O‘zbek xalq bolalar o‘yinlari

Xalq dahosi yaratgan bolalar o‘yinlari asrlar davomida navqiron naslni chiniqtirish va tarbiyalash vazifasini o‘tab kelmoqda. Ularda xalqning an’anaviy turmush tarzida sinalgan, o‘zbekona milliy ruh bilan yo‘g‘rilgan jismoniy-tarbiyaviy va ma’naviy axloqiy qarashlar o‘z aksini topib, bolalarning ijodkorlik salohiyatlari namoyon bo‘ladi.
Zero, bola “…o‘ynab zavq oladi, o‘ynab kurashga tushadi, o‘ynab mag‘lubiyat alamini tortadi, o‘ynab g‘oliblik nashidasini suradi, o‘ynab o‘rganadi, o‘ynab kashf etish va ijod qilish ilmini o‘zlashtiradi, o‘ynab kuylaydi, o‘ynab hamdardlik va hamkorlik tuyg‘usini tuyadi, o‘ynab birlashadi va birlashmoq manfaatdorligini his qiladi, hatto o‘ynab judo bo‘ladi, yolg‘izlanadi va yakkalik iztirobini tortadi…”. O‘ynab harakat qiladi, fikrlaydi. Ham jismonan, ham ma’nan sog‘lom bo‘ladi. Ha, xalq o‘yinlari – bolalar uchun hayot maktabi. Ular sabab hayotga tayyor bo‘ladi, irodali, o‘z yo‘lini topadigan shaxs bo‘lib yetishadi. Lekin…
Bugungi kunda ko‘pchilik farzandlarimiz telefonda yoki turli internet kafelarda shavqatsizlik jo bo‘lgan o‘yinlarni o‘ynash bilan mashg‘ul bo‘lib, diydasi qotib ketmayaptimi? Tinimsiz ekranga tikilib o‘tirib ko‘zi tolishi, asabi charchashi ortidan injiqlashib, atrofi va atrofidagilarga befarq bo‘lib qolmayaptimi? Harakatsizlik esa ham jismonan, ham ma’nan zarar yetkazib qo‘ymayaptimi? Savollar ko‘p. Javob esa…
Ana shu yerda esa asrlar osha yetib kelgan xalq o‘yinlari bizga yordamga keladi. Farzandlarimiz ongiga buning ahamiyatini singdirsak, shunday o‘yinlar bilan ulg‘aytirsak Vatanga muhabbat, mehr-oqibat, ota-onaga hurmat, do‘stga sadoqat, rostgo‘ylik, fidoyilik, omonatni ko‘z qorchig‘idek saqlash kabi bir qator tushunchalar qalbidan mustahkam o‘rin olishi shubhasiz. Shu maqsadda gazetada alohida rukn tashkil etib bolalar o‘yinlari, ularni o‘ynash qoidalari haqida berib borishni joiz topdik. O‘ylaymizki, bu aziz mushtariylarimizga manzur bo‘ladi, albatta.

QUVLASHMACHOQ

O‘yinda asosan to‘rt-beshta bola qatnashadi. Oldin chek tashlanadi, nechta bola bo‘lsa, shuncha raqamlar alohida qog‘ozlarga yozilgan bo‘ladi. Eng keyingi raqam kimga tushsa, o‘sha quvlaydi, qolganlari esa qochadi. Qochayotganda har bir bola tutqich bermaslikka intilib, quvong‘ichga qarab shovqin solgan holda shunday deydi:
Baliqchi, baliqchi,
Bizni tutib ko‘ring-chi!
Yoki:
Laka-lak, lak-laka-lak,
Shamolda uchdi kapalak.
Qochishing, ho qochishing!
San tut bo‘lmasdan halak.
Shu taxlitda quvong‘ich mazax qilinadi.
Quvlagan kimni tutsa – nav­batdagi o‘yinda o‘sha bola bosh­qalarni quvlaydi. O‘yin shu taxlitda davom etadi. O‘yinda o‘ynovchilardan chaqqonlik talab qilinadi.

Yana o‘qing:  Jajji ko‘ngillar charog‘boni

KO‘Z BOYLAGICH

Bu o‘yinda o‘tirgan bolaning orqasidan sezdirmay kelib, uning ikkala ko‘zi shap yetib qo‘l kaftlari bilan yopib olinadi. So‘ngra ular o‘ratasida shunday savol-javob bo‘ladi.
– Buvijon, nimangiz yitdi?
– O‘ymog‘im bilan ignam yitdi.
– Bumi?
– Yo‘q!
– Bumi?
– Yo‘q!
– Man oluvdim.
Shu so‘zni ayta turib qo‘lini ko‘zdan oladi.

KIM BIRINCHI TOPADI?
Bu o‘yinda qancha bola bo‘lsa ham o‘ynayveradi. Bir bola biron narsaning birinchi harfi bilan oxirgi harfini aytadi. Masalan, “daraxt”ni “d-t” deb ketadi. Qolgan bolalar nima ekanligini topishi kerak. Birinchi bo‘lib so‘zni topgan bola g‘olib chiqadi va u o‘yinni davom ettirish navbatini oladi.

“ESHAK” MINGASH
O‘yinda ikki yoki undan ortiq o‘g‘il bola qatnashadi. Sanama aytilib, oxirida qolgan bola “eshak” bo‘ladi. O‘yin tutash tomlarda o‘ynaladi. “Eshak” baland­roq tomning bo‘g‘otini ushlab turadi. Boshqa o‘yinchilar birin-ketin kelib unga ustma-ust mingashaveradilar. Shunda kim mina olmay yiqilsa o‘sha “eshak” bo‘lib navbatda turadi.
O‘yin shu zaylda bolalar charchaguncha davom etadi. “Eshak” mingash, asosan, bahorda o‘ynaladi.

DAVOM ETTIR…
Bu o‘yin, asosan, maktab o‘quvchilari tomonidan o‘ynaladi. O‘yinda o‘n-o‘n beshta bola qatnashadi. Ular o‘rtaga chiqib davra bo‘lib turadilar. Davradagi bolalardan biri o‘yinni boshlaydi. U biror qoida yoki maqolning yarmini aytib, yonidagi bolaga: “Davom ettir”, – deydi. Bordi-yu, u bola o‘sha qoida yoki maqolning davomini aytolmasa – o‘yindan chiqadi, davom ettira olsa, u ham biror bir qoida yoki maqolni aytib, o‘yinni davom ettirishi mumkin. Eng oxirida hamma shartlarni bajargan bola g‘olib bo‘ladi.

O‘TIR – TUR!
Bu o‘yin buyruqni teskari bajarish asosida qurilgan. Sanama orqali o‘yinboshi aniqlangach, u barchaga:
– O‘tir! – deb buyuradi. Shunda hamma sakrab o‘rnidan turishi kerak. “Tur” degan buyruq berilganda esa hamma o‘tirib olishi lozim. Kimda-kim shu buyruqlar talabini aynan ijro etsa, o‘yindan chiqariladi. O‘yin to oxirgi bola qolguncha davom etadi va g‘olib ham shu oxirida qolgan bola hisoblanadi. O‘yinda yetti-sakkizta bola qatnashadi. U bolalarni sezgirlik va xushyorlikka o‘rgatadi.

Oxunjon SAFAROV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: