Anglash hissi
Tongda uyg‘onib soat allaqachon ish vaqti boshlanib ketganini ko‘rsatayotganini ko‘rib shoshib qoldim. Keyin karonavirus sababli karantin e’lon qilingani, masofadan turib ishlashga o‘tganimiz, kecha yarim kechasigacha ishlaganim yodimga tushib, erinibgina joyimdan qo‘zg‘aldim…
Kompyuter qarshisida o‘tirib ishlarim bilan mashg‘ul bo‘lar ekanman negadir bir necha oy ilgari bo‘lgan voqea yodimga tushdi. To‘g‘ri, ishimizda mas’uliyat katta. Ayniqsa, xalq manfaati yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar har qachongidan ham ko‘p ishlashni talab qiladi.
O‘sha kuni ham ish ko‘p bo‘ldi. Xuddi hamma ish menga qolib ketgan-u, boshqalar o‘ynab yuribdi. Lekin topshiriqlarni o‘z muddatida bajarmasam bo‘lmaydi. Bu tug‘ma odat. Oxirgi ishimni tugatish ancha qiyin kechdi. Buning ustiga fikrni jamlashga imkon bermayotgan telefon qo‘ng‘iroqlaridan “mazza qilyapman”. Qo‘ng‘iroqlarga javob berarkanman iloji boricha asabiylashmay, bosiqlik bilan so‘zlayman. “Hamma bir muammo bilan sim qoqadi, hech kim qanday muammoing bor, nima yordam kerak, yaxshi yuribsanmi, bir hol-ahvol so‘ray degandim”, demaydi degan o‘y miyamda aylanadi. Oxiri bo‘lmadi. Asablar dosh bermadi. Aksiga olib shu vaqtga yaqin tanishim to‘g‘ri kelib qoldi. U qo‘ng‘iroq qilib o‘zining “men uchun oson, u uchun qiyin” muammosini aytib maslahat so‘ragan edi, arzimas sabab xafa kilib kuydim. Bu odatiy hol, har kim bilan bo‘ladigan holat-ku” deyishingiz mumkin, lekin men bunday hisoblamayman. Chunki inson qanday vaziyatda bo‘lmasin unga kimdir ishi tushib, buning ustiga maslahat so‘rab murojaat qilganda ovozini baland ko‘tarib, dashnom berishga haqli emas. Zero, kishining kimningdir maslahati, yordamiga muhtoj bo‘ladigan vaziyati bo‘lib turadi. Bu har kim bilan har mahal yuz berishi mumkin. Hech qaysi mansab-martaba insonning insonga ishi tushmasligidan kafolatlay olmaydi. Ming qo‘ylining bir qo‘yliga ishi tushibdi, deb bejiz aytilmagan. Bundan tashqari, birov har kimga ham haddi sig‘ib maslahat solmaydi. Agar bir insonning oldida kimdandir maslahat so‘rash masalasi tursa, u eng avvalo, o‘zi ishongan, hurmat qilgan, ko‘mak berishiga eng ko‘p ishongan tanishiga suyanadi. O‘zim uchun o‘rinsiz bo‘lgan muomalani qilganim charchog‘imni chiqarmadi, balki ko‘paytirdi. Unga “achchiq haqiqatlar”ni aytishga sarf qilgan vaqtim va quvvatimning yarmini sarf qilib maslahat bersam ishi bitardi, men esa savobli bo‘lardim. Buning ustiga so‘ragan maslahati mutlaqo o‘rinli ekanligini eslasam noo‘rin muomalamdan battar hijolat chekaman.
Qiziq, bu voqeani o‘sha kunning o‘zida unutgandim-ku, nega endi hozir yodimga tushdi? Nega endi aynan hozir tahlil qilyapman? Ha, chunki ish bilan bo‘lib, buni o‘ylab ko‘rishga ham vaqtim bo‘lmagan… Endi karantin. Ishlar kamaygan. Buning ustiga masofadan ishlayapman. Shu sababli bu kabi “arzimagan” voqealarni tahlil qilish imkoni tug‘ilgan. Yaxshi bo‘ldi. Hozirgi mulohazam kelgusida yana shunaqangi noo‘rin munosabatlar bo‘lmasligiga zamin yaratadi.
Nimadir telefondan o‘sha tanishimning nomerini terishga undadi. Kechirim so‘raganimdan so‘nggina ko‘nglim taskin topdi…
Shu o‘rinda miyamga bir fikr keldi. Karantin hayot tashvishlarini bir zum unutib, o‘zaro munosabatlar, mehr-oqibat kabi muhim qadriyatlar haqida fikr yuritish imkonini berayotgandek go‘yo…
Muyassar BO‘TAYOROVA,
Mirzo Ulug‘bek tumanidagi
308-maktabning ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi