El salomatligi fidoyilari

Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2006 yil 12 sentyabrda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Tibbiyot xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi mamlakatimizda shifokorlar bayrami sifatida keng nishonlanadi.

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida ushbu sanaga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirga tegishli davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar, shifokorlar taklif etildi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri A.Alimov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar inson manfaatlarini muhofaza qilish, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish va xalqimiz salomatligini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.

Mustaqillik yillarida bu boradagi vazifalarni hayotga tatbiq etishning mustahkam huquqiy asosi yaratildi. Tibbiyot tizimini isloh etishga oid bir yuz ellikka yaqin qonun va qonunosti hujjati qabul qilinib, ularda belgilangan chora-tadbirlar amaliyotga izchil joriy etilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2011 yil 28 noyabrda qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori xalqimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati va samaradorligini yanada yuksaltirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Izchillik bilan amalga oshirilayotgan tibbiy-ijtimoiy islohotlar samarasida xalqimizga jahon andozalari darajasida birlamchi tibbiy-profilaktika, shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘lami yildan-yilga kengaymoqda.

“Sog‘lom ona – sog‘lom bola” konsepsiyasini hayotga tatbiq etish jarayonida xotin-qizlarni chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, homilador ayollarni polivitaminlar bilan ta’minlash, ona-bola skrining xizmatini rivojlantirish, neonatal va perinatal yordamni samarali tashkil etish, oilada tibbiy madaniyatni yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Investitsiya dasturlari doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli rekonstruksiya va qurilish ishlari tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash va sohada jahon tibbiyotining yangi texnologiyalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Obod turmush yilida joylarda bir yuz qirq oltita tibbiyot muassasasida qurilish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Mazkur tadbirlar xalqimizning tibbiy xizmatdan bahramandligini oshirish, aholi salomatligini mustahkamlashda o‘z samaralarini berayotir.

Mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan ana shunday keng ko‘lamli tibbiy islohotlar natijasida aholining o‘rtacha umr ko‘rish ko‘rsatkichi uzaydi. Onalar va bolalar o‘limi uch baravar kamaydi.

Yana o‘qing:  Yo‘l chiroq

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida erishilayotgan bunday yuksak yutuqlar xalqaro miqyosda ham keng e’tirof etilmoqda. Jahon Sog‘liqni Caqlash Tashkiloti tomonidan O‘zbekistonning onalik va bolalikni muhofazalashga oid milliy modeli taraqqiy etgan mamlakatlarga namuna sifatida tavsiya etilgani bunga yorqin misoldir.

Mamlakatimizda tibbiyot sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida ushbu sharafli va mas’uliyatli kasb egalari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratilmokda.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida tibbiyot xodimlarining malaka va mahoratini oshirish, sohada orttirilgan ilg‘or tajribani ommalashtirish borasida qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. “Eng namunali qishloq vrachlik punkti”, “Eng namunali oilaviy poliklinika”, “Eng yaxshi umumiy amaliyot vrachi”, “Eng yaxshi patronaj hamshirasi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkazib kelinayotgan an’anaviy tanlov shunday loyihalardandir.

Tadbirda ushbu tanlovning 2013 yildagi g‘oliblari e’lon qilindi.

Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi “Jambul” qishloq vrachlik punkti “Eng namunali qishloq vrachlik punkti” nominatsiyasi bo‘yicha birinchi o‘rinni egalladi va “Damas” avtomashinasi bilan taqdirlandi.

Marg‘ilon shahridagi 1-oilaviy poliklinika “Eng namunali oilaviy poliklinika” deb topildi. Sirdaryo viloyati Boyovut tumani 1-Boyovut 2-bo‘lim qishloq vrachlik punkti mudiri Gulchehra Nazarova “Eng yaxshi umumiy amaliyot vrachi”, Namangan viloyati Chust tumanidagi “Karkidon” qishloq vrachlik punkti patronaj hamshirasi Nasiba Sultonova “Eng yaxshi patronaj hamshirasi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib bo‘ldi. Tanlov g‘olib va sovrindorlariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

– Qishlok vrachlik punktimiz uch ming nafarga yaqin aholiga xizmat ko‘rsatadi, – dedi Navoiy viloyati Navbahor tumanidagi “Jambul” qishloq vrachlik punkti shifokori Lola Qurbonova. – “Salomatlik” loyihalari doirasida yangi tibbiy texnologiyalar bilan jihozlangan shifo maskanimizda tibbiy-profilaktika ishlarini yuqori saviyada tashkil etish uchun barcha sharoit yaratilgan. Shifokorlar va patronaj hamshiralarimiz xonadonlarda bo‘lib, kasalliklarning oldini olish, sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish ishlarini muntazam olib borayotir.

Bayram tadbirida konsert dasturi namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.

Bahor XIDIROVA,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: