalamus ishtirokisiz ro‘y bermaydi. Gipotalamus ham o‘z vaqtida unga yaqin joylashgan gipofiz bilan birgalikda faoliyat ko‘rsatadi. Gipofizda inson organizmi uchun o‘ta muhim bo‘lgan gormonlar ishlab chiqariladi.

Bu gormonlar ahamiyati shu darajada kattaki, ular keragidan ortiqcha yoki kam ishlab chiqarilsa, hatto tana shakli ham o‘zgarib ketadi. Siz, albatta, bu haqda eshitgansiz. Agar bolaning bo‘yi o‘smay qolsa, unda gipofiz gormonlarini tekshirish kerak deb yurishadi. Chunki somatotrop deb atalmish gormon yetarli miqdorda ishlab chiqarilmasa, bolaning bo‘yi o‘smay qoladi. Bunga nanizm deb aytiladi. Aksincha, bu gormon ortiqcha ishlab chiqarila boshlasa, bola tez o‘sib ketadi, yuz va tana xunuk tarzda kattalashadi. Bu holatni akromegaliya deb atashadi.

Miya pardalari qanday vazifani bajaradi? Likvor nima?

Bosh miya ham, orqa miya ham 3 ta parda bilan qoplangan. Bular – qattiq, o‘rgimchak to‘risimon va yumshoq pardalar. Qattiq parda kalla suyagiga yaqin joylashgan, uning tagida o‘rgimchak to‘risimon parda, undan pastda esa yumshoq parda joylashgan.
Yumshoq parda mayda qon tomirlarga boy bo‘lib, miyaga yopishib turadi. Xuddi piyoz kabi yumshoq va silliq qavat bo‘lganday. Yumshoq parda ham xuddi shunday miyaga tegib turadi. O‘rgimchak to‘risimon parda bilan yumshoq parda orasida bo‘shliq bor. Bu bo‘shliqda likvor, ya’ni miya suyuqligi oqadi. Miya pardalari va likvor markaziy asab sistemasi uchun muhim himoya vazifasini bajaradi. Bir kunda miya qorinchalarida joylashgan to‘rsimon chigallar orqali deyarli 450 ml. likvor ishlab chiqariladi. Likvor har soniya tinmasdan ishlab chiqarilib va qayta so‘rilib turadi. Turli kasalliklar, ayniqsa, meningit, leptomeningit va bosh miya jarohatlarida likvor ishlab chiqarilishi kuchayib ketadi va miyaning ichki bosimi oshadi. Bolalarda esa gidrotsefaliya rivojlanadi. Bosh miya ichida suyuqlikning keskin ko‘payib ketishiga gidrotsefaliya deb aytiladi. Agar yosh bolada gidrotsefaliya rivojlansa, uning boshi kattalashib ketadi. Buni MRT tekshiruvini o‘tkazib, aniqlab olish zarur.

Bola nega siyib qo‘yadi?

Siydik ajralib chiqarilishini ham asab sis­temasi nazorat qiladi. Shu yerda tungi enurez, ya’ni tunda bola nima uchun siyib qo‘yishi haqida ikki og‘iz ma’lumot berib o‘tmoqchi edim. Bunday hollarda, odatda, ota-onalar faqat urolog­ga murojaat qiladilar. Bolani, avvalombor, nevropatolog ko‘rishi kerak.
Tagiga siyib qo‘yadigan bolalarning hammasi qotib uxlaydigan bo‘lishadi. Tunda uxlab yotgan bolaning qovug‘i siydikka to‘ladi va buning natijasida qovuqning ichki devorida joylashgan baroretseptorlar (bosimni sezuvchi nerv o‘siqchalari) qo‘zg‘aladi. Ushbu retseptorlarda paydo bo‘lgan signallar orqa miyada joylashgan tos funksiyalarini nazorat qiluvchi markazga uzatiladi. Bu yerda signallar qayta ishlanib, bosh miyaga uzatiladi. Bosh miyaga signal yetib kelgach, bola uyg‘onishi kerak. Chunki qo‘shimcha ravishda kelgan har qanday signal bosh miyada qo‘zg‘alish o‘chog‘ini hosil qiladi va buning natijasida uxlab yotgan odam uyg‘onadi. Masalan, qattiq tovush eshitsangiz, biror joyingiz og‘rib qolsa, soat jiringlasa yoki yomon tush ko‘rsangiz uyg‘onib ketishni bunga misol qilish mumkin.
Biroq bola uxlab yotaveradi. Orqa miya esa bosh miyadan javob olmaguncha unga «Bolani uyg‘ot» deb signal yuboraveradi. Bosh miya esa shirin uyquda! Buyrak esa siydik ajratib chiqarib, qovuqni to‘ldirish bilan ovora. Qovuq siydikka to‘lib, yanada kattalashaveradi. Baroretseptorlar esa orqa miyaga tinmay signal yuboraveradi. Orqa miya ham bu signallarni o‘sha zahoti tinmay bosh miyaga yetkazaveradi. Endi bu SOS signaliga aylanadi! Bosh miya esa hamon shirin uyquda. U hech qanday signallarni qabul qilmayapti. Hech qanday iloji qolmagan orqa miya qovuq bilan «til biriktirib», bolani siydirish haqida o‘zlari «qaror qabul qilishadi» va uxlab yotgan bola to‘shakka siyib yuboradi. Qovuq siydikdan bo‘shaganligi haqida orqa miyaga yana signal yuboradi. Orqa miya bu signalni yana bosh miyaga jo‘natadi. Endi bosh miyaga signal nafaqat bo‘shagan qovuqdan, balki to‘shakdagi siydikka bo‘kkan terida joylashgan retseptorlardan ham yuboriladi. Ketma-ket kelib turgan signallardan bosh miya uyg‘onib ketadi. Biroq endi kech edi!
Agar enurez yengilroq bo‘lsa, bola tagiga siygandan keyin uyg‘onib ketadi. Og‘ir kechuvchi enurezlarda bola tagiga siysa ham uxlab yotaveradi. Bola faqat uyquga to‘ygach yoki onasining baqir-chaqiri va yumshoq joyiga tekkan shapaloqdan uyg‘onadi.

Xo‘sh, tagiga siyadigan bolaning qattiq uxlash sababi nimada? Yoki nima uchun ba’zi bolalarda enurez bir necha yillab davom etadi? Bola aslida uzog‘i bilan 2-3 yoshdan keyin tagiga siymasligi kerak. Enurezning sabablari ko‘p bo‘lib, ularni umumlashtirib oladigan bo‘lsak, bosh miya va orqa miya tuzilmalarining funksional jihatdan yaxshi takomillashmaganidir. Tagiga siyib qo‘yadigan bolalarda markaziy asab sistemasida qo‘zg‘alish va tormozlanish jarayonlari juda sust rivojlangan bo‘ladi. Bosh miya tomondan signallarning qabul qilinmasligi yoki bu signallarning bosh miyada yetarli darajada qo‘zg‘alish hosil qila olmaslik sababi ana shunda.


Enurez bilan kasallangan bolalarning deyarli barchasida nevrasteniya belgilari aniqlanadi, ular o‘ta injiq bo‘ladi. Aksariyat bolalar esa jismoniy nimjon ham bo‘lishadi. Ularning ota-onalari ham yoshligida enurezdan aziyat chekkan bo‘ladi.
Shaharlik yoki «dom»da yashaydigan bolalarda enurez ko‘p uchraydi. Chunki, ular toza havoda kam bo‘lishadi, juda ko‘p vaqtini televizor va kompyuter ekranlari oldida o‘tkazishadi, qo‘l telefonlarini ko‘p o‘ynashadi. Demak, enurezning oldini olishda va hattoki davolashda faol jismoniy harakatlarning o‘rni juda katta. Shu yerda muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanadigan bolalarda enurez umuman uchramasligini aytib o‘tmoqchi edim.
Enurezni davolash kerakmi? Ba’zida enurezni masxus davolash talab qilinmaydi. Biroq bolani albatta vrachga ko‘rsating. Agar bolangizda enurezga sababchi bo‘luvchi jiddiyroq kasallik topilmasa, uni sport to‘garaklariga bering. Hatto velosiped haydaydigan yoki yaxshigina futbol o‘ynaydigan bolalarda ham tagiga siyib qo‘yish kam kuzatiladi yoki enurez yo‘qolib ketadi. Nima uchun? Chunki yugurish va velosiped haydash tos a’zolari faoliyati bilan bog‘liq orqa miya­dagi markazlarning qo‘zg‘aluvchanlik faoliyatini kuchaytiradi va chiniqtiradi.

Ko‘pincha mendan enurez bilan xastalangan bola katta bo‘lganda jinsiy zaif bo‘ladimi deb so‘rashadi. Yo‘q! Biroq bola hadeb tagiga siyaversa, uning jinsiy a’zolari shamollab qolishi mumkin. Bolani albatta nevropatologga ko‘rsatib, davolatish kerak. Bemorni qanday davolashni vrach individual tarzda hal qiladi.

Zarifboy IBODULLAYEV,

Yana o‘qing:  “Kichkina demang bizni...” yoki gripp va O‘RVI tarixidan

“Asab va ruhiyat” ilmiy-tibbiy markazi direktori,

tibbiyot fanlari doktori,

professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: